Aholi xonadonlarida muloqot tashkil qilindi

14.02.2024, 15:29

Aholi xonadonlarida muloqot tashkil qilindi

Andijon viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, sanoat va qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, mehnat unumdorligini oshirish, yer, suv va boshqa tabiiy resurslardan tejamkor foydalanish, ishlab chiqarishda sifat va samaradorlikka erishish, eksportbop mahsulotlar yetishtirishda o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, Asaka tumani o‘zining nafaqat sanoati, balki qishloq xo‘jaligida uzumchilik, bog‘dorchilik, ko‘chatchilik va shaxsiy tomorqa xo‘jaligidan unumli foydalanish borasida ham katta islohotlar maydoniga aylangan sir emas.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Asaka tumani “Otish” MFYga qarashli Qo‘rg‘oncha ko‘chasida istiqomat qiluvchi Bozorboy aka va Azizaxon opa Sobirovlar xonadonidagi o‘ttiz sotixlik kattakon issiqxonani ko‘zdan kechirdi.

Partiya yetakchisi asakaliklar chin maʼnoda ishning ko‘zini biladigan, yer bilan to‘rt faslda ham tillasha olishiga alohida urg‘u berdi.

“Bilaman, Bozorboy akaga o‘xshagan andijonlik qo‘li gul insonlar bir yilda uch martagacha hosil olmasa baribir tinchimaydi. Sizning timsolingizda haqiqiy dehqon, mirishkor qanday bo‘lmog‘ini boshqalar ham anglab yetishi kerak. Agar imkoni bo‘lsa bu kabi tajribalarni tumanning 77 ta mahallasiga yoyib, ommalashtirsak, g‘oyat savobli ish bo‘lmaydimi?” - dedi A.Xaitov.

Shundan so‘ng Partiya viloyat kengashi faollari, fermer va tomorqachilar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda, eng avvalo, 12 fevral kuni Prezidentimiz raisligida agrar sohadagi ustuvor vazifa va rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan dolzarb vazifalarning mazmun-mohiyatiga batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Muloqot davomida Prezident o‘sha kungi yig‘ilishda mamlakat miqyosida muhim tarmoqlardan biri bo‘lgan issiqxona xo‘jaliklarini kreditlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqish borasida ham soha mutasaddilariga jiddiy topshiriqlar yuklagani aytib o‘tildi. Unga ko‘ra, yoqilg‘isiz isitiladigan, ixcham issiqxonalarni barpo qilish tajribasini qo‘llab-quvvatlab, tayyor holda topshirish sharti bilan 10 sotixli 200 tagacha ixcham issiqxona qurish vazifasi qo‘yilib, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida 100 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.

Partiya rahbari ushbu berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, mahallalarda ushbu tipdagi issiqxonalarni ommalashtirish borasida o‘z takliflarini berdi.

 

  • Ko'rildi
    45
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+