“Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida

08.06.2018, 09:30

“Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


So‘nggi yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va bunyodkorlik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash orqali aholiga munosib hayot sharoitlarini yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, bandlikni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. 

Shu bilan birga, olib borilgan tahlil natijalari joylarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, bandlikni ta’minlash, o‘z mehnati bilan daromad topish istagida bo‘lgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish ishlari talab darajasida emasligini ko‘rsatmoqda. 

Mehnatkash xalqimizning qadimiy kasb-hunar an’analari, ishbilarmonlik salohiyati oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik va boshqa tadbirkorlik faoliyati turlarini keng ommalashtirish, ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun katta tajriba va zaxira mavjudligidan dalolat beradi. 

Har bir oilaning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida: 

1. Belgilab qo‘yilsinki, mamlakatimizning har bir tuman va shahrida, eng avvalo olis va tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir hududlarda aholining moddiy sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi sifati va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb yuritiladi) amalga oshiriladi. 

2. Quyidagilar Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin: 

tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholining tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning har bir bosqichida mutasaddi idoralar tomonidan tizimli amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash; 

tadbirkorlik va daromad keltiradigan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmagan aholiga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish va tegishli faoliyat turini tashkil qilishga amaliy yordam ko‘rsatish; 

tadbirkorlik subyektlari faoliyatini kengaytirishga amaliy yordam berish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish; 

kasanachilik va kichik hajmda ishlab chiqaruvchi subyektlarni (mikrofirmalarni) tashkil etish uchun moliyaviy yordam berish orqali aholiga qo‘shimcha daromad ishlab topish imkoniyatini yaratish; 

qishloq va mahallalarning ixtisoslashuvini (hunarmandchilik, tikuvchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini yetishtirish, ixcham issiqxonalar tashkil qilish va boshqalar) hisobga olgan holda mazkur sohada ijobiy natijalarga erishgan ishbilarmonlik tajribasiga ega tadbirkorlarni mahallalarda yangi biznes faoliyati bilan shug‘ullanishni boshlagan oilalarga biriktirish – mini-klasterlar tashkil etish; 

joylarda oilaviy tadbirkorlikka ko‘rsatiladigan xizmatlar ko‘lamini tubdan kengaytirish, tadbirkor oilalarning ishlab chiqargan mahsulotlari savdosini tashkil qiluvchi bozor infratuzilmasi obyektlari, xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalarini barpo etish; 

qishloq va mahallalarda bo‘sh turgan yer maydonlarini yangi tashkil etilayotgan oilaviy tadbirkorlik subyektlariga berish orqali aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratish; 

vaqtinchalik moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlab, ular faoliyatini tiklash va qonuniylashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish. 

3. Dasturni amalga oshirish uchun quyidagi ishchi guruhlar tuzilsin: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida 

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha tashkiliy ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar); 

investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalariga mas’ul bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosarlari rahbarligida Aholiga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish va tavsiyalar berish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda – Maxsus ishchi guruhlar); 

tuman (shahar) hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida Tadbirkorlik faoliyati tashkil etishga amaliy yordam berish hamda monitoring qilish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda – Hududiy ishchi guruhlar). 

Bunda: 

Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar Markaziy bankning hududiy boshqarmalari, hududiy moliya, soliq, investitsiya boshqarmalari, tijorat banklari hududiy filiallari va iqtisodiy majmuaga kiruvchi boshqa idoralarning mas’ul xodimlari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy bo‘linmalari rahbar xodimlari; 

Maxsus ishchi guruhlar hududiy Savdo-sanoat palatasi, investitsiya, soliq boshqarmalari, tijorat banklari hududiy filiallari, “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy bo‘linmalari vakillari; 

Hududiy ishchi guruhlar iqtisodiy majmuaga kiruvchi tashkilotlar malakali mutaxassis xodimlarining 50 foiz qismidan, bank filiallari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘linmalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari va profilaktika inspektorlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi. 

4. Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlarga: 

Hududiy ishchi guruhlarning har bir oilani o‘rganish natijalari bo‘yicha ishlarini muvofiqlashtirish; 

Hududiy ishchi guruhlar tomonidan o‘rganish natijalari bo‘yicha kiritilgan muammolarni hal etish choralarini ko‘rib borish, respublika miqyosida hal etilishi zarur bo‘lgan masalalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralarga kiritib borish; 

tuman va shaharlarda tadbirkorlik faoliyati rivojlanishi uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish, yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish; 

aholini tadbirkorlikka jalb etish, faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida Hududiy ishchi guruhlarning faoliyatini muntazam ravishda monitoring qilib borish va har oy natijalari bo‘yicha ular faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlarini belgilash; 

har bir tuman va shaharda Dasturda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalari xususida Dastur koordinatorlariga batafsil axborot kiritib borish vazifalari yuklatilsin. 

