Mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati

08.09.2023, 10:58

Mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati

Qayerda qonunlar xalq manfaatlariga xizmat qilsa, adolat tamoyillari asosiga qurilsa, o‘sha yurtda aholi farovon yashaydi, yurt taraqqiy etadi. Konstitutsiya esa barcha demokratik davlatlarda oliy yuridik kuchga ega hujjat hisoblanadi.

Unda davlat tuzilishi, shuningdek qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlar va sud hokimiyati vakolati, saylov tizimi, fuqaroning huquqi, burchi va majburiyati, jamiyat va shaxs, davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatga doir eng muhim jihatlar qat’iy belgilab qo‘yiladi.

Bosh qomusimiz biz uchun nafaqat nazariy-huquqiy hujjat – burch va majburiyatlarimiz majmuasi, balki hayotimizni farovon etish, o‘z haq-huquqlarimizni ta’minlash, jamiyatda qonun ustuvorligini o‘rnatishning eng hayotbaxsh manbasihamdir. U davlatning yuzi, inson huquq va erkinliklarining asosiy kafolatidir.

Shu bois, har qanday me’yoriy-huquqiy hujjat — qonun, farmon, qaror yoki boshqa bo‘ladimi avvalambor Konstitutsiyaga asoslanadi. Bu bejis emas, albatta. Zero, Konstitutsiya – davlatning asosiy qonuni bo‘lib, shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi.

Lekin uning normalarini jamiyatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilinishiga davlat boshqaruvida qonunosti hujjatlarining haddan ziyod ko‘payib ketgani va ulardan ayrimlarining bir-biriga zid bo‘lib qolishi holatlari uchramoqda.

Shu bilan birga, Konstitutsiya normalariga bevosita amal qilinmay, buning ortidan byurokratik to‘siqlar paydo bo‘layotgani kuzatilib turadi. Bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 15-moddasida Konstitutsiya mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi belgilandi.

Shu jihatdan, Oliy sudga bir qator vazifalar yuklatilgan. Bunda, Oliy sud odil sudlovni amalga oshirishda sudlar tomonidan konstitutsiyaviy normalar to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida barcha instansiya sudlari tomonidan ishlarni ko‘rib chiqishning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat sifatida qo‘llash yuzasidan yagona sud amaliyoti to‘g‘risidagi Oliy sud Plenumi qarori qabul qilinishi nazarda tutilgan.

Ayni chog‘da Oliy sud tomonidan mazkur Plenum qarori ustida ishlanmoqda. Shuningdek, Bosh qomusimizda belgilangan yangi normalarning amaliyotga to‘liq va sifatli joriy qilinishini ta’minlash maqsadida amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, odil sudlovga erishishni kengaytirish maqsadida shaxslarga sud tomonidan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etish huquqi mustahkamlandi. Bu o‘z navbatida, yangi O‘zbekistonning bugungi hayoti va ertangi taqdiri, sud-huquq islohotlari izchil amalga oshirilishi va inson huquqlari mustahkam kafolatlanishi uchun xizmat qiladi.

Mazkur norma bilan agarda biror-bir fuqaro yoki yuridik shaxsning fikricha, ularning ishi ma’muriy, jinoiy, iqtisodiy yoki fuqarolik sudlarda ko‘rilib, ishni sudda ko‘rishda birinchidan, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklari buzilayotgan bo‘lsa, ikkinchidan, Konstitutsiyaga muvofiq kelmasa, uchinchidan, sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa, to‘rtinchidan, sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa qo‘llanilgan amaldagi qonunni Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risida shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Muxtasar aytganda, bugun yangi tahrirdagi Konstitutsiya fuqarolar huquqlarini kafolatlaydigan asosiy huquqiy hujjatga aylandi. Bu esa uning boshqa qonunlar va normativ hujjatlardan ustunligini belgilaydi. Demak, barcha qonunlar va me’yoriy-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya qoidalariga zid kelmasligi kerak. Zotan, u har bir insonning yashash, erkinlik, tenglik, adolat va konstitutsiyada belgilangan boshqa ko‘plab asosiy huquqlarini kafolatlaydi.

Sardor G‘IYOSOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    198
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+