Asosiy maqsad – hayotiy natijadorlikka erishish

19.10.2023, 10:16

Asosiy maqsad – hayotiy natijadorlikka erishish

Har qanday siyosiy partiya davr bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘ziga xos, hayotiy talablariga munosib javob bera olsagina, siyosiy kuch sifatida yashay olishi mumkin. Zero, siyosiy partiyalar jamiyatni taraqqiyotga yetaklovchi, odamlarning farovon yashashi uchun dadil g‘oya va tashabbuslarni taqdim etuvchi katta kuchdir aslida.

Masalan, partiyalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari orqali o‘z g‘oya, maqsadlarini ilgari suradi, joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganadi, ularning yechimi bo‘yicha takliflar beradi, ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini olib boradi.

Keyingi yillarda partiyalar va ularning parlamentdagi fraksiyalarining jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va roli keskin oshib bormoqda. Qonun loyihalarini ishlab chiqish va Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritishda fraksiya a’zolarining tashabbuskorligi yaqqol sezilmoqda.

Shu ma’noda O‘zLiDePning parlamentdagi fraksiyasi ham o‘z elektorati, ayniqsa, tadbirkorlar, fermerlar, yoshlar, xotin-qizlarning manfaatlarini ta’minlashga ko‘maklashmoqda. O’z dasturiy maqsadlarini parlamentga faol olib chiqib, fraksiya orqali qonunchilik tashabbuslarini ilgari surmoqda.

O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hisobot davridagi faoliyatini dasturiy maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga, yil boshida belgilab olingan vazifalarni amalga oshirishga qaratdi. Ta’kidlash kerakki, O‘zLiDeP mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning ilk tashabbuskori bo‘ldi. Shuning uchun fraksiyamiz a’zolari yangilanayotgan Bosh qomusimiz muhokamasiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlarida faol qatnashdi. Shubhasiz, joriy yilda o‘tkazilgan umumxalq referendumida ovoz berish orqali O’zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi Yangi O’zbekistonni barpo etishning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.

Vakillarimiz davlatimiz rahbari tashabbusi bilan muddatidan oldin yangilangan Asosiy qonunga muvofiq o‘tkazilgan Prezident saylovida faollik ko‘rsatishdi. Mazkur saylov jamiyatimizning siyosiy yetukligi, Yangi O’zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqimiz to‘liq qo‘llab-quvvatlaganini yana bir bor isbotladi.

Hisobot davrida Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi, parlament nazoratini amalga oshirish, deputatlarning saylov okruglaridagi ishlari namunali tashkil etilgani bois O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari faoliyati samarali bo‘lishiga zamin yaratganini alohida qayd etamiz. Parlament quyi palatasi faoliyatidagi yangi amaliyotlar, tartib-taomillarni, ayniqsa, mahalliy kengashlar va fraksiyaning partiya guruhlari bilan birgalikdagi muhokamalar qilib borish amaliyoti joriy etilganini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bunday samarali hamkorlik deputatlarimiz faoliyatiga yangicha mazmun-mohiyat bag‘ishlayapti, joylarda aniqlangan tizimli muammolarning qonuniy yechimlarini birgalikda izlashga va xalqchil qonunlar qabul qilishga ko‘mak beryapti.

O’tgan to‘qqiz oylik muddat ichida deputatlarimiz qonun ijodkorligi, parlament nazoratini amalga oshirish, murojaatlar bilan ishlash, xalqaro parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish yo‘nalishlaridagi ishlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratdi. Partiyamiz elektorati manfaatlarini ifodalovchi qonun hujjatlarini ishlab chiqish va muhokamalardan o‘tkazish borasida vakillarimiz hamjihatlikda faol ish olib borishdi. Tadbirkorlar, ishbilarmonlar, fermerlar va xususiy mulk egalarining erkinligi, ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirish va raqobat muhitini kengaytirishga e’tibor qaratilgan qonunchilik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, tadbirkorlarga qulaylik yaratishni nazarda tutuvchi Soliq kodeksiga o‘zgartirishlarni, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, to‘lovga qobiliyatsizlik sohasini takomillashtirish, o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish kabi muhim qonun loyihalarini takomiliga yetkazishda fraksiyamiz vakillari faol ishtirok etdi.

Ular tomonidan ishlab chiqilgan va qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”- gi qonun loyihasi fuqarolar erkinligi va xohishini ro‘yobga chiqaradi.

O’tgan qisqa muddatda fraksiyadoshlarimiz tomonidan yana bir qator qonun loyihalari ishlab chiqilib, qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi. Mazkur hujjatlarda partiyamiz dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, tadbirkorlar, fermerlar va dehqon xo‘jaliklarining huquqlari himoyasini kuchaytirish, saylovchilar takliflari, talab va istaklarini inobatga olishga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Shuningdek, partiyaviy maqsad va vazifalardan kelib chiqib, hududlarda davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lardan, suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va boshqa shu kabi muhim masalalarga jiddiy e’tibor berildi. Fraksiyamiz o‘zining nazorat-tahlil faoliyatini tashkil etishda, birinchi navbatda, Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” davlat dasturida belgilangan xalqchil maqsadlarning bajarilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini olib borishga alohida ahamiyat berdi.

To‘qqiz oy mobaynida fraksiyamiz tashabbusi asosida qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi, shuningdek, hududlardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan tizimli kamchilik hamda muammolarni hal etishga qaratilgan bitta “hukumat soati” va bitta “parlament eshituvi” o‘tkazildi. Tegishli vazirlikka bitta parlament so‘rovi yuborildi. Joylardagi nazorat-tahlil tadbirlari, saylov okruglaridagi o‘rganishlar davomida aniqlangan dolzarb masalalar yuzasidan vazirlik va idoralarga 35 ta deputatlik so‘rovi yuborildi.

