Sog‘lom va barkamol avlod — yorqin kelajak bunyodkori

31.08.2023, 10:55

Sog‘lom va barkamol avlod — yorqin kelajak bunyodkori

Dunyoda ona uchun boladan, bola uchun onadan ulug‘ zot yo‘q. Bu ikkala tushuncha bir-biri bilan shunchalik chambarchas bog‘liqki, go‘yo et bilan tirnoqdek. Ularni hech qachon bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Zero, bola ona bag‘rida baxtli.

Mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridanoq onalar va bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa, oxirgi yetti yilda onalik va bolalikni muhofaza qilish, ularning salomatlik ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan ulkan ishlar qilindi.

Inson manfaatlari yo‘lidagi sa’y-harakatlar natijasida sog‘liqni saqlash tizimi tubdan takomillashib bormoqda. Ayni vaqtda 17 mln. nafardan ortiq ayollarga 22,3 ming o‘ringa ega 227 ta tug‘ruq muassasalari, 18 yoshgacha bo‘lgan 11 mln. nafar bolalarga 13,3 ming o‘ringa ega 245 ta pediatriya muassasalari xizmat qilmoqda.

Tibbiy-sanitariya muassasalarida “Ayollar maslahatxona”lari, tuman va shaharlardagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda “Onko-nazorat xona”si hamda “Qizlar salomatlik markaz”lari faoliyat yurityapti.

Homiladorlikning birinchi uch oyligida ayollarni ommaviy tarzda ultratovush tekshiruvi nafaqat viloyat miqyosida, balki tuman va shahar miqyosida yangi tashkil etilgan prenatal skrining xonalari orqali amalga oshirilyapti. Yurtimizning barcha hududlaridagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, prenatal skrining xonalari zamonaviy ultratovush tahlil apparati bilan jihozlangani ham bu boradagi mikoniyatlarni yanada kengaytirmoqda.

Homiladorlarni erta davrda hisobga olish 2023 yil 6 oyda 91,7 foizni tashkil qildi. Shu davrda 1,9 mln. nafar xotin-qizlar onkoskrining tekshiruvidan o‘tkazildi. 5,9 mln nafar 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollarning 662,3 ming temir va 560,5 mingfoliy preparatlari bilan bepul ta’minlandi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida oxirgi besh yilda go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi 2017 yildagi 11,5 promilledan (1000 tirik tug‘ilganlarga nisbatan) 2022 yilda 8,7 promilleni (1,4 barobar), onalar o‘limi ko‘rsatkichi 2017 yildagi 21 promilledan (100 ming tirik tug‘ilganlarga nisbatan) 2022 yilda 13,9 promilleni tashkil etib, 1,4 barobar kamaydi.

Shuningdek, eshitishi zaif va tug‘ma karlikni davolash maqsadida 2023 yil 6 oyda 5 yoshgacha bo‘lgan 164 nafar bolalarda koxlear implantatsiya amaliyotlari o‘tkazildi. Prezidentimizning 2021 yil 28 iyuldagi tegishli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda 46 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining tug‘uruq bo‘limlari negizida tumanlararo perinatal markazlar amaldagi shtatlar doirasida tashkil etildi.

2022 yil 1 iyuldan esa oilaviy shifokor punktlari va tuman hamda shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari “tibbiyot brigadalari” tarkibida 8 500 nafar patronaj hamshira-doya faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning so‘nggiga qadar homilador ayollar va bolalarga hududidan qat’i nazar, kafolatlangan bepul tibbiy xizmatdan foydalanish imkoni yaratiladi.

Yil yakuniga qadar bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarni 7 turdagi vitamin va minerallar bilan bepul ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishida takrorlanuvchi xizmat turlarini optimallashtirish ishlari olib boriladi. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Umuman olganda, keyingi yetti yilda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat onalik va bolalikni tizimli ravishda muhofaza qilish imkonini yaratdi. Natijada onalar va go‘daklar o‘limining kamayishiga erishildi. Zotan, homilador ayollar va yosh bolalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni yanada kuchaytirish millat sog‘ligini ta’minlashga katta hissa qo‘shadi.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    161
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+