Deputat zominlik nogironligi bor yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatdi

18.07.2023, 10:19

Deputat zominlik nogironligi bor yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatdi

Ma’lumki, yoshlarga bo‘lgan e’tibor mamlakatimizda davlat siyosatining ustivor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayni paytda yurtimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, mehnat bozoriga har yili 600 ming yoshlar kirib kelmoqda. Yaqin o‘n yilda bu raqam 1 millionga  yetishi kutilmoqda.

Bu esa yoshlarga sifatli ta’lim berish, kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlashga yanada katta e’tibor qaratish lozimligini anglatadi. Chunki, zamonaviy ilm-fan asoslarini o‘zlashtirgan, eng ilg‘or texnologiyalarini mukammal o‘rgangan yigit-qizlargina, raqobat kundan kun kuchayib borayotgan mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topib keta oladilar.

Ayni paytda bu boradagi ishlarni aniq va manzilli tashkil etish maqsadida yurtimizdagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 9 million nafar o‘g‘il-qiz, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan yoshlar alohida e’tiborga olingan.

E’tiborli tomoni, joylarda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarda mahalliy kengashlardagi maslakdosh deputatlarimiz ham alohida jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Boy hayotiy va siyosiy tajribaga ega ana shunday maslakdoshlarimizdan biri – xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati Erkin Xolmatov o‘zi saylangan 36-“Navoiy” saylov okrugi hududidagi Navoiy, “Gulshan” QFY, “Nurlikent”, “Qo‘shtol”, “Yoshlik” va “Peshag‘or” MFYlarda istiqomat qilayotgan yoshlar bilan muntazam muloqotda bo‘lib, ularning quvonchi tashvishi bilan hamnafas bo‘lib kelayotgan xalq noiblaridan biri.

Yaqinda deputat boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan mahallalarda xonadonma xonadon yurib, mazkur mahallalarda istiqomat qiluvchi nogironligi bor yoshlarning hayoti, muammolari, qiziqishlari o‘rganildi. Muloqotlar chog‘ida yoshlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar umumlashtirildi, muammoli masalalar yuzasidan qilingan murojaatlar alohida deputatlik nazoratiga olindi.

O’rganishlar chog‘ida garchi nogironligi bo‘lsa-da, kasb o‘rganib, o‘zlarini o‘zlari bandligini ta’minlashga urinayotgan va halol mehnati bilan atrofdagilarga ham ko‘magim tegsin, deb yashayotgan yigit-qizlar bilan muloqotlar qizg‘in tus oldi.

Ulardan biri - “Navoiy” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi II-guruh nogironi Gulnora Rahmatova tikuvchilik bilan shug‘ullanar ekan. Qisqa muloqot chog‘idayoq, qiyinchiliklardan cho‘chimaydigan, nolib emas, intilib yashayotgan  mehnatkash bu qiz ko‘pchilikning mehrini qozonib ulgurdi. Uning eski tikuv mashinkasi o‘rniga yangisi olib beriladigan bo‘ldi.  Albatta, bitta tikuv mashinkasi olib berish bilan ish bitmaydi. Shu sababli, deputat, mahalla faollari bilan birgalikda Gulnoraning tikuvchilik kasbi bilan shug‘ullanib, daromad topishi uchun zarur bo‘lgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishga ham kelishib olishdi.

II-guruh nogironlari - Amirbek Qaysarov va Mirhayot Hakimovlar esa o‘zlari qiziqqan axborot texnologiyalari sohasi bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lishdi. Ularga deputat tomonidan zamonaviy noutbuklar taqdim qilindi.

Shuningdek, ishchi guruh a’zolari tomonidan mahalladagi “qizil ro‘yxat”ga kiritilgan yoshlar istiqomat qiluvchi xonadonlarga oziq-ovqat mahsulotlari ham tarqatildi.

Xolbek ASATOV,

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi Siysiy ta’lim va deputatlik
guruhlari bilan ishlash bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    90
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+