Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniqlash tartibi va ular bilan ishlash tizimi o‘zgaradi

22.02.2024, 09:00

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniqlash tartibi va ular bilan ishlash tizimi o‘zgaradi

Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilangan. Shunga muvofiq, 2023 yil 1 iyunda aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish bo‘yicha farmon qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.

O‘tgan vaqt mobaynida o‘ndan ortiq davlatning tajribasi chuqur o‘rganildi, malakali ekspertlar jalb qilindi. Shu asosda olib borilgan tahlillarga ko‘ra, bu soha 30 yil oldingi tizimda qolib ketgan, faqat davlat ajratgan pulni tarqatish bilan shug‘ullangan. Bu ayrim odamlarni o‘zini o‘nglab olishga emas, yordam kutib yashashga o‘rgatib qo‘ygan.

Misol uchun, mehnatga layoqatli kishilarga ham nafaqa to‘lab kelingan. Nogironligi borlarni tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, kasbga o‘rgatish orqali hayotga qaytarishga yetarlicha eʼtibor berilmagan.

Davlatimiz rahbari raisligida 20 fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu tizimni tubdan isloh qilish, ijtimoiy yordamning manzilliligi va natijadorligini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

Yig‘ilishda ushbu soha tahlil qilinar ekan avvalo, ijtimoiy xizmat va yordamni mahalla darajasida tashkil etish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi oylarda kam taʼminlangan oilalar manzilli o‘rganilgani hamda tizim shaffof qilingani natijasida doimiy daromadga ega oilalar bunday toifadan chiqarilgan. Aksincha, o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz yashayotgan 2 ming kishiga yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Endilikda ushbu sohaga yangi tizim joriy qilinib, 1 iyundan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniqlash tartibi va ular bilan ishlash tizimi o‘zgaradi. Bunda ehtiyojmand toifani aniqlash bo‘yicha mezonlar ishlab chiqiladi va ularning aynan qanday yordamga muhtojligi aniq belgilab beriladi. Muhtojlarning har biri bo‘yicha individual ijtimoiy xizmatlar dasturi bo‘ladi.

Bu borada yagona savolnoma joriy qilinadi. Xonadonga “mahalla yettiligi”ning qaysi vakili kirishidan qatʼiy nazar, oiladagi muammo va imkoniyatlar aniqlanib, “ijtimoiy portreti” chiziladi. Yordamdan so‘ng xonadonda nima o‘zgargani monitoring qilib boriladi.

Yana bir muhim jihati, mahalladagi barcha ijtimoiy xizmatlarni bosqichma-bosqich ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda xizmat ko‘rsatuvchi ham, yordam oluvchi ham o‘ziga majburiyat oladi.

Endi nafaqa oluvchilar ro‘yxatiga, birinchi navbatda, nogironligi bor, ota-onasi yo‘q, boquvchisini yo‘qotgan, kasalligi va boshqa sababga ko‘ra uzoq muddat ishlay olmaydiganlarning oilalari kiritiladi. Boshqa fuqarolarni “ijtimoiy reyestr”ga kiritishda ularning faqat daromadi emas, balki xarajatlari ham baholanadi. 

Shu yil 1 oktyabrdan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlar “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtiriladi. Kelgusi yildan 40 ta tumanda reabilitatsiya, sog‘lomlashtirish va nogironligi borlarga qarovchilarni o‘qitish bo‘yicha ko‘p tarmoqli ijtimoiy xizmatlar markazlari ishga tushiriladi.

Yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan insonlar, ota-ona mehriga muhtoj bolalarni tarbiyalash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    92
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+