Ustuvor vazifalar belgilandi

12.12.2017, 15:55

Ustuvor vazifalar belgilandi

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida tilga olingan ulkan va ezgu vazifalarni izchil amalga oshirishga qaysidir idoralar emas, balki hammamiz birdek mas’ulmiz. Har bir yurtdoshimiz Vatanimiz ravnaqiga, xalqimiz turmush darajasi yuksalishiga baholi qudrat ulush qo‘shishi darkor. Taraqqiyot yo‘li ravon, silliq emas. Yuzaga kelayotgan muammolar, qiyinchiliklarni bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlik bilan yengish zarur.

Prezidentimiz xalq mansabdorlar oldiga emas, balki amaldorlar xalqimiz oldiga borayotgani, bu esa katta o‘zgarish ekanini qayd etdi. Ma’ruzada sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari hamda tijorat banklari rahbarlari tomonidan joriy yilda mamlakatimizning ko‘plab hududlarida sayyor qabullar o‘tkazilgani, ushbu tadbirlarda fuqarolar tomonidan kredit ajratish, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari qarorlariga doir, bandlik va ish haqi to‘lovlari, tadbirkorlik, elektr va tabiiy gaz ta’minoti, sog‘liqni saqlash va boshqa masalalarga oid 22 ming 186 ta murojaat bildirilgani, ularning 6 ming 484 tasi joyida hal etilgani, 15 ming 702 tasi tegishli organlarga ko‘rib chiqish uchun topshirilgani, 94 ta holat yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlanib, aybdor shaxslarning javobgarligi belgilangani alohida tilga olindiki, bu ham yurtimizda inson huquq va manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi. Ma’ruzada xalqimizning farovon hayotini ta’minlash maqsadida davlat hamda turli darajadagi ijro hokimiyati organlari oldida turgan birinchi galdagi vazifalar belgilab berildi.

Ma’ruzada xalqimiz turmush farovonligini oshirish, davlatimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, xalq ta’limi, xususan, maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, aholi salomatligini saqlash, ijtimoiy adolat tamoyilini, shuningdek, fuqarolarning fikr, so‘z va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, fuqarolar, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro mas’uliyat, huquq va burch bog‘liq ekaniga oid tamoyilni izchil amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, xususiy mulk daxlsizligini amalda ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, mamlakat tashqarisida ham o‘z fuqarolarining huquqiy himoyasini kafolatlashi haqidagi konstitutsiyaviy qoidaning ijrosini so‘zsiz ta’minlash masalalarini o‘z ichiga olgan 8 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha vazifalar aniq-ravshan belgilab berilgani va ularning amalga oshirilishi mamlakatimizni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga olib chiqishi shubhasiz. Muxtasar aytganda, Prezidentimizning ushbu ma’ruzasi bundan buyongi faoliyatimiz uchun asosiy dasturilamaliga aylanadi.

Tohir BAHRONOV,

Oliy Majlis Senati a’zosi,

Buxoro xalqaro aeroporti direktori

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1377
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+