Buxoro hunarmandchiligining rivojlanish bosqichlari, istiqbolli rejalar, muammolar va takliflar

24.02.2024, 12:44

Buxoro hunarmandchiligining rivojlanish bosqichlari, istiqbolli rejalar, muammolar va takliflar

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashida partiya ishchi guruhlari tomonidan hududda hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki yakuniy natijalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda ishchi guruh a’zolari, buxorolik peshqadam hunarmandlar, sohaning yosh vakillari, boshlovchi hunarmand ayollar, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari va mas’ullari, viloyat hunarmand uyushmasi mutasaddilari  ishtirok etdilar.

Davra suhbatida mahalliy hunarmandlarning shu kunga qadar erishgan yutuqlari bilan birga, ular faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolar xususida ham so‘z bordi.

Amaldagi qonunchilikda, Prezident Farmon va qarorlarida soha rivojiga samarali ta’sir ko‘rsatuvchi imtiyoz va imkoniyatlar xususida atroflicha fikr almashildi. Partiya faollarining mahalliy hunarmandlarga bu borada yaqin ko‘makchi ekanliklari ta’kidlandi.

- Viloyatimizda bugungi kunda 3 ming nafarga yaqin hunarmand uyushmasining a’zosi faoliyat ko‘rsatmoqda, - deydi Buxoro shahridagi “Sovg‘a ustozodai zardo‘zon” oilaviy korxonasi rahbari Baxshullo Jumayev. Ularning 6,5 ming nafardan iborat tirishqoq shogirdlari ham endilikda mustaqil ravishda ish olib bormoqdalar. Mahalliy hunarmandchilikning zardo‘zlik, zargarlik, mis kandakorligi, kulolchilik, temirchilik, miniatyura san’ati singari 43 tadan iborat yo‘nalishlari mahalliy aholi ayniqsa, xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Hozirgi paytda viloyat bo‘yicha jami 12 ta hunarmandchilik markazlari tashkil etilgan bo‘lib, ularga g‘ijduvonlik mohir kulol Alisher Narzullayev, Buxoro tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan Akmal Muxitdinov, viloyat markazida esa Davron Toshev singari mohir hunarmandlar rahbarlik qilib kelmoqdalar.

Davra suhbatida so‘z olgan Oliy Majlis Senat huzuridagi "Tadbirkor ayollar klubi" rahbari Mamlakat Sodiqova, viloyat hunarmand uyushmasi yetakchi mutaxassisi Zarina Gurbanova, viloyatda hunarmandchilikning kashtachilik yo‘nalishi bo‘yicha o‘z maktabini yaratgan Zulayxo Karimova, mohir dizayner to‘quvchi Maqsad Hamroyeva, boshlovchi hunarmandlardan Boburmirzo Odamboyev va boshqalar so‘zga chiqib, mavzu doirasida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdilar. O’z navbatida sohada bugungi kunda mavjud bo‘lgan bir qator muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalarini berdilar.

Muloqotda o‘rganishlar davomida hunarmandlar uchun ajratib berilayotgan joylar uchun ijara to‘lovlari narxining balandligi, soliq qonunchiligiga oid tartib-qoidalarga har doim ham rioya qilinmayotganligi, beshiksoz hunarmandlarning faoliyat ko‘rsatishlarida muhim o‘rin tutadigan xomashyo-tol daraxtlaridan foydalanishdagi ayrim cheklovlar borligi aniqlanganligi aytib o‘tildi.

Tadbirda sohani rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator takliflar ham ilgari surildi. Tayyor mahsulotlarda milliy qadriyat va an’analarni saqlab qolgan holda kreativ yondashish, onlayn savdolarni yo‘lga qo‘yish, hunarmandlarning sohaga oid amaldagi qonunchilikdan xabardorligini oshirish maqsadida O’zLiDeP hamda hunarmand uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda davra suhbatlari, seminar–treninglar tashkil etish bo‘yicha bildirilgan takliflar tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi.

Partiya ishchi guruhlarining viloyatdagi bir qator dolzarb masalalarni jamoatchilik nazorati tartibi asosida o‘rganib borayotganliklari sohalardagi mavjud muammolarni hal etish imkonini berishi bilan ahamiyatdir.

  • Ko'rildi
    45
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+