Qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan muloqot o‘tkazildi

14.02.2024, 17:18

Qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan muloqot o‘tkazildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Farg‘ona shahridagi “Beshbola” MFYda joylashgan dehqon xo‘jaligida partiya faollari, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, fermerlar, tomorqa yer egalari bilan muloqot qildi.

Muloqotda Prezidentimiz raisligida 12 fevral kuni qishloq xo‘jaligida ishga solinmagan yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari yer va suv resurslari cheklangan sharoitda yangicha ishlab, mahsulotni ko‘paytirish, sohaga sanoat muhitini olib kirish zarurligini ta’kidladi. Fermerlarning manfaatdorligi masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda meva-sabzavot yetishtirish hamda eksporti hajmini oshirish, mineral o‘g‘itlarni saqlash, fermerlarga o‘z hisobidan o‘g‘it sotib olishda qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy qilish, logistikasi, yoqilg‘ini o‘z vaqtida yetkazib berish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suvni tejab ishlatish, ipakchilikchilik, baliqchilik sohalarini rivojlantirish kabi masalalarda topshiriqlar berildi.

Partiya elektorati ishtirokidagi muloqotda so‘z olganlar so‘ngi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan islohotlar olib borilayotgani, fermerlar katta daromadga ega bo‘layotgani, eng muhimi davlatimiz rahbari tomonidan agrar sohada belgilab bergan ushbu vazifalar ham fermerlar, dehqonlar manfaatiga xizmat qilishini alohida e’tirof etdilar.

Muloqotda davlatimiz rahbarining videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosida partiya deputatlari faollik ko‘rsatgan holda joylarda jamoatchilik nazorati tadbirlarini olib borish, aniqlangan muammolarni tegishli mutasaddi rahbarlar orqali hal qilish choralarini ko‘rish kerakligi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlar, fermerlar so‘zga chiqib, o‘z faoliyatlariga to‘xtaldilar, sohaga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, erishilayotgan yutuqlarini e’tirof etdilar. Qishloq xo‘jaligi sohasiga oid o‘z takliflari va fikr-mulohazalarini ham bildirib o‘tdilar.

E’tiborli jihati, issiqxonalar va ijtimoiy ob’ektlar uchun  zamonaviy isitish qozonlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Farg‘ona shahridagi “ALTER  HEATING” MChJ ishlab chiqarish korxonasi faoliyati ko‘pchilikning diqqatini tortdi.

Partiya yetakchisi Farg‘ona shahridagi "Ilyasov" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli issiqxona faoliyati bilan ham tanishdi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda tadbirkor 1 gektar yer maydonida issiqxona tashkil qilgan bo‘lib, u yerda gul ko‘chatlari yetishtirib kelinmoqda. Issiqxonada 20 nafar ishchi mehnat qiladi, mahsulotlar asosan ichki bozorlarga chiqariladi. Tadbirkorning yillik daromadi 1 mlrd. so‘mni tashkil qiladi.

Suhbat davomida kuni kecha davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jaligi masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aynan tomorqalardan samarali foydalanish, kreditlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqish, yoqilg‘isiz isitiladigan, ixcham issiqxonalarni barpo qilish tajribasini ommalashtirish borasida qator vazifalar belgilab berilgani aytib o‘tildi.

Endilikda tayyor holda topshirish sharti bilan 10 sotixli 200 tagacha ixcham issiqxona qurish, ushbu maqsadlarga “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida 100 million so‘mgacha garovsiz kredit berilishi katta imkoniyat ekanligi ta’kidlandi.

Partiya rahbari ushbu berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, faoliyatini yanada kengaytirish borasida o‘z takliflarini berdi.

  • Ko'rildi
    74
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+