Taraqqiyotimizning yangi bosqichi ko‘ngillarni shod, shaharlarni obod qilmoqda

25.12.2017, 18:44

Taraqqiyotimizning yangi bosqichi ko‘ngillarni shod, shaharlarni obod qilmoqda

Oxirgi bir yil ichida xalqimiz tafakkuri, ong-u shuuri, dunyoqarashi va ijtimoiy-siyosiy faolligi yuksaldi. Ikki yil burun seriallar va san’atkorlarning kiyinishi-yu, yurish turishi haqida gapirishdan nariga o‘tmagan zamondoshlarimiz bugun hayot haqiqatlari keng muhokama etyapti. Katta-kichik masalalar yuzasidan fikr bildiryapti, muammolarni hal etish bo‘yicha taklif-tavsiyalarini bermoqda. Bir so‘z bilan aytganda, taraqqiyotimizning yangi davri xalqimizga o‘z fikrini erkin bayon etishga va jasoratli bo‘lishga o‘rgatdi. Bu jasorat bizda islohotlarga bo‘lgan daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirdi, ijtimoiy-siyosiy hayotga bo‘lgan qiziqishimizni oshirdi. E’tibor beryapsizmi, xalqimiz davlatimiz rahbarining har bir ma’ruzasi va hududlarga tashrifini ishtiyoq bilan kuzatyapti. “Prezident falon sohadagi kamchiliklarni ochiqchasiga aytib tashladi”, “Mirziyoyev yoshlar tarbiyasi bo‘yicha xalqning dardini gapirdi”, “Prezident falon vazirni joyiga o‘tirg‘izib qo‘ydi” kabi xalqona gap-so‘zlarni eshitishga o‘rganib qoldik.   

Davlatimiz rahbarining 15-16 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini ham barchamiz katta hayajon bilan kuzatdik. Yurtboshimizning qaraqalpoq xalqinining turmush darajasini ko‘tarish, odamlarning daromadini ko‘paytirish, agrar sohadagi islohotlarni mintaqaning iqlim sharoitidan kelib chiqib olib borish haqida aytgan fikrlari oddiy xalqni-da to‘lqinlantirib yubordi. Tashrif yakunlariga doir o‘nlab tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishi Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlandi. Tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Yakubov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashrifidan kelib chiquvchi dolzarb yo‘nalishlar partiya zimmasiga katta mas’uliyat yuklashini hamda bu borada O‘zLiDeP va uning deputatlik guruhlari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy sa’y-harakatlar, belgilab olinishi zarur bo‘lgan istiqboldagi loyihalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Bizni sinchkovlik bilan kuzatib borayotgan o‘quvchi tadbir tafsilotlaridan yaxshi xabardor. Shu bois tafsilotlarga to‘xtalib o‘tirmadik. Zotan, tadbir ishtirokchilarining fikr-mulohalari, taklif-tavsiyalari va xulosalari biz uchun ham siz uchun har doimgidan-da muhimroq. 

Sarsenbay SEYITNAZAROV,

O‘zbekiston Qahramoni, “Tayimbet” fermer xo‘jaligi rahbari:

– Fermer deganda, eng avvalo, paxta va g‘alladan mo‘l hosil olayotgan omilkor dehqon ko‘z o‘ngimizda gavdalanardi, – deydi. – Ammo boshqa tarmoqlardan ham katta daromad olish mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmagan ekanmiz. Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga tashrifi biz fermerlarga hayotga yangicha qarashga o‘rgatdi. Yurtboshimizning tashabbuslari bilan 2018-2019 yillarda meva-sabzavot va go‘shtni qayta ishlash, sovutgichlar qurish bilan bog‘liq 70 loyiha ishga tushishini eshitib, behad quvondik. Chorvachilik va parrandachilik bo‘yicha 250 loyiha orqali 730 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi tahsinga sazovor. Bu esa xalqimizning turmushi farovon, dasturxoni yanada to‘kin bo‘lishiga xizmat qiladi.

Yana bir fikrga alohida to‘xtalmoqchiman. Chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish bevosita hududlarning sanoat salohiyatini ham yuksaltiradi. Chunki mazkur ikki soha o‘z-o‘zidan go‘shtni va sutni qayta ishlash korxonalarini tashkil etishga zamin yaratadi. Birgina misol keltiramiz: mutaxasislar sutni eng arzon va serdaromad xomashyo deb bilishadi. Saryog‘, qattiq, brinza, tvorog kabi mahsulotlarning “otasi” ham “onasi” ham – sut. Mana shu faktning o‘ziyoq, sutni qayta ishlash sohasi  katta sanoat ekanini isbotlab turibdi. Agar har bir tumanda 5 tadan ana shunday korxona faoliyat ko‘rsatsa, respublikamiz bo‘yicha nechta yangi korxona ish boshlaydi? Har bir korxonada o‘rtacha 10 nafardan odam ishlasa, qancha yurtdoshimizni ish bilan band qilgan bo‘lamiz, qancha oilaning ro‘zg‘ori but bo‘ladi! Prezidentimizning chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha aytayotgan fikrlarining mohiyati qanchalik chuqurligini yuqoridagi mulohazalardan yanada teranroq anglash mumkin.

Bibijon OROLBOYEVA,

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi o‘rinbosari:

– Prezidentimiz tashrifi chog‘ida yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, innovatsion texnologiyalar asosidagi yangi korxonalarni ishga tushirish kerakligiga alohida e’tibor qaratdilar. Biz mazkur yo‘nalishda O‘zLiDeP bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldik. Jumladan, partiyaning “Start up” loyihasi kashf etayotgan iqtidorli yigit-qizlar bilan ishlab chiqarishga innovatsion g‘oyalarni keng targ‘ib etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz. Partiya bilan bu hamkorligimiz iqtidorli yigit-qizlarni rag‘batlantirish va mamlakatimiz sanoati salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Darvoqe, Prezidentimiz hali Qorqalpog‘istonga tashrifidayoq innovatsion texnologiyalarni keng jalb etgan holda tadbirkorlikni rivojlantirish haqida gapirgan edilar. Ne tongki, bu fikrlar yangi Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilining bosh g‘oyasiga aylanyapti.

Abdujabbor TLEUOV,

O‘zLiDeP Mo‘ynoq tuman Kengashi raisining o‘rinbosari:

– Tumanimizni 2017-2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha maxsus qaror asosida 52 milliard so‘mlik 72  ta loyihani amalga oshirish va xalqimiz uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish vazifalari belgilandi. Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 20,5 gektar maydonda “Mo‘ynoq” kichik sanoat zonasini tashkillashtirish ishlari davom etmoqda. Joriy yil 1 iyul kuni “Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq magistral suv tarmog‘i” orqali aholimiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Endi respublikamizning eng olis tumanida istiqomat qilayotgan aholi ham toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lyapti. Shu o‘rinda bir fikrni alohida urg‘ulashni istardim. Mo‘ynoqliklar uzoq yillardan buyon ichimlik suvi muammosidan qiynalib kelishardi. Vaziyat shu darajaga yetib borgan ediki, aholining aksariyat qismi yashash uchun boshqa shaharlarga ko‘chib ketishga majbur bo‘lishdi. Toza ichimlik suvi kelganidan keyin Mo‘ynoqda yana hayot qaynayapti. Odamlar hayotidan rozi, ertangi kunga ishonchi baland. Bir so‘z bilan aytganda, taraqqiyotimizning yangi bosqichi ko‘ngillarni shod, manzillarni obod qilyapti.  

Hasan SALOMOV,

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

 

  • Ko'rildi
    1547
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+