Muhim masalalar muhokama markazida bo‘ldi

01.03.2024, 21:51

Muhim masalalar muhokama markazida bo‘ldi

Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab Samarqand shahridagi korxona, tashkilot, muassasa va savdo shahobchalarida davlat tili to‘g‘risidagi Qonun xujjatlariga rioya etilishini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Mas’ullarning hisobotiga ko‘ra, shahar bo‘yicha jami 32900 ta tashqi yozuvlar mavjud bo‘lib, shundan 21700 tasi xorijiy tilda va imloviy xatolar bilan yozilganligi aniqlandi.

Tadbir davomida 2023 yil 9 oy davomida 21700 ta almashtirishni talab etadigan tashqi yozuvlarning 11150 tasi ishchi guruhi tomonidan joyida olib tashlanib, 4657 tasini qonun talablariga muvofiqlashtirildi. Qolgan 5893 tasiga tegishli tushunchalar va ogohlantirish xatlari berildi.

Shuning bilan bir qatorda Samarqand shahar hududida reklama va e’lonlar tayyorlash hamda tarqatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 158 nafar tadbirkorlarga yangi tahrirda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi va “Davlat tili haqida”gi Qonunning 20-modda talablariga amal qilgan holda o‘z faoliyatlarini olib borish bo‘yicha ogohlantirishlar berilgan.

Kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan Samarqand shahar IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Zoir Axmedov axborot berdi. Ta’kidlashicha, Samarqand shahri boshqa viloyatlar va shahar-tumanlardan keluvchi hamda tranzit o‘tuvchi mehmonlar, transport vositalari bilan gavjum. Bu esa o‘z navbatda, shahar ichki yo‘llarida transport vositalari qatnovini hamda tirbandliklarni, haydovchilar tomonidan qoidabuzarliklarni sodir etish holatlarini ko‘payishiga olib kelmoqda.

Bugungi kunda, shahar ichki ko‘chalarida olib borilayotgan qurilish, rekonstruksiya ishlari ham ko‘chalardagi tirbandlikni oshirmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi PQ-4913-sonli qaroriga asosan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlash, uskunalarini o‘rnatish uchun ajratilgan yo‘l uchastkalari va chorrahalarni realizatsiya qilish, ularga qoidabuzarlikni elektron aniqlovchi intelektual videokameralar bilan jixozlash choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, shaharning serqatnov umumfoydalanish yo‘llari mavsumiy ko‘rikdan o‘tkazilib, transport vositalari qatnovini tartibga solish maqsadida jami 458 dona yetishmaydigan yangi yo‘l belgilari o‘rnatildi. Jumladan, 59 dona eskirgan yo‘l belgilari almashtirildi, 5 ta svetofor ob’ektining ishlash tartibi o‘zgartirildi, 0,41 kv.m yo‘l chiziqlari chizildi, 1 ta piyodalar utish joyi qayta tiklandi, 290 kv.metr yo‘lning qatnov qismi ta’mirlandi.

Deputatlar mutasaddi rahbarlarning amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobotini tinglar ekan, sohada hali qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar borligi, uni amalga oshirishda hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirib o‘tdilar.

Fazliddin G’aybullayev,   

O'zLiDeP Samarqand shahar Kengash raisining

birinchi o‘rinbosari - apparat rahbari

  • Ko'rildi
    71
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+