5. Maxsus ishchi guruhlarga: 

tadbirkorlik bilan shug‘ullanish ishtiyoqida bo‘lgan fuqarolarni ushbu faoliyatga yo‘naltirish uchun joylarga chiqqan holda “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish asoslari va uning mahalliy sharoitlarga mos bo‘lgan turlari” mavzusida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazib, ularga aniq hisob-kitoblar asosida ishlab chiqilgan turli yo‘nalishlardagi tayyor biznes-rejalarni taqdim etish; 

ichki va tashqi bozorlarni doimiy ravishda o‘rganib borgan holda barqaror hamda dolzarb talabga ega bo‘lgan mahsulotlarning ro‘yxati va hajmi yuzasidan ma’lumotlar bazasini shakllantirish, har oyda yangilab borish hamda ushbu ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘idan keng foydalangan holda aholiga muntazam ravishda yetkazib borish va yo‘nalishlar berib borish; 

xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zamonaviy mini-texnologiya va boshqa uskunalarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan oilalarga taqdimotlarini o‘tkazish va sotib olishiga ko‘maklashish; 

ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholiga kasanachilik va kichik hajmda mahsulot ishlab chiqaruvchi mikrofirmalarni tashkil etish orqali qo‘shimcha daromad topish imkonini yaratish; 

tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish 

(shu jumladan, byudjet tashkilotlariga) orqali ularning faoliyatiga ko‘maklashish yuklatilsin. 

6. Hududiy ishchi guruhlarga: 

har bir oila va xonadonlarni xatlov asosida qamrab olgan holda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish salohiyati, istak va takliflarni sinchkovlik bilan o‘rganish; 

o‘rganish davomida oilalarning tadbirkorlik g‘oyasi va ko‘nikmasi, ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yetarli sharoitlari mavjudligini aniqlash; 

hovli va ko‘p qavatli xonadonlarda yashovchi har bir oilaning tadbirkorlik salohiyati va imkoniyatlarini tahlil qilish, yashash hududining xususiyatidan kelib chiqqan holda ularning tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishlari uchun keng qamrovli yo‘nalishlar berish va ko‘maklashish; 

tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yoki rivojlantirish istagida bo‘lgan shaxslarga tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratish ishlarini tashkillashtirish; 

aholining shaxsiy tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish yuzasidan takliflar berish, ularni amalga oshirishga ko‘maklashish; 

tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan oilalarga yangi loyihalarni amalga oshirish hamda ayrim sabablarga ko‘ra faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik subyektlari va hunarmandlar faoliyatini qayta tiklash uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilishi hamda mavjud muammolar hal etilishiga amaliy yordam berish; 

tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, uni amalga oshirishda hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqa davlat xizmatlari ko‘rsatilishida tavsiyalar hamda ko‘mak berish; 

har oyda kamida bir marta tadbirkorlikni yangi tashkil qilgan oilalarga tashrif buyurib, faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganib borish, ularni bartaraf etish va ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanish samaradorligini o‘rganish; 

o‘rganish natijalari bo‘yicha hudud va respublika miqyosida hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar va takliflarni Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlarga kiritib borish vazifalari yuklatilsin. 

7. Dastur amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, tizimli monitoring qilish va ro‘yobga chiqarilishiga ko‘maklashish O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari A.R.Karimov, iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari A.J.Ortiqov, Markaziy bank raisining o‘rinbosari A.R.Islamovlar – Dastur koordinatorlariga yuklatilsin. 

Dastur koordinatorlari ishchi guruhlar tomonidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan har oy yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot kiritib borsin. 

8. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga zarur bo‘lgan holatlarda Dasturda belgilangan vazifalarni qo‘shimcha moliyalashtirish tavsiya etilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) Dastur doirasida tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kreditlarga ustuvor ravishda kafilliklar va foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar ajratsin. 

Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar Jamg‘armaga tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladigan yo‘nalishlarni kengaytirish yuzasidan takliflar kiritib borsin. 

