“Qo‘lba”liklar O‘zLiDeP sayyor qabulida toza ichimlik suvi yetishmasligidan shikoyat qilishdi

04.12.2018, 12:22

“Qo‘lba”liklar O‘zLiDeP sayyor qabulida  toza ichimlik suvi yetishmasligidan shikoyat qilishdi

O‘zLiDeP Samarqand tuman Kengashi “Qo‘lba” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun sayyor qabul tashkil etdi.

Qabulda so‘z olgan J.Norbekov toza ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekayotganini aytib, shu masalada ko‘mak so‘radi. Uning murojaatini tuman “Suvoqova” ishlab chiqarish davlat korxonasi xodimi M.Xo‘jaboyeva o‘z zimmasiga olib, yaqin kunlarda hal etib berishga va’da berdi.

Shu mahallada yashovchi S.Choriyeva va P.Isayev mahalla hududida aholi tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlari kuzatilayotganini aytib, chiqindilarni vaqtida olib ketishni tartibga solishda yordam so‘rab murojaat qilishdi. Mazkur murojaat yuzasidan tuman “Toza hudud” DUK filial boshlig‘i R.Xayrullayev qo‘yidagicha izoh berdi.

–“Qo‘lba” MFY aholisining qariyb 70 foizi “Toza hudud” DUK  tuman filiali bilan shartnoma tuzmagan, – dedi R.Xayrullayev. – Shunga qaramasdan, haftada bir marotaba hududdagi chiqindilarni olib ketyapmiz.

Shuningdek, R.Xayrullayev atrof-muhit tozaligi uchun barcha birdek mas’ul ekanini aytib, muammoni ijobiy hal etish uchun har bir mahalla, har bir xonadon “Toza hudud” DUK filiali bilan shartnoma qilishini bildirdi.

Ta’kidlash kerak, sayyor qabul davomida hudud aholisi tomonidan turli masalalarga oid 20 ga yaqin murojaat kelib tushdi. O‘rganishlar davomida ularning salmoqli qismi joyida hal etildi, qolganlari qat’iy nazoratga olindi.

Baxtigul QARShIYEVA,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot kotibi

Teglar
Sayyor qabul
  • Ko'rildi
    943
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+