Suv iste’molida isrofga yo‘l qo‘ymaymiz!

14.09.2023, 16:53

Suv iste’molida isrofga yo‘l qo‘ymaymiz!

Global iqlim o‘zgarishi, aholi soni va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi suvga bo‘lgan talabni tobora oshirmoqda. Natijada suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga kuchayib boryapti. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi obektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha izchil va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi ham har qachongidan dolzarb bo‘lib, bu borada muayyan chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilyapti. Birgina  To‘palang suv omboridan quvur tortib, ichimlik suvi tanqis joylarga suv borishi eng katta amalga oshirilayotgan loyihalardan biri sanaladi. Vaholanki, bu loyiha voha aholisining juda katta qisimini ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Qolaversa, vohada Islom taraqqiyot banki ishtirokida kanallarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha ham loyiha tatbiq qilingan bo‘lib, natijada asosiy kanallar hajmi kengaytirilib, ularning suv o‘tkazish qobiliyati yaxshilanmoqda.

Kuni kecha davlatimiz rahbarining qarori bilan tasdiqlangan “O’zbekiston – 2030” strategiyaning uchinchi yo‘nalishida aynan suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishdek muhim vazifalar belgilangan. Jumladan, suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 mln gektargacha, shu jumladan tomchilab sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek,  tuproq qoplamali kanallarni beton qoplamaga hamda ichki sug‘orish tarmoqlarining yopiq quvurli sug‘orish tizimlariga o‘tkazish bo‘yicha yetti yillik dastur doirasida irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti ko‘rsatkichini 0,73 gacha yetkazish ham belgilangan. Albatta, suv sarfini besamar ketkazmaslik uchun uzoq muddatga mo‘ljallangan respublikaning suv resurslari balansi ishlab chiqiladi va uning ustidan doimiy tizimli  monitoring o‘rnatiladi.

Suvni qayta ishlash, yetkazish va taqsimlash tizimida bir muncha kamchiliklarimiz mavjudligi bois, bu jarayonga endilikda xususiy sektor ham jalb etiladi. Shu orqali suvni qayta ishlash va yetkazish texnologiyalari yangilanadi.

Strategiyada qo‘shni davlatlar bilan suv resurslarini integrallashgan holda boshqarish, transchegaraviy suv resurslari va davlatlararo suv xo‘jaligi ob’ektlaridan birgalikda foydalanish masalasi ham o‘rtaga tashlangan. Bu borada faol ikki taraflama manfaatli hamkorlik davom ettiriladi.

Bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish eng oqilona yo‘l bo‘lgani bois, aynan shunday texnologiyalarga ehtiyoj ortishi tabiiy. Shu bois ularni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning yillik quvvatini 300 ming gektarga yetkazish lozim bo‘ladi. Barcha ichimlik suv iste’molchilariga esa hisoblagichlar o‘rnatiladi. Yana irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish va beton qoplamali kanallar ulushini 46 foizgacha yoki 13,2 ming kilometrga oshirish ham bu borada yaxshi natija beradi.

Umuman olganda, O’zbekistonda suv resurslari uch xil maqsadga, jumladan, aholi uchun toza ichimlik suvi va ishlab chiqarish korxonalari ta’minotiga, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishga yo‘naltiriladi. Qayd etish joiz, mazkur sohalarning hammasi bir-biridan muhim va zarur.

Xo‘sh, ular uchun yetarli bo‘lgan suv resurslari qanday shakllanadi?, degan savol tug‘iladi. Ayish kerakki, daryolarda to‘planadigan suvlar, tabiiy yog‘ingarchilik, yer osti suvlari — bizning suv manbalarimizdir. Demak, o‘z-o‘zidan asosiy maqsad ana shu manbalarni to‘liq nazoratga olish, ulardan ishlab chiqarilayotgan toza suv hajmlarini ko‘paytirish, eng muhimi, suv iste’molida yuzaga kelgan tartibsizlik va isrofni yo‘q qilish bo‘ladi.

Bundan tashqari, suv manbalari O’zbekistondagi ko‘plab ekotizimlar, jumladan, daryolar, ko‘llar va suv omborlari uchun muhim ahamiyatga ega. Suv resurslariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish va ularni boshqarish biologik xilma-xillikni saqlashga, suv sifatini yaxshilashga olib keladi va ekoturizmni saqlash va rivojlantirish imkonini beradi. Strategiyada belgilangan vazifalar ham xuddi shu maqsadga xizmat qiladi.

Shu bois, suvni tejash mamlakatga iqlim o‘zgarishiga moslashish va ichimlik suvining kamayishi, yong‘in va qurg‘oqchilik xavfining oshishi kabi salbiy ta’sirni yumshatishda muhim omil bo‘ladi.

Alisher Ro‘ziyev,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi raisi,

Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    96
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+