Deputat xalqaro darajadagi yuqori texnologik korxonada bo‘ldi

12.09.2023, 11:27

Deputat xalqaro darajadagi yuqori texnologik korxonada bo‘ldi

Ma’lumki, laborator diagnostika tibbiyotning asosiy qismi. So‘nggi yillarda O’zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida qator yutuqlarga erishilmoqda. Aholiga tibbiy ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning sifatini yaxshilashda laboratoriya diagnostikasi muhim o‘rin tutadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Nikolayevich Pak o‘zi saylangan Toshkent viloyatidagi saylovchilari bilan uchrashish, hududdagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar  va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida amalga oshirgan tashrifi mobaynida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ROSSA – O’zbekiston Respublikasi hududida biotexnologik mahsulotlarni yaratish buyicha eng yirik ilmiy-ishlab chiqarish majmuasida ham bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2018 yilda asos solingan mazkur korxona laboratoriya diagnostikasi sohasiga va laboratoriya diagnostikasi sohasida xalqaro darajadagi yuqori texnologik kompleksni yaratishga ixtisoslashgan ilmiy-ishlab chiqarish biotexnologik kompaniyasi hisoblanadi.

Har bir insonning individualligini zamonaviy tibbiyotning asosi deb hisoblovchi korxona O’zbekistonda birinchi bo‘lib genetik diagnostikadan hujayra va gen terapiyasini rivojlantirishgacha bo‘lgan biotexnologik mahsulotlar tizimini yaratmoqda va ishlab chiqarmoqda.

Maqsadi – sog‘liqni saqlash, veterinariya va oziq-ovqat sanoati sohasida mamlakatimizning bioxavfsizligini ta’minlash bo‘lgan korxona ilmiy-tadqiqot bazasini rivojlantirish va ilg‘or biotexnologiyalarni odamlarning kundalik hayotiga joriy etishni o‘zining asosiy vazifasi etib belgilab olgan.

Bugungi kunda 100 dan ortiq kishi faoliyat yuritayotgan korxona jamoasining yarmi yosh olimlar va tadqiqotchilar ekani, qolaversa, bu yerda O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarning iqtidorli talabalarini jalb etish hisobiga kadrlar soni bosqichma-bosqich ko‘payib borayotgani negizida juda katta salohiyat yotganini ta’kidladi.

Shuningdek, kompaniya o‘z ilmiy-tadqiqot maydonchasida yosh mutaxassislarni tayyorlayotgani Yangi O’zbekiston Farmatsevtika fani va sanoatida tub burilish yasab, soha taraqqiyotiga muhim xissa bo‘lib qo‘shilishining o‘zi katta quvonchli hodisa ekanini bildirdi.

Korxona direktori Tyan Yana Iosifovna bilan o‘zaro qizg‘in muloqot chog‘ida deputatga berilgan ma’lumotga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmi ishlab chiqarishning birinchi yilida 3 milliondan ortiq test sinovlari va sarf materiallarini tashkil etadi, keyinchalik har yili 30-40 % ga oshib boradi. Bu esa O’zbekiston bozorining tibbiyot, veterinariya va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida qo‘llaniladigan mahalliy ishlab chiqarishning zamonaviy laboratoriya diagnostika yechimlariga bo‘lgan asosiy ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, O’zbekiston biotexnologiya sektorining eksport salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.

Korxona rahbarining majmua faoliyati haqidagi ma’lumotlarini tinglab, yaqindan o‘rgangan deputat uni qiynab turgan muammolar bilan ham qiziqdi.

O’z navbatida korxona rahbari mamlakatda zamonaviy diagnostika va davolash imkoniyatlarini yanada kengaytirish borasida faoliyat yuritayotgan kompaniya har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun minnatdorchilik bildirarkan, tashkilot hali AQSh, Kanada, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi singari biotexnologik mahsulotlarni yetakchi ishlab chiqaruvchilari bo‘lgan davlatlar orasida Markaziy Osiyoda ilk bora tashkil etilgani uchun standartlashtirish yo‘nalishida ayrim muammolarga duch kelinayotganini aytib, mazkur masalalarda qonunchilikka kiritiladigan takliflarini berdi.

Deputat mamlakat farmatsevtika sanoatida muhim o‘rin tutuvchi korxona rahbarini diqqat bilan tinglarkan, mazkur masalani birgalikda bahamjihat o‘rganib, ijobiy yechim topishga va’da berdi.

Davronbek Kamoliddinov,

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputati yordamchisi

  • Ko'rildi
    97
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+