Ota-ona mehriga muhtoj bolalarni tarbiyalash bo‘yicha vazifalar belgilandi

24.02.2024, 12:07

Ota-ona mehriga muhtoj bolalarni tarbiyalash bo‘yicha vazifalar belgilandi

Prezidentimiz raisligida 20 fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ota-ona mehriga muhtoj bolalarni tarbiyalash bo‘yicha ham aniq vazifalarni belgilab berdi.

Endi joylarda vasiylik va homiylik masalalari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar bilan mahalladagi ijtimoiy xodimlar shug‘ullanadi. Buning uchun hokimliklar huzuridagi Vasiylik va homiylik komissiyalari tugatilib, 1 avgustdan ularning vakolati “Inson” markazlariga o‘tkaziladi.

Yetim va nazoratsiz qolgan bolalarni qaramoqqa olish bo‘yicha “ixtisoslashgan tutingan oila” tizimi joriy etiladi. Ixtisoslashgan 160 ta ta’lim muassasasida bosqichma-bosqich “g‘amxo‘rlik” guruhlari tashkil qilinadi.

Ota-onasidan ayrilgan yigit-qizlarga ko‘maklashish tizimi ham o‘zgaradi. Endi “Yoshlarga hamrohlik” dasturi asosida ularni qo‘llab-quvvatlash 23 yoshgacha etib belgilanadi.

Ichki ishlar tizimidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari “Hayot maktabi” sifatida qayta tashkil qilinadi. Ular tarbiyasi og‘ir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish bo‘yicha kompleks xizmat ko‘rsatadigan maskanga aylantiriladi.

Yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga uy-joy berish tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda “Inson” markazlari tomonidan haqiqatda uy-joyga muhtoj yoshlar ro‘yxati shakllantiriladi. Ularga beriladigan uy-joyning narxi bozor bahosidan kelib chiqib, hududlar kesimida belgilanadi.

Mutasaddilarga hozirda navbatda turgan yetim bolalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ham ko‘rsatma berildi.

Zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar reabilitatsiya bilan yetarlicha qamrab olinmagani qayd etildi. Shu bois bu borada mahalla darajasida alohida tizim yaratiladi. Qiyin vaziyatdagi yosh onalarni qo‘llab-quvvatlash, go‘daklar yetim qolishining oldini olish uchun “Onalar maskani” xizmati tashkil etiladi. Shuningdek, tuman shifoxonalarida zo‘ravonlikka uchraganlarga tibbiy va ruhiy yordam ko‘rsatish uchun tunu kun ishlaydigan xonalar ochiladi.

Umuman olganda, davlatimiz yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni o‘z bag‘riga olyapti, ularning ertangi taqdiri va kelajagi uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatyapti, go‘daklar yetim qolishining oldi olinyapti. 

Mavluda Ibragimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    88
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+