9. Belgilab qo‘yilsinki, tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar: 

eng kam ish haqining yuz ellik baravarigacha miqdorda – oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘ini tavsiyanomalari; 

eng kam ish haqining ming baravarigacha miqdorda – belgilangantartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan kichik tadbirkorlik subyektlariga uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Jamg‘armaning kafilligi va qonun hujjatlari doirasidagi boshqa ta’minot turlari; 

eng kam ish haqining ming baravaridan ortiq miqdorda – tadbirkorlik subyektlarining investitsiyaviy loyihalarini kreditlashda qonun hujjatlari doirasida belgilangan ta’minot turlariga asosan ajratiladi. 

10. Dastur koordinatorlari zimmasiga tuman va shaharlarda kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan samaradorligi yuqori, barqaror ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan loyihalarga eng kam ish haqining ming baravaridan ortiq miqdorda Dastur doirasidagi resurslar hisobidan imtiyozli kredit ajratishga Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlarning qaroriga asosan xulosa berish vazifasi yuklatilsin. 

Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar a’zolari o‘z qarori asosida imtiyozli kredit ajratilgan loyihalarning to‘liq ishga tushirilishi hamda kelgusida ushbu loyihalarning samarali ishlashini monitoring qilsin. 

Dastur koordinatorlari Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlarning qarorlari asosida kredit ajratilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi holatini alohida nazorat qilib borsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi sug‘urta tashkilotlari bilan birgalikda tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlarning qaytmaslik xatari sug‘urtalanganda sug‘urta to‘lovini 1,5 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilash hamda sug‘urtalash shartlarini yengillashtirish choralarini ko‘rsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya 

va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda foydalanilmayotgan yer maydonlarini inventarizatsiyadan o‘tkazib, belgilangan muddatlarda foydalanilmagan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda bekor qilinishi hamda ushbu yer maydonlarini Dastur doirasida faoliyatini boshlayotgan va kengaytirayotgan tadbirkorlik subyektlariga ajratish yuzasidan zaruriy choralar ko‘rsin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va ular faoliyatini qonuniylashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin va natijasi yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda muntazam ravishda tuman va shaharlarda zamonaviy mini-texnologiyalar va boshqa uskunalar sayyor ko‘rgazmalarini tashkil qilish choralarini ko‘rsin. 

15. Joriy yilning 10 iyunidan boshlab namunaviy tarzda Andijon viloyatining tuman va shaharlarida “Har bir oila – tadbirkor” hududiy dasturi (keyingi o‘rinlarda – Hududiy dastur) amalga oshirilsin. 

Andijon viloyati hokimi (Sh.Q.Abdurahmonov) joriy yilning 10 iyuniga qadar mazkur qarorda ko‘rsatilgan ishchi guruhlarni tuzsin. 

16. Hududiy dasturda ko‘zda tutilgan vazifalarni moliyaviy ta’minlash maqsadlariga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan jalb qilinadigan xorijiy moliya institutlari kredit liniyalaridan 200 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar ajratilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

Dastur koordinatorlari mazkur mablag‘larni tumanlar (shaharlar) salohiyati, kelib tushgan murojaatlarning asoslanganligi, shakllantirilgan loyihalarning istiqboli va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilganligi hamda haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda Andijon viloyati tijorat banklari va tumanlar (shaharlar) kesimida taqsimlasin hamda ularga zarur hollarda qayta taqsimlash vakolati berilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (A.K.Mirsoatov) ushbu kredit mablag‘larini Dastur koordinatorlari taqsimotiga asosan Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi tijorat banklariga yillik 3 foiz to‘lov sharti bilan qayta moliyalashtirsin. 

17. Andijon viloyati hokimligi (Sh.Q.Abdurahmonov) manfaatdor vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari, O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki bilan birgalikda: 

bir oy muddatda naslli qoramol, parranda va quyonlarni mahalliy sharoitlarga moslashtiruvchi maxsus fermalarni tashkil etish; 

mazkur fermalarga chet eldan mahsuldorligi yuqori bo‘lgan nasldor qoramol, echki va quyon zotlarini olib kelish, ko‘paytirish hamda viloyatning tabiiy-iqlim sharoitlariga mos zotlarini yaratish, mollarni sun’iy qochirishning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish; 

mazkur fermalarda mahalliy sharoitga moslashtirilgan nasldor qoramol, echki va quyon zotlarining ko‘rgazmalarini tashkil etish va aholi 

xohishiga asosan ularni tanlov asosida maqbul narxlarda sotib olinishiga zamin yaratish; 

