Islohotlar davom etadi – yangi O’zbekiston yangi marralarga intilmoqda

17.07.2023, 11:15

Islohotlar davom etadi – yangi O’zbekiston yangi marralarga intilmoqda

 Shu yilning 14 iyuli  xalqimiz, jumladan, partiyamiz elektorati, faollari orziqib kutgan, mamlakatimiz taraqqiyotida navbatdagi, yanada yuksak  bosqich boshlangan kun sifatida yangi O’zbekiston tarixiga muhrlanadi. Zero, bir hafta avval mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida 87,05 foiz ovoz bilan xalqimiz ishonchi va mehriga sazovor bo‘lgan muhtaram Prezidentimiz O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida Prezidentlik lavozimiga kirishish oldidan tantanali qasamyod qabul qildi.

Mazkur marosimda davlatimiz rahbari  nutq so‘zladi. 

“... Bugun yelkamga qanday ulug‘vor mas’uliyat olayotganimni, Vatanimiz mustaqilligi, 36 milliondan ziyod aziz xalqimning tinchligi va farovonligi uchun shaxsan javobgar ekanimni yurak-yuragimdan his etib turibman.Mana shunday yuksak ishonch uchun, hurmat va e’tibor uchun ko‘pmillatli, mard va donishmand xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan ta’zim qilaman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Keyingi yillarda yuz bergan hayotbaxsh o‘zgarishlar, yangilanishlarga guvoh bo‘layotgan yurtdoshlarimiz Prezident saylovida to‘g‘ri tanlovni amalga oshirganliklarini yana bir karra chuqur his etdilar. 

Prezidentimiz o‘z so‘zida barchamizni yanada qat’iyat va shijoat bilan ishlashga undadilar:Xalqimizning bizga bildirgan yuksak ishonchi barchamizdan – deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir yurtdoshimizdan belimizni yanada mahkam bog‘lab, avvalgidan ikki-uch karra ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab etadi”.

Mamlakatimiz rahbari O’zbekiston uchun kelgusi yillar siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘lishini ta’kidladi.

Xususan, partiyamiz asosiy elektorati sanalgan, tadbirkorlik yanada keng quloch yozishidan manfaatdor ishbilarmonlar, fermerlar uchun yaqin istiqbolda imtiyozlar, yengilliklar berish siyosati izchil davom ettiriladi. Soliq tizimini soddalashtirish va barcha tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, kelgusi yillarda biznes uchun qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanmadan olinadigan va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar oshirilmasligi qat’iy kafolatlanadi. Vaqtida soliq to‘layotgan korxonalarda qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish muddati bir kun etib belgilanib, soliq tekshiruvlari o‘tkazilmasdan ularga  davlat xaridlarida ustunlik beriladi. Shuning barobarida “Ochiq muloqot”lar orqali biznes muammolarini hal qilish, biznesga noqonuniy aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik va xususiy mulk daxlsizligi borasida yo‘lga qo‘yilgan ishlar qat’iy davom ettiriladi.

Tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlanishining qanchalik muhimligini hamma yaxshi tushunadi. Ayniqsa, iqtisodiy taraqqiyotni tadbirkorlarning faoliyatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Tadbirkor nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi, yangi ish o‘rinlari tashkil etib, aholi  bandligini ta’minlaydi. Tadbirkorlik rivojlansa, jamiyat barcha jabhalarida o‘zgarish, rivojlanish bo‘ladi, odamlar hayotdan ko‘ngli to‘lib, ruhi ko‘tarilib, yangi-yangi marralarga intiladi.

 Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar zamirida ham xalqimiz roziligi, turmushi farovonligini oshirish maqsadi mujassam. Zero, dehqon emin-erkin, bemalol ishlasa, el dasturxoni to‘kin bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotgan fermerlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizini qaytarish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi ularni rag‘batlantiruvchi kuchli omilga aylanadi. 2030 yilgacha qishloq xo‘jaligida bir gektardan olinadigan o‘rtacha daromadni 3 ming dollardan 5 ming dollarga yetkazish, hosildorlikni paxta bo‘yicha o‘rtacha 45-50 sentnerga, g‘alla bo‘yicha – 80-85 sentnerga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilishi har bir yer egasiga kuch va ishtiyoq bag‘ishlayapti.

Qo‘shimcha 300 ming gektar maydonlar o‘zlashtirilib, ularda intensiv bog‘ va uzumzorlar tashkil etilishi boshqa tarmoqlar rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hajmini hozirgi 8 foizdan 25 foizga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olinishi esa, jumladan, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga turtki beradi.

Agrotarmoqda 2,5 million tonna quvvatga ega bo‘lgan 100 ta yangi logistika markazini ishga tushirish, sohada eksport hajmini yiliga 10 milliard dollarga yetkazish choralari ko‘rilishi, qishloq xo‘jaligiga 15 milliard dollar investitsiyalar jalb etilishi sohani yangi bosqichga olib chiqadi.

Mazkur vazifalar tadbirkorlarimiz hamda qishloq mulkdorlari istak-intilishlariga g‘oyat hamohang.

Shu o‘rinda  suv taqchilligining oldini olish bo‘yicha ham talay ishlar rejalashtirilayotganini ham tilga olish zarur. Chunki ushbu resursni tejasak, unumli foydalana olsakkina jamiki mo‘ljallarimiz ro‘yobga chiqadi.

Davlatimiz rahbari, biz faqat dehqonchilik bilan kun ko‘radigan mamlakat bo‘lib qolmasligimiz kerakligi, atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda, ishlab chiqarish industriyasi kuchli darajada rivojlangan mamlakatga aylanishimiz zarurligi, bu borada yirik dasturlar qabul qilingani, ular albatta amalga oshirilishini qayd etdi. Biz nafaqat mohir paxtakor va bog‘bonlar o‘lkasi, balki IT bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar, injener va energetiklar, konchi va metallurglar, fizik va kimyogarlar mamlakati bo‘lishimiz kerakligini ta’kidladi. Prezidentimiz ayni masalada yoshlarga tayanishini gapirib o‘tdi. Endilikda yoshlarni bilimli, barkamol etib voyaga yetkazishga e’tibor avvalgidan-da kuchayadi, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.

Pirovardida shuni aytishni istardikki, partiyamiz Yangilangan Konstitutsiyamiz, Prezidentimiz saylovoldi dasturida belgilangan shu kabi  ustuvor maqsad va vazifalar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish va tushuntirish ishlariga kirishmoqda. Va, albatta, O’zLiDeP xalqimiz Vatanimiz yanada gullab-yashnashiga qaratilgan ishlar amalga tatbiq qilinishiga munosib hissa qo‘shadi.

 Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    119
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+