Eng ezgu maqsadimiz oilalar mustahkamligi va ayollar huquqiy himoyasidir

21.09.2023, 10:24

Eng ezgu maqsadimiz oilalar mustahkamligi va ayollar huquqiy himoyasidir

Qaysi mamlakatda ayollarga e’tibor kuchli bo‘lsa, o‘sha yurtda rivojlanish va taraqqiyot avj oladi. Bu gap bejiz aytilgani yo‘q. Tarixda bunga hayotiy misollar juda ko‘p. Bugungi kunda xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi eng dolzarb masalaga aylangani ham shundan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat ekani haqidagi fikrlari ham taqsinga sazovor.

Davlatimiz yetakchisi nutqida gender tenglikka erishish borasida ham yurtimizda tizimli ishlarni olib borilayotgani aytib o‘tildi. Jumladan, o‘tgan yili oliygohlarga qabul qilingan talabalarning 49 foizini qizlar tashkil etdi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi esa birinchi marta 35 foizga yetdi. Ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida alohida qonun qabul qilindi.

Mamlakatimizda “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Birgalikdagi tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O’zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish taklifini bildirdi. 

Aholisining qariyb yarmini yosh avlod vakillari tashkil etgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqa davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim imzolangani e’tiborga molik. Ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, boshqa mintaqalarning ilg‘or tajriba va yutuqlarini o‘rganish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda.

Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishni taklif etaman, dedi Prezidentimiz. Uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Xulosa shundan iboratki, Prezidentimizning BMT minbaridan so‘zlagan nutqi jahon hamjamiyati ekspert va mutaxassilarida va keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bundan O’zbekistonning dunyo mamlakatlari o‘rtasida o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lib borayotganini anglash qiyin emas. Zero, yurtimizning dunyoga yuz tutishi va tan olinishi mustaqil taraqqiyot sari dadil qadam tashlayotganidan dalolat berib turibdi.

Mavluda Ibragimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    75
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+