Orolbo‘yi o‘rmonzorlari 2,3 million gektarga yetkaziladi

06.07.2023, 12:07

Orolbo‘yi o‘rmonzorlari 2,3 million gektarga yetkaziladi

O’zLiDePdan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ishonchli vakili Bayrambay Otemuratov  mo‘ynoqlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, hudud faollari,  tuman Kengashi deputatlari,  keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ishonchli vakil ishtirokchilariga Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida vatanimizni yanada ravnaq toptirishga, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratishga yo‘naltirilgan maqsadlar, vazifalar ilgari surilgani haqida ma’ruza qildi.

Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturida ilgari surilgan tashabbuslar, puxta o‘ylangan rejalar, yangi g‘oya va maqsadlar,  xususan sohalar bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, saylovoldi dasturida suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilishga alohida urg‘u berilgan. Jumladan, suv tejaydigan texnologiyani joriy qilgan fermer va dehqonlar yanada rag‘batlantiriladi. Bunga 10 foizli kredit ajratish, o‘z hisobidan joriy qilganlarga esa, xarajatning 50 foizini qoplab berish tartibi joriy etilishi qayd etilgan. “Yashil makon” umummilliy loyihasini yanada kengaytirish nazarda tutilmoqda. Bunda barcha aholi maskanlari, mahallalarda “yashil maydonlar”ni ko‘paytirish uchun yiliga 400 milliard so‘m ajratib borilishi ta’minlanadi. Barcha davlat idoralari, korxonalar, oliygohlar o‘zlarining “yashil bog‘lari”ni tashkil qilishi ta’minlanadi.

Yangi uy-joy qurishda pudratchilarga “yashil hudud” va avtoturargoh barpo etish majburiy talab qilib qo‘yiladi. Qolaversa,  2030 yilgacha respublikada ko‘kalamzorlik darajasini 18 foizdan 30 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlar kelgusi yetti yilda 1,6 million gektardan 2,3 million gektarga yetkaziladi. Barcha qishloq va shaharlar qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash xizmatlari bilan 100 foiz qamrab olinadi, ularni qayta ishlash esa kamida 65 foizga yetkaziladi.

Ishonchli vakil so‘zi yakunida barchani partiyamizdan nomzod  Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqirdi.

O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi

matbuot xizmati

Teglar
Saylov 2023
  • Ko'rildi
    1460
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+