aholiga maxsus fermalardan sotib olingan chorva mollari, quyon va parrandalarni boqish texnologiyalarini batafsil tushuntirish va kelgusida har bir xonadonda mavjud chorva mollari va parrandalarni vaksinatsiya qilish tadbirlarini amalga oshirish, aholiga nasldor mollarni sun’iy qochirish va uzluksiz veterinariya xizmatlari ko‘rsatish tarmog‘ini kengaytirish; 

sifatli omixta yem ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish borasida loyiha tashabbuskorlariga har tomonlama ko‘maklashish, aholining yillik ehtiyojini hisobga olgan holda omixta yem, vitaminlar, premikslar, qo‘shimchalar hamda veterinariya preparatlarini yetkazib berish; 

yirik tadbirkorlarni jalb etgan holda sanoatlashgan chorvachilik klasterlarini tashkil etish choralarini ko‘rsin. 

18. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov, tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari B.Z.Asadov Andijon viloyati hokimi Sh.Q.Abdurahmonov bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlik faoliyati ilg‘or rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish uchun Andijon viloyati iqtisodiy kompleksi mutasaddi xodimlarini xizmat safariga yuborish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rsin. 

19. Belgilansinki, respublikaning boshqa hududlarida Dastur uni amalga oshirishning aniq moliyaviy manbalari va hisob-kitoblarini nazarda tutgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi. 

20. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga Adliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibini ishlab chiqish tavsiya etilsin. 

21. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qaror bilan belgilab berilgan maqsad va vazifalarni keng ko‘lamda yoritish tavsiya etilsin. 

22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 7-iyun
 
O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling
  • Ko'rildi
    71
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Мирзоев Акмал Шарофиддинович2018-06-13 09:50:43

Хар бир оила -тадбиркор дастури оила даромадини ошириш, ички бозорларимиз арзон ва сифатли махсулотлар билан таьминланишида, ишсиз катламни иш билан таьминланишида жуда уринли дастур булди. Энди бу каби шарт шароитларни ахолига етказиш хар биримизни бурчимиздир.


А.Бабажанова-Қанликул туман Кенгаши аппарат рахбари2018-06-12 10:50:43

Халқ фаровонлигини таъминлаш-партиямизнинг устивор мақсади ҳисобланади. Президентимизнинг «Ҳар бир оила тадбиркор» дастурини амалга ошириш мақсадида қабул қилинган ушбу қарор ҳар бир оиланинг иқтисодий аҳволини яхшилашга, оилаларнинг фаровонлигини таъминлашга қаратилган ҳуқуқий ҳужжат бўлди.


Санжар Бакаев2018-06-11 16:27:25

Льготные кредиты для каждой семьи прекрасная возможность начать свой бизнес. Множество граждан не знали с чего начать и как приобрести кредиты. Постановление Президента стало ответом на многие вопросы граждан. Теперь можно взвесить свои возможности, учесть необходимые факторы и начать свой бизнес. Думаю, эта система будет поэтапно улучшаться по мере эффективности и отдачи со стороны населения. Важно не упустить такую возможность, сделать шаг и посмотреть вперед в будущее. Полностью поддерживаю и рекомендую всем воспользоваться.


Абдуллаев Дилшодбек O'zLIDeP Андижон вилоят Кенгаши булим мудири2018-06-11 14:29:55

Мухтарам юртбошимизнинг хар бир оила тадбиркор булиши керак деган шиорлари тадбиркорлик фаолиятини бошламокчи булган хар бир инсонга йул курсатувчи маек вазифасини уташи турган гап.Бундай ислохотлар энг аввало инсонлар манфаатларига каратилгани кувонарлидир.


Саттаров Иброҳим O"zLiDeP вилоят Кенгаши бўлим мудири2018-06-11 14:23:48

Мазкур қарор билан тасдиқланган "Ҳар бир оила – тадбиркор” дастурини изчил амалга ошириш орқали ўз бизнесини бошлаш истагида бўлган фуқаролар, айниқса уй шароитида тадбиркорлик, хунармандчилик фаолиятини амалга оширмокчи бўлган аҳоли вакилларини тадбиркорлик ташаббусларини қўллаб-қувватлаш, уларга имтиёзли кредитлар ажратиш ҳамда сохага алоқадор ташкилотлар томонидан амалий ёрдам кўрсатилиши натижасида аҳоли бандлигини таъминлашга ва бу орқали уларнинг тумуш фаровонлигини янада ошишига эришилади. Мазкур Дастурни амалга оширишда тадбиркорлар ва ишбилармонлар манфаатларини химоя қилиш ва уларни хар томонлама қўллаб-қувватлашни ўз олдига мақсад қилиб қўйган O'zLiDePнинг барча даражадаги бўғинлари ходимлари фаол ва ташаббускор бўлишимиз лозим.


