Ishchi guruh Vobkent tumanida o‘rganishlar olib bordi

31.03.2024, 10:11

Ishchi guruh Vobkent tumanida o‘rganishlar olib bordi

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhlari hududlarda bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, investitsiya va eksport hajmini oshirish, sanoat, qurilish, transport, ekologiya hamda ijtimoiy sohalarda 2024 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlaridan iborat ishchi guruhi aʼzolari – E.Aslanova,  B.Ochilovlar Vobkent tumanidagi o‘rganishlari davomida ushbu hududni iqtisodiy rivojlantirish, xalq turmush farovonligini oshirish, aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, mahalliy tadbirkorlar uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Tumandagi bir qator tijorat banklaridan aholiga, xususan ayollar va yoshlarga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar va bu boradigi ishlar samaradorligi ham ishchi guruh aʼzolari eʼtiboridan chetda qolgani yo‘q.

 Jumladan, ular hududdagi Mo‘minobod MFYda faoliyat olib borayotgan yosh tadbirkor Zayniddin Ramazonov xonadonida bo‘lishganida bu yerda 2022 yildan boshlab shifobaxsh asal tayyorlanib, bu mahsulot  viloyatimizning bir qator tumanlariga, shuningdek Farg‘ona vodiysiga, Xorazm va Qashqadaryo vohalariga tegishli buyurtmalar asosida yetkazib berilayotganligiga amin bo‘ldilar. Eʼtiborlisi, ushbu yo‘nalishdagi ishlar navbatdagi bosqichda davom etayotgan bo‘lib, yaqinda “Biznesni rivojlantirish banki” tuman bo‘limi tomonidan ajratilgan 100 mln so‘mlik imtiyozli kredit evaziga “Amirxon-Azizbek-Aziza” MCHJ rahbari Z.Ramazonov asl ishlab chiqarishda nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Ukraina davlatida ishlab chiqarilgan maxsus apparatni korxonasiga keltirib o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Bugungi kunda bu yerda 4 kishining bandligi taʼminlangan. Hozirgi paytda ular tomonidan asalari uyalari uchun ramkalar, asalari qutilari tayyorlanmoqda. Har mavsumda bu yerda 60 kilogramdan shifobaxsh asal tayyorlash va isteʼmolchilarga yetkazib berish  imkoniyati mavjud. Asal yetishtirishda qo‘llaniladigan dori vositalari esa Farg‘ona vodiysidan olib kelinmoqda.

Tumandagi sektorlar va tadbirkorlik subyektlari faoliyati ham o‘rganib chiqilib, joylardagi ayrim muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq maslahat, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Ishchi guruh aʼzolarining o‘rganishlari viloyat bo‘yicha davom etmoqda.

  • Ko'rildi
    33
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+