Qashqadaryoda oilaviy tadbirkorlik faoliyati deputatlar tomonidan jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganilyapti

Qashqadaryoda oilaviy tadbirkorlik faoliyati deputatlar tomonidan jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganilyapti

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi tomonidan aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kreditlardan foydalanish holatlari jamoatchilik eshituvi doirasida o‘rganishlari davom etmoqda. Viloyat deputatlaridan iborat ishchi guruhi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratish holati, aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish asnosida bandligini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish, yangi-yangi loyihalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish maqsadida viloyat markazining shundoqqina biqinida joylashgan Qarshi tumaniga tashrif buyurdilar.  

E’tirof etmoq lozimki, tumanda keyingi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirishga ahamiyat qaratilayotganligi bois bandlik va farovonlik ortmoqda. Yangi-yangi sanoat ob’ektlari ishga tushirilayapti. Ayniqsa, yosh tadbirkorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga katta ahamiyat qaratilayotir. Tumanda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 427 ta yuridik, 742 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Tashkil etilgan 1169 ta tadbirkorlik sub’ektlarida 2 312 nafar aholining bandligi ta’minlangan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tijorat banklari tomonidan  1 dekabrga qadar jami 2473ta fuqarolarga 46.8 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.

Yosh tadbirkor Abbos Shirinovga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida ta’lim muassasasini jihozlash hisobidan xizmat tashkil etish uchun 88 mln so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Natijada bo‘sh turgan bino ta’mirlanib yoshlar uchun 5 ta fan to‘garagi tashkil etildi va 6 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Yakka tartibdagi tadbirkor Mahmud Shodiyevga ham mazkur dastur asosida 300 mln so‘m multimedia, dizayn va san’at materiallarini yaratish va ishlov berish uchun imtiyozli kredit ajratilgach, 8 nafar yoshlar ishli bo‘ldi. 

Yertepaliklar Jo‘rayevlar xonadonini ishbilarmonlar oilasi deyishadi. Mo‘‘jazgina tomorqada bir qarich ham bo‘sh yer joy topolmaysiz. Limonning bir nechta turi, apelsin, mandarin, hattoki papayya yetishtiriladi. Xorijdan keltirilgach xonaki tovuq boqishda ham bu oilaga teng keladigani topilmaydi. O’ndan ortiq turdagi gullarni yetishtirib, vohadagi barcha gul bozorlariga yetkazib berishadi.  Korxona, tashkilot va muassasalarga o‘ttizga yaqin turdagi anvoyi gullarni gultuvaklarda o‘stirgan holda  yetkazib berishyapti. Xonadon sohibasi O’g‘iloy opaning ta’kidlashicha, oilaviy tadbirkorlikdan har yili 30 million so‘m sof daromad qilishadi. Qishloqda to‘rtta shogirdi bo‘lib, onaxondan oilaviy tadbirkorlikni o‘rganib, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.  Deputatlar tomonidan ushbu xonadon sohibasi tajribasini butun voha aholi o‘rtasida keng targ‘ibot qilish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.  

Ishchi guruhi a’zolari qator tadbirkorlik sub’ektlarida bo‘lishib, tadbirkorlarning mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish borasidagi amaliy ishlari bilan tanishdilar. Ayrim tadbirkorlar faoliyat olib borayotgan maydonning torligi, banklardan kredit ajratishda shaffoflikni ta’minlash, hokim yordamchisi bilan mahalla raisining yaqin hamkorligini erishish, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatishda zamonaviy orgtexnikalardan samarali foydalanish, dehqon xo‘jaliklari va kichik biznes sub’ektlariga qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga berish, xizmat ko‘rsatish va hunarmandchilikni kengaytirishga e’tibor qaratish, aholi va uy xo‘jaliklari bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tadbirkorlarning loyihalarini moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratish borasida amaliy takliflar ishlab chiqilib, jamoatchilik eshituvi jarayonida mutasaddilarga yetkazilib, maqbul yechimlarini topishga kelishib olindi. 

Feruza MUSTAYEVA,

O’zLiDeP Qarshi tuman kengashi raisining

birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari.

Teglar
Ishchi guruh
  • Ko'rildi
    43
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+