Hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlar

10.03.2018, 14:51

Hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlar

Furqat Xatamov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi apparat rahbari:

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining yuksak minbaridan bugungi kunda mintaqani tinch va iqtisodiy farovonligiga erishish maqsadida mamlakat tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishi sifatida Markaziy Osiyoni tanladi. Bunda O‘zbekiston muloqot, konstruktiv o‘zaro hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashni qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. Bularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikiston Respublikasiga tarixiy tashrifi asnosida o‘z ifodasini to‘liq topdi.

Avvalambor, bu ikki davlat rahbarlari muzokaralari yakunlari bo‘yicha imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Do‘stlik va yaxshi qo‘shnilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonot, O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomasidir. Shuningdek, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga doir 27 hujjat imzolandi. 

Bu bilan ushbu salmoqli hujjatlar to‘plami mamlakatlarimiz va qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun yangi huquqiy asos yaratadi. Shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari manfaatlari, umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlar va standartlarga rioya etgan holda suv-energetika resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish zarurligi ta’kidlanganligini alohida qayd etamiz.

Bu bilan O‘zbekiston va Tojikiston xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, xalqaro muammolarni hal etish, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatlarning boshqa turlariga qarshi kurashish sohasidagi davlatlararo o‘zaro hamkorligini mustahkamlashda mushtarak intilishni namoyon etdilar. O‘zLiDeP fikricha, bo‘lib o‘tgan davlat tashrifi davomida imzolangan ko‘plab hujjatlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha mavjud ulkan salohiyatni to‘liq ishga solish va uzoq muddatli o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Xabibullo Yormatov,

Tadbirkor, O‘zLiDeP faoli:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon  taklifiga ko‘ra ushbu mamlakatga davlat tashrifi bilan bordi, uning doirasida ochiqlik va o‘zaro anglashuv ruhida ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim masalalari muhokama etildi. Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston bilan Tojikistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa ustuvor sohalardagi munosabatlarini mustahkamlashga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Xususiy tadbirkorlik sohasi vakili va O‘zLiDeP faoli sifatida mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish, ishbilarmonlarning bevosita muloqotlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish muhimligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Darhaqiqat, 2017 yil yakunlariga ko‘ra, bugungi kunda savdo-iqtisodiy aloqalar borasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 240 million dollarni tashkil etdi. Lekin bizning ishonchimiz komilki, bu mamlakatlarimiz biznes-doiralarining salohiyatiga mos emas. Xususan, mamlakatimizda tojikistonlik sarmoyadorlar ishtirokida tuzilgan 25 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, bu esa ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada kengaytirish muhimligidan dalolat beradi.

Jumladan, bu O‘zLiDeP fikricha, yengil sanoat, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir masalalardir. Bu, o‘z navbatida, yangi qo‘shma korxonalar va savdo uylarini tashkil etish, tashqi savdo infratuzilmalar va eksport-import operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, ikki tomonlama biznes-forumlar va sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalarini tashkil etishni davom ettirishni talab etadi.

Oliy darajada bo‘lib o‘tgan muzokaralarning muhim yakuni bu tranzit, mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish to‘g‘risida erishilgan kelishuvlardir. Tomonlar alohida e’tibor qaratgan umumiy transport-kommunikatsiya imkoniyatlari va ikki mamlakat tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish zarurati O‘zbekiston ishbilarmon doiralari o‘rtasida ijobiy baholandi. Partiyamiz fikricha, ilgari mavjud bo‘lgan va yangi avtomobil, temir yo‘l va havo yo‘llarini tiklash va tashkil etish borasida hamkorlikni kengaytirish masalalari ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, o‘zaro hurmat, ishonch va fikrlar almashuvi ruhida o‘tgan muzokaralar, O‘zLiDeP fikricha, tomonlar manfaatlariga mos bo‘lgan kelishuvlarga erishish uchun muhim qadam bo‘lib, O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi. Bunda erishilgan kelishuvlar nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqa xalqlari uchun katta ahamiyat kasb etadi.

  • Ko'rildi
    1176
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+