TARIXIY ISLOHOTLAR

18.09.2023, 12:36

TARIXIY ISLOHOTLAR

Xalqchil sud-tizim yaratilishi asosi bo‘lmoqda

Oxirgi yillar hayotbaxsh va tarixiy islohotlar davri sifatida mamlakatimizning shonli tarixiga kirdi. Ayniqsa, bu borada Yangi Konstitutsiya qabul qilingani, unda inson omiliga alohida e’tibor qaratilib, uning sha’ni, qadr-qimmati ulug‘langani ham kelgusidagi ishlarning debochasi sifatida jahon jamoatchiligi tomonidan alohida e’tirof etildi. Xususan, amaldagi bosh Qomusimizda: “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir.

Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas”, deya alohida qayd etildi. Ushbu xayrli ishlar mutanosib ravishda izchil davom ettirilmoqda.

Yaqinda Muhtaram Prezidentimizning farmoni bilan kelgusidagi ulkan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda dasturilamal bo‘lishi belgilangan «O’zbekiston–2030» strategiyasi qabul qilindi. Mazkur hujjatda ham qonun ustuvorligini ta’minlash, qator ustuvor maqsad va vazifalar qatorida inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, sud-huquq tizimidagi islohotlarni yuqori darajaga olib chiqish, advokatura institutining salohiyatini tubdan oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirish, davlat organlari va mansabdor shaxslar ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish va sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish singari qator sohaga doir jihatlar ham qamrab olingan.

Xususan, ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi amaliyotini 30 foizdan, 20 foizga tushurish, sudga qadar bosqichda nizolarni hal qilish samaradorligini 50 foizga oshirish, dalillarni to‘plash va mustahkamlash faoliyatini zamonaviy texnologiyalar va so‘nggi ilmiy yutuqlarni joriy etish orqali to‘liq raqamlashtirish, advokatlar sonini kamda 2000 nafarga ko‘paytirish, aholi punktlarida ikki va undan ortiq polosaali tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘laklarini(tugmali) svetoforlar bilan ta’minlash, shuningdek, sudlar va tergov organlari faoliyatida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib, amalga oshirish imkoniyatlarini 2 barobarga oshirish belgilangan.

Albatta, sud-huquq tizimida ham jahon tajribasi asosida zamonaviy texnologiyalar, aloqa vositalari va axborot kommunakatsion texnologiyalarni joriy etish nafaqat sohada rivojlanishga turtki beradi, shuning barobarida fuqarolar uchun ham bir qator yengilliklar yaratadi. Ayniqsa, mamlakatimizning chekka hududlari aholisi uchun vaqt va mablag‘larni tejash imkonini beradi. Bu ham fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ijtimoiy adolat prinsiplari asosida qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

E’tibor qaratsak, bugun yo‘l-transport hodisalari va bunda o‘lim bilan bog‘liq holatlar ortib bormoqda. Shu boisdan ma’muriy tartib-taomillar prinsiplarini yo‘l harakatini tartibga soluvchi belgilar va ishoralarga to‘liq tadbiq etish ham «O’zbekiston–2030» strategiyasida ko‘rsatib o‘tilgan.

Yana bir muhim jihati, «O’zbekiston–2030» strategiyasida tadbirkorlik subektlariga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishlarining 100 foizida himoyachi yoki jamoat himoyachisi ta’minlashga erishish belgilangan. Shu ma’noda tadbirkorlik faoliyatiga aralashish va to‘sqinlik qilish, turli byurokratik to‘siqlar qo‘yish afsuski, tadbirkorlar orasida ko‘plab uchrab turadi. Yangi tarixiy islohotlar natijasida iqtisodiyotimizning asosiy tayanchi va qanotiga aylangan tadbirkorlik subektlari uchun esa yanada qulay imkoniyat, jozibali tadbirkorlik muhiti yaratiladi.

Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash kabi ulkan maqsadlarni mujassam etgan «O’zbekiston–2030» strategiyasi tom ma’noda xalqchil hujjat bo‘ldi, desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O’ylaymizki, mazkur huquqiy hujjat xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O’zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, barqaror iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash yo‘lida dasturulamal bo‘ladi.

Sardor G’IYOSOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

raisi o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    132
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+