Buxorolik maslakdoshlarimiz safi tobora kengayib bormoqda

02.04.2024, 16:56

Buxorolik maslakdoshlarimiz safi tobora kengayib bormoqda

Joylarda partiya faollari tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarida kutilgan samaradorlikka erishishda hech mubolag‘asiz O’zLiDeP quyi bo‘g‘inlari ishchanligi va tashabbuskorligi muhim ahamiyat kasb etishi o‘z-o‘zidan ayon. Darhaqiqat, BPTlarning talab darajasidagi izchil faoliyati joylarda partiyamiz obro‘-e’tibori va nufuzining oshishida asosiy mezon deb belgilanishi ham bor gap. Aynan shu partiyaviy jihat viloyatimizning Buxoro shahri, shuningdek, G’ijduvon, Qorako‘l, Vobkent, Jondor va Shofirkon tumanlarida o‘tkazilgan bu yilgi quyi bo‘g‘inlardagi hisobot-saylov yig‘ilishlarida yaqqol ko‘zga tashlandi.

Bugungi kunda Buxoroda O’zLiDePning 886 ta tayanch bo‘g‘ini bo‘lib, ular o‘z atrofiga 101510 nafar partiya a’zosini birlashtirgan. Bu o‘tgan 2023 yilning shu davriga nisbatan
22534 nafarga ko‘pdir. Son ortidan quvib sifat ko‘rsatkichiga asosiy e’tibor qaratilmayapti, degan fikrdan yiroqmiz, albatta. Shu kungacha hisobot saylov yig‘ilishlari o‘tkazilgan 842 ta BPTda kun tartibida belgilangan masalalar bilan birga o‘tgan davr ichida siyosiy tuzilmamizning dasturiy maqsad-vazifalarini o‘z kasb-koridan qat’iy nazar kundalik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olgan 22534 nafar buxorolik maslakdoshlarimizning O’zLiDeP safiga qabul qilinganligidan ham bilib olish qiyin emas. E’tiborlisi, partiyamiz yangi a’zolari safining viloyatdagi bir qator yirik korxonalarda, xususan  “Buxoro Agroklaster”, “Tola klaster”, “Parvoz Xumo Ravnaq Trans”, “BCT Cluster”, “G’ayrat Chodak” MChJlari va “Buxoro neftni qayta ishlash” zavodida tashkil etilgan O’zLiDeP quyi bo‘g‘inlarida kengayib borayotganligi e’tiborlidir.

Tanqidiy va taxliliy ruhda o‘tkazilgan bu yilgi hisobot-saylov yig‘ilishlari partiya viloyat, tuman va shahar Kengashlari mas’ullari hamda mahalliy Kengash deputatlarining ishtiroki quyi bo‘g‘inlar faoliyatidagi ayrim xato va kamchiliklarni ro‘y-rost tan olish imkonini ham berdi. Shu tariqa o‘z ishiga noloyiq deb topilgan, siyosiy bilim va amaliy tajribasi bugungi kun talablariga javob bermaydigan 33 nafar yetakchi o‘z vazifasiga qayta saylanmadi. Ular o‘rniga serg‘ayrat, tashabbuskor, bilimli va izlanuvchan safdoshlarimizga yuksak ishonch bildirilib, kelgusida ular g‘ayrat-shijoat bilan faoliyat olib boradigan bo‘ldilar. Tabiiyki, BPTlar yangi raislarining ko‘pchiligini yosh avlod vakillari tashkil etadi.

Barcha yerda bo‘lganidek, viloyatdagi partiya quyi bo‘g‘inlarida o‘tkazilgan bu yilgi hisobot saylov yig‘ilishlarida ham “O’zbekiston - 2030” strategiyasi hamda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan boshlang‘ich partiya tashkilotlari oldida turgan vazifalar atroflicha muhokama qilinib, hududlarda kichik, o‘rta biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, atrof-muhit musaffoligiga erishish va boshqa masalalar bo‘yicha ishlab chiqilgan istiqbolli loyihalar ijrosini ta’minlash diqqat markazida turadigan bo‘ldi.

Zotan Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga o‘tkaziladigan saylovlar yilida viloyatdagi partiyaviy-tashkiliy, targ‘ibot-tashviqot ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish joylardagi O’zLiDeP quyi bo‘g‘inlari zimmasidagi dolzarb vazifalardan biridir. Bo‘lajak muhim siyosiy jarayonga puxta tayyorgarlik doirasidagi barcha tadbirlarning eng faol BPTlar ishtirokida o‘tkazilishi partiyamizning navbatdagi siyosiy jarayonda muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Abdurasul Mansurov,

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi

Tashkiliy-partiyaviy va istiqbolli kadrlar bilan

ishlash bo‘limi mudiri

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    41
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+