Deputat talabalarning ta’lim va ish bilan bandlik yo‘nalishidagi muammolari bilan qiziqdi

07.03.2024, 10:56

Deputat talabalarning ta’lim va ish bilan bandlik yo‘nalishidagi muammolari bilan qiziqdi

O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalar bilan ishlash bo‘limi hamda Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nurafshon filiali o‘zaro hamkorligida ochiq muloqot tashkil qilindi.  

“O’zLiDeP yoshlar bilan” loyihasi doirasida o‘tkazilgan Deputat va yoshlar uchrashuvida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Pak Viktor Nikolayevich, O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, filial direktori Nurbek Nasrullayev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor birinchi o‘rinbosari Bobomurod Boboyorov, oliygoh professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etishdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, zamonaviy talablarga javob beradigan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallagan yuqori malakali kadrlarni tayyorlovchi oliygohda bugun 700 nafarga yaqin talaba-yoshlar tahsil olishmoqda.

Ochiq muloqot uchrashuvida so‘zga chiqqan partiya viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev partiyaning mamlakat yoshlari hayotida tutgan o‘rni haqida to‘xtalarkan, maqsadi O’zbekistonning ta’lim va intellektual rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyoda eng yuqori reytingga ega 30 ta davlat qatoridan joy olishini ta’minlash bo‘lgan partiya loyihalarining asosiy qismi yoshlarga qaratilganiga e’tibor qaratdi.

Partiyaning Toshkent viloyat Kengashida 1000 dan ortiq boshlang‘ich partiya tashkilotlari bo‘lib, shundan 245 tasida yoshlar rahbarlik qilishi, partiya a’zolarining 34 ming nafarini yoshlar tashkil etib, shundan 10 mingdan ortiq talabalar partiya saflarida yagona maslak atrofida jipslashgani faxr bilan tilga olindi.

Partiyaning “Yosh tadbirkorlar ligasi”, “Mening g‘oyam”, “Tadbirkorlikka ilk qadam”, “Yosh tadbirkor” singari 20 ta loyihalari doirasida viloyatdagi 10 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olish rejalashtirilganini bayon qildi. Mazkur xayrli loyihalarning samarasi va natijasi, albatta, yoshlarni yetuk mutaxassis sifatida shakllanib, Vatanimiz ravnaqi va yorug‘ kelajagi yo‘lida xizmat qilishiga zamin yaratishini bildirdi.

Tadbirda so‘z olgan deputat joriy yilgi davlat dasturida yoshlarga oid qator vazifalar ko‘zda tutilganligini aytib o‘tdi. Dasturga binoan iste’dodli va iqtidorli yoshlar vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilishi, yoshlar orasida biznesning ommaviylashtirilishi, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini yoshlarni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish maqsadlariga yo‘naltirilishi, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha “Ustoz” maxsus platformasini ishga tushirish, u orqali dastlabki bosqichda mazkur platforma orqali 250 ming nafar yoshlar qamrab olinishi, yosh xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasining ishga tushirilishi haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Deputat o‘zaro samimiy ochiq muloqot asnosida talabalarning ta’lim, ish bilan bandlik yo‘nalishidagi muammolari bilan ham qiziqdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    72
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+