Mahalla faoliyati bilan tanishildi, aholining muammo va takliflari o‘rganildi

10.02.2024, 08:11

Mahalla faoliyati bilan tanishildi, aholining muammo va takliflari o‘rganildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spiker o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Xorazm viloyatida uchrashuvlari davomida aholi vakillari, tadbirkorlar, fermerlar, tomorqa yer egalari bilan yuzma yuz muloqotda bo‘ldi, ular faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Partiya yetakchisi dastlab Xiva tumanidagi “Istiqlol” mahallasida aholi xonadonlarida bo‘lib, tomorqalarini ko‘zdan kechirdi, muammo va takliflarini tingladi. Jumladan, mazkur mahallada istiqomat qiluvchi Shukurjon Otajonovaga qarashli issiqxona faoliyati bilan tanishildi. Xonadon egasi o‘z tomorqasiga qarashli 10 sotix yer maydonida issiqxona tashkil qilgan. Issiqxonada pomidor, bulg‘or qalampiri, bodring va boshqa mahsulotlar yetishtirib ichki bozorga sotmoqda.

Keyingi xonadon egasi Hajarbiyi Quryozova o‘ziga tegishli uyni oilaviy mehmonxona sifatida tashkil qilib, mahalliy va xorijiy mehmonlarni Xivaning go‘zal tabiati, noyob obidalari va qadamjolari bilan sayyohlar eʼtiborini jalb qilib kelmoqda. Shuningdek, xonadon egasi o‘z tomorqasidan ham unumli foydalangan holda 10 sotix maydonda issiqxona tashkil qilgan. U yerda ko‘kat, ismaloq, kartoshka kabi mahsulotlar yetishtiradi. O‘z ehtiyojidan ortgan mahsulotlar bozorga ham sotilmoqda. Bu esa oila daromadini yana-da oshirishga xizmat qilmoqda.

Muloqotlarda yer daromad manbai ekanligi, mahalladagi ishsiz yoshlar ham o‘z tomorqalarida issiqxona tashkil etib, daromad olishlarini yo‘lga qo‘yishligi, namunali tomorqachilarning tajribalarini ommalashtirish lozimligi taʼkidlandi. Mazkur ishlarda O‘zLiDeP vakillari va mahalliy kengash deputatlari ko‘magida aholi ayniqsa, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, yer bilan tillashgan tomorqachilar bilan uchrashuvlarni, mahorat darslarini tashkil etish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Spiker o‘rinbosari ushbu mahallada aholi tomorqalarini ko‘zdan kechirar ekan, aksariyat xonadon egalari yerdan unumli foydalanib, daromad topayotganiga guvoh bo‘ldi.

Shuningdek, ushbu mahalla hududida joylashgan “Nurjahongir Mirzo” fermer xo‘jaligi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.

Muloqotlar davomida “Istiqlol” mahallasida tashkil qilingan issiqxonachilar tajribasini o‘rganish, daromadini yana-da oshirish, ekin turlarini ko‘paytirish, yiliga 4 martagacha hosil olishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.  

Muxtasar qilib aytganda, yerdan mo‘l hosil olayotgan dehqonlar nafaqat o‘z daromadlarini oshirishga balki, bozorlar to‘kinligini taʼminlashga muhim hissa qo‘shayaptilar.

  • Ko'rildi
    50
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+