Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi – korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim omili

01.02.2018, 18:52

Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi – korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim omili

Ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan islohotlarda nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) muhim rol o‘ynaydi. Ayni vaqtda mamlakatimizda 9 mingdan ziyod NNTlar, 29 xalqaro va xorijiy nodavlat tashkilotlar filiallari va vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, hali hamon jamoat tashkilotlarining aholi muammolarini tizimli ravishda o‘rganish, ularni hal etish, ayniqsa yoshlar va ayollar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishdagi ishtiroki talab darajasida emas.

Korrupsiya kabi salbiy holatga qarshi kurashni takomillashtirish masalalari alohida e’tiborni talab etmoqda. 2017 yil dekabrida mamlakatimiz parlamenti – Oliy Majlisga Murojaatnomasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish muhimligini alohida qayd etdi. Ta’kidlash joizki, O‘zLiDePning dasturiy hujjatlarida, shu jumladan, Saylovoldi platformasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga alohida ahamiyat berish hamda mansabdor shaxslar tomonidan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qonunda ko‘zda tutilgan huquqni qo‘llash amaliyotida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi bevosita qayd etilgan, bu esa ularning faoliyatida korrupsiya, byurokratizm va rasmiyatchilik holatlariga qarshi kurashishning ta’sirchan vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu masalalar va O‘zLiDePning saylovoldi va’dalarini hayotga tadbiq etish yo‘llari haqida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar haraqati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Respublika korrupsiyaga qarshi kurashish idoralararo komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish” mavzusidagi davra suhbatida so‘z yuritildi.

Mazkur tadbirda tashkilotchilar bilan bir qatorda turli vazirlik va idoralar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi, O‘zRNNTMA, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, FJShMQMI, «Nuroniy» va «Mahalla» jamg‘armalari, Savdo-sanoat palatasi, Banklar assotsiatsiyasi, Advokatlar palatasi, «Ijtimoiy fikr» IFO‘M, EOAVMA, O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va AA qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda hali ham davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning aniq huquqiy mexanizmi yaratilmagan, bu esa nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan davlat organlari va mansabdor shaxslarning ularga yuklatilgan vazifalarni ijro etishlarini ob’ektiv baholashga to‘siq bo‘lmoqda. Bunda 2017-2018 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturida davlat organlari faoliyati ustidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Qayd etilishicha, O‘zLiDeP deputatlik korpusi mazkur omilni ushbu yo‘nalishdagi qonun loyihasini ishlab chiqish doirasida hisobga olishi lozim.

Shuningdek, majlis ishtirokchilari ta’kidlaganidek, davlat va jamoat boshqaruvida jamoat nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan va amaliy mexanizmlarini joriy etish uchun tashkil etilishi davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha Maslahat kengashining samarali faoliyati zarur.

Davlat organlarining NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan korrupsiyaga qarshi kurashish va unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish sohasida ijtimoiy sheriklikni faollashtirish masalalarini hal etish ham zarur. Xususan, davra suhbati doirasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish, mazkur sohada tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash sohasida ijtimoiy sheriklikning mazmun-mohiyati va o‘ziga xos jihatlari ochib berildi.

Davra suhbatining ikkinchi qismida kichik guruhlardagi sho‘‘ba muhokamalarida korrupsiyani, davlat organlari, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma rejalarini amalga oshirishga halaqit qilayotgan omillarni oldini olish va uni bartaraf etish sohasida ijtimoiy sheriklik samaradorligini oshirishda to‘siq bo‘layotgan asosiy muammolar har tomonlama ko‘rib chiqildi. Bahs-munozaralar davomida davlat organlari, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida bitimlar va shartnomalar tuzish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlari hamda davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish bo‘yicha jamoat kengashlarini ularning tarkibiga jamoat tashkilotlari va OAV vakillarini kiritgan holda tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Umuman olganda, davra suhbati korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida fikr almashish uchun navbatdagi munozara maydonchasiga aylandi. Tadbir yakunlari bo‘yicha O‘zLiDeP va Respublika korrupsiyaga qarshi kurashish idoralararo komissiyasining ijtimoiy sheriklik doirasida “Yo‘l xaritasi” loyihasi tayyorlandi, ularni “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida” qonun loyihasi ustida ish olib borish va davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish bo‘yicha jamoat kengashlarini tuzish jarayonida e’tiborga olish uchun takliflar ishlab chiqildi. Bu kabi amaliy ishlar O‘zLiDePning davlat tuzilmalari bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish kabi strategik muhim vazifani hal etishga salmoqli hissa bo‘ladi.                                                                    

O‘zLiDeP matbuot xizmati

FOTOLAVHALAR

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    7782
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+