Умид Хайдаров Тошкент вилояти Кенгаши Бизнес тузилмалар ва фермерликни қўллаб-қувватлаш бўлими мудири2018-06-11 12:29:47

“Ҳар бир оила – тадбиркор” дастурини амалга ошириш тўғрисидаги Ўзбекистон Республикаси Президентининг қарори юртимиздаги ҳар бир оиланинг тадбиркорлик билан шуғулланиши учун янада кенг имкониятлар яратади. Қарор келажакда ўзининг самарали натижасини беради деган умиддаман!


Murzaqobilova Barno Kosimovna-O"zlidep Olmazor tumani Kengashi apparat raxbari2018-06-09 17:29:36

OzLiDeP -tadbirkorlar va ishbilarmonlar partiyasi! Muhtaram Prezidentimizni tadbirkorlarni qo'llab quvvatlashga doir qarorlari qatoriga "Har bir oila - tadbirkor" dasturini amalga oshirishni taklif etishlari va shu taklif asosida qaror qabul qilinishi tadbirkorlarimizni yanada rag'batlantiradi degan umiddaman! Darhaqiqat oilaviy tadbirkorlik bu avvalam bor barcha oila a'zolarining ish bilan ta\minlagani va oilaning o'z o'ziga to'qligi hamdir. Bu dasturni dolzarb va tarihiy ahamiyatga ega dasturlar qatoriga kirgan dastur deb bilaman. Endi tadbirkorlarimizga faqat omad tilab qolamiz va ish faoliyatlariga yutuqlar hamroh bo'lsin deymiz.


Shohida 2018-06-09 12:42:32

"Har bir oila - Tadbirkor" dasturi bilan koplab oilalar ish bilan band bo'lib,yurtimiz ravnaqiga hissa qo'sha digital. Raqobatbardosh maxsulotlarning hajmi kengayadi. Tadbirkorlar oz ustida Ko'p izlanib ishlay boshlaydilar. Qarorda korsatilgan Sektor rahbari tavsiyanomasi bilan beriladigan kredit haqida eshitib juda xursand bo'ldim. Asosan Tadbirkorikga jalb qilganda boshlang'ich mablag' yo'qligi va kredit uchun garov kafil topishdagi qiyinchiliklar yurtdoshlarimizni biznes boshlashlaridagi tosiq edi. Bu qaror Kelajakda Tadbirkor oilalar Soni oshishiga turki bo'ladi. Men kabi barcha Yurtdoshlarimiz uchun Xush habar bo'ldi. O'zLiDeP faoli Hazorasp tumani Shohida Aminova


Shohida 2018-06-09 12:42:32

"Har bir oila - Tadbirkor" dasturi bilan koplab oilalar ish bilan band bo'lib,yurtimiz ravnaqiga hissa qo'sha digital. Raqobatbardosh maxsulotlarning hajmi kengayadi. Tadbirkorlar oz ustida Ko'p izlanib ishlay boshlaydilar. Qarorda korsatilgan Sektor rahbari tavsiyanomasi bilan beriladigan kredit haqida eshitib juda xursand bo'ldim. Asosan Tadbirkorikga jalb qilganda boshlang'ich mablag' yo'qligi va kredit uchun garov kafil topishdagi qiyinchiliklar yurtdoshlarimizni biznes boshlashlaridagi tosiq edi. Bu qaror Kelajakda Tadbirkor oilalar Soni oshishiga turki bo'ladi. Men kabi barcha Yurtdoshlarimiz uchun Xush habar bo'ldi. O'zLiDeP faoli Hazorasp tumani Shohida Aminova


Yazdon Toshonov Kattaqurg'on tuman Kengashi raisining birinchi o'rinbosari,apparat rahbari2018-06-09 11:55:19

"Ҳар бир оила - тадбиркор" dasturi buyicha Qarorni hech ikkilanmasdan inqilobiy Qaror deyish mumkin.Bu qarorning ijrosini ta'milashda piz partiya xodimlarining o'rni va faolligi o'ta muhimdir.


Fikringizni qoldiring

+