“O’zbekiston – 2030” strategiyasi: xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi

19.09.2023, 10:23

“O’zbekiston – 2030” strategiyasi: xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha jabhalaridagi jarayonlarda xotin-qizlarning ishtiroki va faolligi tobora ortib bormoqda. Bu, albatta, yurtimizda opa-singillarimizning o‘z salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishi uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar, umuman, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar samarasidir. Qolaversa, jamiyatimiz rivojida hayotimiz gultoji bo‘lgan xotin-qizlarning ma’naviy yetuk, tafakkuri keng, iqtisodiy, huquqiy jihatdan bilimdon va faol bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, gender tengligini ta’minlash, turli tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish, salomatligini mustahkamlash, umuman, xotin-qizlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan ana shu yo‘nalishga oid 40 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 11 sentyabrdagi “O’zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O’zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham xotin-qizlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, Prezidentimiz farmoni va qarori bilan amalga oshiriladigan vazifalar doirasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish, gender tenglikni ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilgani biz, ayollarni behad quvontirdi.

Umuman, keyingi yillarda yurtimizda opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarning ijobiy natijalarini birgina Andijon viloyati misolida ham ko‘rish mumkin. Bugungi kunda viloyat jami aholisining 1 million 635,5 ming nafardan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning 455 ming nafari yoki 28,2 foizi davlat va jamiyat boshqaruvida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlat boshqaruvining turli sohalarida faoliyat olib borayotgan rahbarlik salohiyati va qobiliyatiga ega 2 ming 350 nafar xotin-qizning kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Ular orasida korxona, tashkilot, jamoani boshqarayotgan, ortidan ko‘plab opa-singillarimizni ergashtira oladigan, lider ayollarimiz ham talaygina.

Ko‘rsatilayotgan e’tibor samarasida viloyatda xotin-qizlar tadbirkorligi sezilarli darajada o‘sdi. Qay bir sohaga qaramaylik, opa-singillarimizning imtiyozli kredit olib yoki taqdim etilgan subsidiyalardan foydalanib o‘z biznesini yo‘lga qo‘yayotgan, samarali tadbirkorlik faoliyatini olib borayotganliklariga guvoh bo‘lamiz. Ayollar tadbirkorligining rivojlanishi jamiyatimizning eng og‘riqli muammolaridan biri bo‘lgan ishsizlik masalasini ijobiy hal etishga yordam bermoqda. Ko‘plab ayol va qizlarning bandligi ta’minlanmoqda, ular doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.

Bu borada partiyamiz tomonidan amalga oshirilayotgan “Bunyodkor ayollar”, “Ishbilarmon ayol”, “Farovon oila”, “Bir deputat – yuz ayolga ko‘makchi” loyihalari doirasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Xususan, xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 7 ming nafarga yaqin xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitildi. Ularning aksariyatini bandligi ta’minlandi. 
Asosiy e’tibor quyiga, mahallalarga qaratilayotgani esa yillar davomida to‘planib qolgan muammolarning tizimli ravishda yechilishiga zamin bo‘lmoqda.

O’tgan yili “Ayollar daftari”ga kiritilgan andijonlik ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand xotin-qizlarning 99,6 foiziga zarur yordamlar ko‘rsatildi. Uy-joyga muhtoj, ehtiyojmand 480 nafar xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlandi, 570 nafar xotin-qizga turar joy uchun ijara kompensatsiyasi to‘landi. Shuningdek, 660 nafar xotin-qizning uy-joylari ta’mirlab berildi.

Demak, shuncha ayolning qalbiga yorug‘lik indi. Farzand, millat tarbiyachisi bo‘lgan shuncha ayol qalbida minnatdorchilik, davlatga ishonch, ertangi kunga umid tuyg‘ulari yanada mustahkamlandi.

Ayol tabiatan kurashuvchan, oilasi, yaqinlari uchun har qanday mashaqqatu sinovlardan o‘tishga qodir zotdir. Ammo ayolning ushbu fazilatini suiiste’mol qilmaslik lozim. Aslida hamisha himoyaga, asrab-avaylashga muhtoj ayolni turli kamsitish, zo‘ravonliklardan asrash ham muhim masalalaridan biri hisoblanadi. Shu ma’noda opa-singillarimizni turli tazyiq va zo‘ravonliklardan asrash, ana shunday ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolishining oldini olish maqsadida himoya orderlarining joriy etilgani ham ijobiy natijalar bermoqda.

Bugungi kunda xotin-qizlarimizning ilm olishga bo‘lgan rag‘batini oshirish, ularga imtiyoz va imkoniyatlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar ham quvonarlidir. Avvalo, oliygohlarda xotin-qizlar uchun qabul kvotalari oshirildi. To‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun kontrakt pullari to‘lab berilmoqda. Bundan tashqari, ana shu toifadagi oilalar qizlarining oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishi uchun imtiyozli tavsiyanomalar berilmoqda. Jumladan, joriy yilda imtiyoz beruvchi tavsiyanoma olish uchun 5 mingdan ortiq murojaatlar bo‘ldi. Murojaatchilarning 2 ming 250 nafariga imtiyozli tavsiyanomalar berildi. Ana shu imtiyoz asosida 50 nafardan ortiq ehtiyojmand oilaning qizlari davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingandi.

Muxtasar aytganda, mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunlar, shuningdek, qator farmon va qarorlar ijrosi doirasida olib borilayotgan ishlar jamiyatda xotin-qizlarining nufuzini oshirish, ularning muammolarini bartaraf etish, o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Ishonch bilan ayta olamizki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan “O’zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Xurshidaxon Xalilova, 

O’zLiDeP Andijon viloyati kengashi raisi, 

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati. 

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    279
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+