O’zbekiston va Ozarboyjon: azaliy va abadiy do‘stlik rishtalari

24.08.2023, 14:56

O’zbekiston va Ozarboyjon: azaliy va abadiy do‘stlik rishtalari

O’zbekiston va Ozarboyjon – tili, an’ana va urf-odatlari bir-biriga juda yaqin mamlakatlar sanaladi. Bu do‘stlikning ildizlari esa uzoq tarixdan quvvat oladi. Bugungi kunda qardosh va qondosh davlatlar o‘rtasidagi siyosiy-ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning jadal o‘sishi kuzatilmoqda. Ozarboyjonda O’zbekiston avtomobillarini yig‘ish, ipakchilik va to‘qimachilik klasterlari tashkil etilgani samarali hamkorlikka misol bo‘la oladi.

O’zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning pragmatik va istiqbolli siyosati asosan har ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasiga tayanadi. Davlatlarimiz BMT, MDH, ShHT, TDT kabi qator nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qiladi. Biroq bugungi kunda tobora kuchayib borayotgan qarama-qarshiliklar va oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan holatlar hisobga olinsa, ikki tomonlama hamkorlik eng samarali sherikchilik formati bo‘lib qolmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Ozarboyjon Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifining tarixiy ahamiyati kattadir. Ushbu tashrif doirasida O’zbekiston bilan Ozarboyjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi. Parlamentlar, hukumatlar, hududlar, tashqi siyosiy va bosh qa idoralar, tahliliy doiralar o‘rtasidagi aloqalarning faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur’atda oshib bormoqda. Qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning yana bir drayveri sifatida ikki mamlakat hududlarining imkoniyatlari maksimal darajada ishga solinadi. Hokimlar, ma’muriyatlar rahbarlari yangi kooperatsiya loyihalari va gumanitar almashinuvni ilgari surish uchun joylarda muntazam uchrashadilar.

Bizningcha, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va kengaytirish maqsadida O’zbekiston – Ozarboyjon investitsiya kompaniyasining samarali faoliyatini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar. Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, O’rta koridor orqali yuk tashishni ko‘paytirish, logistika va portlar infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish biz uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Ayniqsa, Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish hamda Boku shahri va uchinchi mamlakatlar portlarida omborxona infratuzilmasi va logistika markazlarini barpo etish choralari muhokama qilinishi ayni muddao  bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom  Aliyev O’zbekiston Respublikasi va Ozarboyjon Respublikasi o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani imzolashgani alohida tahsinga sazovordir. Yaqin yillarda uchinchi mamlakatlardan qimmat importning o‘rnini milliy ishlab chiqaruvchilarning arzon va sifatli mahsulotlari bilan bosish orqali tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini mamnuniyat bilan qayd etish joiz.

O‘zLiDeP va “Yeni Azerbayjan” (“Yangi Ozarboyjon”) (PYeA) partiyalari orasidagi hamkorlik ham davlatlararo munosabatlarning yo‘nalishlaridan biri sifatida faollashishiga ishonchimiz komil. Har ikki partiyaning ham o‘z mamlakatlaridagi barcha islohotlarda faol ishtirok etishi bo‘yicha g‘oyaviy qarashlari g‘oyat o‘xshash. Shunday ekan, O’zbekiston va Ozarboyjon davlatlari rahbarlari o‘rtasida imzolangan kelishuvlarni amalga tatbiq etishga har ikki partiya elektorati munosib hissa qo‘sha oladi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O‘zLiDeP Siyosiy Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    189
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+