Islom Karimov – mustaqillik me’mori

30.01.2018, 16:39

Islom Karimov – mustaqillik me’mori

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi, hurriyatimiz asoschisi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi ulkan tarixiy xizmatlarini yosh avlodga ibrat qilib ko‘rsatish va yorqin xotirasini abadiylashtirish maqsadida barcha hududlarda xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda. Namangan viloyatida ham O‘zLiDeP viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Islom Karimov – mustaqillik me’mori” mavzusida madaniy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.

Mamlakatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, kollej o‘qituvchilari, talaba yoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etishdi. Uchrashuvda birinchi Prezidentimiz o‘zining ko‘p qirrali siyosiy faoliyati, yuksak insoniylik fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgani, butun faoliyati davomida elim deb, yurtim deb, yonib yashagani bois ham xalqimiz yuragidan chuqur o‘rin egallab, katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgani e’tirof etildi.

– Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan barcha islohotlar xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, dasturxonimiz to‘kin-sochinligi hamda farzandlarimiz baxtu-kamoli uchun xizmat qildi, – deydi O‘zLiDeP Namangan viloyati Kengashi apparat rahbari Nosirjon Abdullayev. – Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin”, degan ezgu g‘oyani yoshlarimiz ongiga singdirishimiz kerak, bu orqali ularni milliy g‘oyaga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashimiz lozim. Shunda partiyamiz oldida turgan eng muhim maqsadlarimizdan biriga erishgan bo‘lamiz.

Tadbirda talabalar tomonidan sahnalashtirilgan chiqishlar namoyish etildi. Kollej o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Mustaqillik me’mori”, “Mening birinchi Prezidentim” mavzularida insholar va rasmlar tanlovi g‘oliblariga partiyaning faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Rustamjon HAKIMOV,

                                               O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi mafkuraviy, tashviqot-targ‘ibot

ishlari bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2997
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+