Raqamlashtirish hayot-mamot masalasi bo‘lishi zarur

21.12.2023, 17:22

Raqamlashtirish hayot-mamot masalasi bo‘lishi zarur

Mamlakatimizda «Raqamli O’zbekiston—2030» strategiyasiga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni raqamlashtirish, axborot tizimlari va elektron xizmatlarni joriy etish, shuningdek, raqamli texnologiyalardan keng foydalanishni ta’minlash bo‘yicha barcha soha va tarmoqlarda kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. «Elektron hukumat» tizimining yangi bosqichi — «Raqamli hukumat» tizimiga o‘tish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining mahalliy bozorini yanada rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida IT-parklarni tashkil etish, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashni ko‘zda tutuvchi ustuvor loyihalarning amalga oshirilayotgani shular jumlasidandir.

         Sohada erishilgan yutuqlar zalvorli. Ularni e’tirof etamiz. Chunki hozirgi hayotimiz bundan 6-7 yil avvalgi hayotimizdan tubdan farq qiladi. Bu bevosita hayotimizga raqamlashtirishning kirib kelishi va uning jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgani bilan bog‘liq. Buni har birimiz o‘zimizning kundalik hayotimizda ham sezib, ko‘rib turibmiz.

Biroq, sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar hali talaygina. Joriy yilning 20 dekabr kuni Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham aynan IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish masalalari muhokamalar markaziga qo‘yilgani ham bejiz emas. Eng muhimi, ushbu masala joriy yilning 22 fevralida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish kun tartibidan ham o‘rin olgan edi. Ushbu masalaning yana kun tartibiga chiqishi esa uning o‘ta dolzarbligidan dalolat berib turibdi.

Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari tomonidan raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbarlarga korrupsiyani yo‘q qilishga intilmayotgan rahbarlar sifatida baho berildi va vazirlik hamda tarmoqlarda raqamlashtirishning hozirgi ahvoli, shuningdek kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tarmoq rahbarlariga faqatgina raqamlashtirish orqali mahsulot tannarxini tushirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi va kelgusi yilda raqamlashtirish hisobiga mahsulot tannarxini kamida 10-15 foizga kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ayniqsa, budjetdan katta mablag‘ oluvchi vazirliklarda raqamlashtirish hayot-mamot masalasi bo‘lishi zarurligi ta’kidlanib, bunday vazirliklar faoliyatining hozirgi holatiga baho berilar ekan, Sog‘liqni saqlash, Qishloq xo‘jaligi, Ekologiya, Bandlik vazirliklari, karantin va veterinariya idoralarida raqamlashtirish ishlari sust ketayotgani, Geologiya, Ichki ishlar vazirliklari, Bojxona qo‘mitasi, Andijon, Namangan Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklarida yagona elektron hujjat aylanish tizimi ishga tushmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, bir qator vazirliklarning 50dan ortiq xizmatlari Yagona davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilinmagani, xususan soliq deklaratsiyasini jo‘natish va keshbek olish, quyosh panelini tizimga ulash va unga subsidiya olish, transport to‘lov kartasini xarid qilish kabi xizmatlardan faqat idoraviy saytlar orqali foydalanish mumkinligi, bunday holatlar o‘z navbatida ushbu xizmatlardan keng aholi qatlamining foydalanishiga, umuman olganda, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganiga e’tibor qaratildi.

Shu nuqtai nazardan barcha vazirlik, qo‘mita va hudud rahbarlari ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklardan jiddiy xulosa chiqarishlari, o‘z tizimlarida raqamlashtirish bo‘yicha oqsayotgan loyihalarni yakunlashlari shartligi ta’kidlandi.

Umuman olganda, raqamlashtirish to‘g‘risida gap ketar ekan, uning ko‘plab ijobiy jihatlarini keltirish mumkin. Xususan, raqamlashtirish – nafaqat vaqtni, balki mablag‘ni ham tejashga yordam beradi, provardda odamlarga kundalik hayotda va davlat xizmatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratadi, mahsulotlar tannarxi pasayadi, eng muhim jihatlaridan yana biri – korrupsiyani oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Buni barcha darajadagi rahbarlarimiz anglab yetsalar bo‘lgani!

  Zafar XUDOYBYeRDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    52
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+