Biznes ombudsman — tadbirkorlarning ishonchli himoyachisi

30.08.2023, 11:14

Biznes ombudsman — tadbirkorlarning ishonchli himoyachisi

Bugun tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashish holatlari keskin kamayganligini nafaqat statistik raqamlarda, balki tadbirkorlarning bu boradagi munosabatlarida ham ko‘rish mumkin.

Keyingi yillarda qonunchilikka tadbirkorlar va xususiy mulkning ishonchli himoyasini ta’minlashga qaratilgan muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani, G2B munosabatlarda inson omilini kamaytirish bo‘yicha erishilgan natijalar hamda tadbirkorlik faoliyati subyektlari huquqining ustuvorligi tamoyili muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlash joiz.

Shuningdek, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga qator muhim vakolatlar berilganligi, ushbu yo‘nalishda yangi institutlar tashkil topganligi tufayli tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qiluvchi organlarda ilgargidek istagan paytda o‘z xohishicha tadbirkor eshigini taqillatmasdan kirib borish imkoni yo‘q, buning uchun ularda ilgarigidek jur’at ham yo‘q.

Boisi, 2017 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (Biznes-ombudsman) tomonidan tadbirkorlik subyektlari huquqlarining ustuvorligini ta’minlash va tadbirkorlar faoliyatiga asossiz aralashish holatlariga qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

Jumladan, tadbirkorlar manfaatida sudlarga jami 24 mlrd. so‘mlik 74 ta da’vo arizasi kiritilgan, buning natijasida ular foydasiga 12,9 mlrd. so‘m undirilishi belgilangan. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan 1 ming 675 ta ta’sir choralari qo‘llanilib, tegishli idoralarga 81 ta taqdimnoma kiritildi.

Shu bilan birga, o‘tgan davr mobaynida Biznes-ombudsman tomonidan ma’muriy huquqbuzarlikka oid 1,5 mingga yaqin bayonnoma tuzilgan, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlarni o‘tkazish uchun kelib tushgan buyurtmalarning 900 ga yaqini yetarlicha asoslar mavjud bo‘lmagani sababli rad etilgan.

Zimmasiga tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik subyektlari faoliyatining tekshiruvlarini muvofiqlashtirishni hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshiruvlari o‘tkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshirish kabi juda muhim va murakkab vazifalar yuklangan Biznes ombudsman bugungi kunda tadbirkorlarning chinakam do‘stiga aylangan.

Tadbirkorlik subyektlarining Biznes ombudsmanga bo‘lgan ishonchini kelib tushgan murojaatlar soni va tarkibidan ham bilish mumkin. Xususan, 2022 yil davomida tadbirkorlarning 9 ming 850 ta murojaati ko‘rib chiqilib, shundan 48 foizi bo‘yicha tadbirkorning huquqlari tiklandi, 4 ming 616 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan.

Yuqorida keltirilgan raqamlarda ko‘rinadiki, Biznes ombudsman mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirishda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Biznes ombudsman tadbirkorlarning ishonadigan va suyanadigan eng yaqin hamkoriga aylanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda ilg‘or horijiy tajribalardan kelib chiqib biznes-ombudsman instituti ta’sis etilishi natijasida tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvini oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlashga erishildi.

Botir MARDAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    100
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+