Deputat G’ijduvonlik saylovchilar muammolarini “xonadonbay” o‘rgandi

21.04.2024, 13:36

Deputat G’ijduvonlik saylovchilar muammolarini “xonadonbay” o‘rgandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh.Bafoyev G’ijduvon tumanining “A.G’ijduvoniy” hamda “Chorsu” MFYlaridagi aholi xonadonlarida ham bo‘lib, turli yoshdagi kishilarni qiynab kelayotgan ayrim muammolar bilan ham qiziqdi. Ana shunday yechimini kutib qolgan masalalardan biri ishsizlik bo‘lib, Sh.Bafoyev o‘z saylovchilari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari chog‘ida endilikda yurtimizdagi barcha MFYlarda yangicha yettilik tizimining joriy etilganligi jamiyatimizning ushbu birlamchi bo‘g‘ini hisoblangan mahallalar faoliyatini ham yangi bosqichga ko‘tarish imkonini berganini, binobarin, hududlardagi ishsizlik muammosi ana shu istiqbolli tizim, aniqrog‘i MFYlardagi hokim yordamchilari ko‘magida ijobiy hal etilishi zaruligini aniq misollar asosida tushuntirib berdi.

Aholi xonadonlaridagi uchrashuvlarda shuningdek, amaldagi qonunchilikka keyingi paytda kiritilgan o‘zgartirishlar, xususan, uy-joy, ekologiya masalalariga oid yangiliklar, bola huquqlari bilan bog‘liq me’yoriy hujjatlar, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda eng keyingi hukumat qarorlaridan biri- yoqilg‘i energetika masalalariga oid muhim hujjatning mazmun-mohiyati va unda ilgari surilgan dolzarb vazifalar bo‘yicha to‘laqonli ma’lumotlar aholi vakillari e’tiboriga havola etildi.

Shu kuni deputat Sh.Bafoyev tumandagi “Salimov akademiyasi” xususiy ta’lim muassasasida ham bo‘lib, bu yerdagi o‘quv jarayonini ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu ta’lim muassasasida bugungi kunda 900 nafar o‘quvchiga 5 ta yo‘nalishdagi fan asoslari chuqurlashtirilgan holda o‘rgatilyapti. Kimyo-biologiya, ona tili va adabiyot, tarix, matematika fanlari shular jumlasidandir. O’tgan o‘quv yili yakuniy natijalariga binoan, 30 nafar bitiruvchidan 93 foizining oliy ta’lim bilan qamrab olinganligi ushbu bilim dargohida yuqori sifat va samaradorlikka erishilayotganligidan dalolat beradi.

Sh.Bafoyevning xususiy ta’lim muassasasi pedagoglari va o‘quvchi yoshlari bilan o‘tgazgan samimiy uchrashuvlari va yuzma-yuz muloqotlari davomida mamlakatimiz ta’lim tizimidagi bardavom islohotlar va ularning natijadorligi bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.

  • Ko'rildi
    29
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+