Hozirgi kunda fraksiya a’zolarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va ahamiyati ham tubdan o‘zgardi. Hisobot davrida deputatlarimiz nafaqat fuqarolar tomonidan bildirilayotgan muammo va kamchiliklarni o‘rgandi, balki ijtimoiy hayotning muhim jabhalarida hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga xalqning fikri hamda aholi manfaatlarini inobatga olgan holda alohida e’tibor qaratdi.

O’tgan vaqt ichida deputatlarimizning saylov okruglaridagi faoliyati butunlay yangicha ko‘rinishda tashkil etildi. Xususan, joriy yilning 7–17 iyun kunlari saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida hududlarda davlat budjeti hisobidan turarjoylar, ijtimoiy soha ob’ektlari va yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash ishlarining sifati, ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi o‘rganildi.

Bu parlament a’zolari uchun, bir tomondan, sharafli vazifa bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ulkan mas’uliyatdir. Bular orqali budjet ortiqcha sarf-xarajatlar va yuklamalardan xalos bo‘ladi, korrupsiya, ta’magirlik, tanish-bilishchilik kabi illatlarga o‘rin qolmaydi. Deputatlarning bevosita o‘z saylovchilari bilan amaliy muloqotlari, shubhasiz, xalqning parlamentga va yurtimizda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarga ishonchini oshiradi.

Umuman olganda, hisobot davrida fraksiyamiz tomonidan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati, saylovchilar bilan muloqot qilish bo‘yicha katta ishlar qilindi. Shu bilan birga, alohida e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan masalalar ham yetarli. Yaqindagina fraksiyamizning 9 oy yakunlari muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida mavjud kamchiliklarimizni tanqidiy tahlil etib, ishlarimizning natijadorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldik.

Avvalo, saylovchilarni qiziqtirgan dolzarb masalalar yuzasidan tizimli muammolar, qonun va qonunosti hujjatlarning ijro etilish holati bo‘yicha tegishli mansabdor shaxslarning hisobotlari, davlat dasturi hamda davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanish holati yuzasidan fraksiyamiz majlislarida tanqidiy muhokamalar tashkil etib boriladi.

Yutuqlar bilan birga, faoliyatimizda ayrim kamchiliklar ham borki, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Birinchidan, parlament nazorati institutidan foydalanish borasidagi ishlarimizni jonlantirishimiz zarur. Bu esa, o‘z navbatida, Hukumat bilan samarali hamkorlikni ta’minlashga, joylarda mansabdor shaxslarning faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, pirovardida fuqarolarning davlat organlari faoliyatidan roziligini ta’minlashga, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, fraksiyamizning partiya bilan o‘zaro aloqalari mutlaqo yangicha ko‘rinishda yo‘lga qo‘yiladi. Joylardagi muammo va kamchiliklarni hal etishda natijadorlikka erishish, shu jumladan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va ayollar muammolariga yechim topishga qaratilgan jamoatchilik nazoratining samarali shakllari yo‘lga qo‘yiladi.

Shu kunlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, energetika tizimining barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi, tadbirkorlar erkinligi kafolatlari kabi yo‘nalishlarda joylarga chiqib, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish ishlariga kirishilgan. Bu borada OAV bilan hamkorlik, faoliyatimizdagi ochiqlik ishlariga e’tibor kuchaytiriladi.

Uchinchidan, fraksiyamiz oldida turgan asosiy vazifalardan biri – bu qonun tashabbuskorligi yo‘nalishi sanaladi. Lekin hisobot davrida qonun ijodkorligi jarayonida faoliyatimizda ayrim kamchiliklar kuzatildi. Shu boisdan mazkur yo‘nalishga alohida ahamiyat qaratiladi.

To‘rtinchidan, saylovchilar bilan samarali muloqotlarni ko‘paytirish zarurati borligini yaxshi anglab turibmiz. Bu borada aniq rejalar ishlab chiqildi, xususan, joylarda tadbirkor va fermerlar faoliyatida ayrim muammolar uchrab turibdiki, ushbu masalalarga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur, deb o‘ylayman.

Fraksiya kelgusida o‘z faoliyatini partiya dasturidan kelib chiqqan holda, “O’zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda, bu borada qonun loyihalarini ishlab chiqish va takomiliga yetkazishda hukumat idoralari bilan faol hamkorlik qilishga, parlament nazoratining barcha shakllaridan samarali foydalanishga e’tibor qaratadi. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor va partiya elektorati tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni chuqur tahlil qilib, saylovchilarni o‘ylantirayotgan, joylarda dolzarb bo‘lib turgan masalalar yuzasidan mansabdor shaxslarning axborotini eshitish, ularga parlament so‘rovlarini yuborish bo‘yicha tashabbuskorlikni yanada kuchaytiradi. Fraksiyamiz a’zolari qabul qilinayotgan hayotbaxsh qonunlarning mazmun-mohiyatini sodda va tushunarli tarzda aholiga yetkazishda ham faol bo‘lishadi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor va partiya elektorati tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni chuqur tahlil qilgan holda, faoliyatimizni yangicha ruhda tashkil etib, demokratik islohotlar jarayonida yanada faol va tashabbuskor bo‘lishimiz lozim.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    115
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+