Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

07.09.2020, 08:50

Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Soʻnggi yillarda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga oʻz huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash imkonini berdi.

Shu bilan birga, bugungi kunda sudlarda ishlarni koʻrishda koʻpgina vazirlik va idoralar bilan maʼlumot almashinuvi ularning axborot tizimlari oʻzaro integratsiya qilinmaganligi sababli asosan qogʻoz shaklida amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga koʻrsatiladigan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish talab etiladi.

Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar oʻrtasida maʼlumot almashinuvini yaxshilash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–6034-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-avgustdagi PQ–3250-son qarori bilan tasdiqlangan 2017-2020 yillarda Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturining ijrosi natijasida sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar oʻrtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini Internet tarmogʻida eʼlon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari etib belgilansin:

fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni koʻrib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini taʼminlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish;

sudlarda odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning tezkorlik bilan olinishini taʼminlash uchun vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron maʼlumotlar almashinuvini yana-da kengaytirish;

maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash;

sud majlislarida masofadan turib, jumladan, mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, ish boʻyicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratish;

sudning axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlari axborot va kiberxavfsizligini taʼminlash, xizmat axborotlari va maʼlumotlarini kompleks himoya qilish boʻyicha choralarni kuchaytirish.

3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

2021-yil 1-yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlislarini ish boʻyicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;

2021-yil 1-iyuldan boshlab apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik ravishda taqsimlash;

2021-yil 1-oktyabrdan boshlab barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;

2022-yil 1-yanvardan boshlab sud qarorlarini ish boʻyicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi boʻyicha esa qogʻoz shaklida taqdim etish;

2022-yil 1-iyulga qadar sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;

2023-yil 1-yanvardan boshlab sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish;

sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yana-da yaxshilash.

4. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Sudlarning axborot tizimlarini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

28 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari axborot tizimlarini Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulash;

sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan maʼlumotlarni elektron shaklda yuborish;

muayyan ishni koʻrish jarayonida zarur boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlarni fuqarolarni ovora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish;

sudlar tomonidan jarimalarni kamaytirish yoki ularni qoʻllamaslik masalalarini koʻrib chiqishda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va boshqa axborot tizimlarining integratsiyasi orqali fuqaroning mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqidagi ishonchli maʼlumotlar bilan tanishish;

sudlar tomonidan aliment miqdorini belgilashda tumanlar kesimida oʻrtacha oylik ish haqlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni axborot tizimi orqali elektron shaklda olish.

Belgilansinki, Oliy sud axborot tizimi bilan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi mavjud maʼlumotlar sudlarning elektron soʻrovi boʻyicha bepul asosda taqdim etiladi.

5. 2022-yil 1-yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi “Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etilsin:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga daʼvo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish;

manfaatdor shaxslar tomonidan daʼvo, ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish;

sud majlisi ishtirokchilari tomonidan maʼlumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish;

sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish.

6. Oliy sud 2020-yil yakuniga qadar:

sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqsin va uni amaliyotga joriy etsin;

Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jazoni ijro etish muassasalarida maxsus xonalarni mahbuslarning sud majlislarida va sud rahbariyati qabullarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishlari imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlash choralarini koʻrsin.

7. Sudyalar oliy kengashi va Oliy sudning 2022-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

Sudyalar oliy kengashiga sudyalar, sudyalik lavozimlariga nomzodlar tomonidan elektron murojaat qilish, suhbat jarayonida beriladigan savollar va vazifalarni axborot tizimi yordamida avtomatlashtirilgan holda tanlash;

Sudyalar oliy maktabiga uning rasmiy veb-sayti orqali ariza va murojaatlarni yoʻllash, professor-oʻqituvchilar va tinglovchilarning reyting koʻrsatkichlarini elektron tarzda shakllantirish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish kurslari tinglovchilarining oʻquv jarayonini onlayn tarzda nazorat qilish tartibini oʻrnatish.

8. “UNICON.UZ” fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” davlat unitar korxonasi hamda uning tashkiliy tuzilmasidagi korxonalar zimmasiga sud hokimiyati organlari faoliyatiga joriy etilishi rejalashtirilgan axborot tizimlarini ishlab chiqish hamda ularning axborot va kiberxavfsizligini taʼminlash vazifalari yuklatilsin.

Belgilansinki, axborot tizimlarini ishlab chiqish Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar oliy maktabining buyurtmasi asosida doimiy ravishda “UNICON.UZ” fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” davlat unitar korxonasi hamda uning tashkiliy tuzilmasidagi korxonalar tomonidan amalga oshiriladi, ularni ishlab chiqish uchun shartnomalar belgilangan tartibda tuziladi hamda shartnoma narxi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilangan oʻrtacha bozor narxi asosida shakllantiriladi.

9. Hududlarda sudyalar hamda sudlar apparati xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi boʻyicha oʻqitish uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari biriktirilsin.

Oliy sud Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari bilan birgalikda har yili 1-dekabrga qadar keyingi yil uchun sudyalar hamda sudlar apparati xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi boʻyicha oʻqitish yuzasidan hududlar kesimida tarmoq jadvallarini tasdiqlasin.

10. Sudyalar oliy maktabi bir oy muddatda sudyalik lavozimiga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish boʻyicha tashkil etilgan taʼlim yoʻnalishlarining oʻquv dasturlariga sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimlaridan foydalanish boʻyicha alohida oʻquv modulini kiritsin.

11. Belgilansinki:

sud tizimi uchun dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi, Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi, xalqaro grant, donor tashkilotlar va xorijiy hamkorlarning mablagʻlari;

sudlar faoliyatini raqamlashtirishda zarur kompyuter, server va boshqa uskunalarni xarid qilish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirish Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida, Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi, xalqaro grant, donor tashkilotlar va xorijiy hamkorlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

12. Mazkur qarorning samarali ijro etilishini taʼminlash maqsadida:

Oliy sud raisi (K.Kamilov) va Sudyalar oliy kengashi raisi (X.Yodgorov) Oliy sud Plenumining navbatdan tashqari yigʻilishida hamda xalqaro anjumanlarda sud hokimiyati organlari faoliyatiga joriy etiladigan axborot tizimlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirishdagi ahamiyatini muhokama qilsin, shuningdek, sudyalar va sudlar apparati xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish choralarini koʻrsin;

Oliy sud raisi (K.Kamilov), axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri (Sh.Sadikov) Dastur va “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moliyalashtirilishini taʼminlasin;

investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari (L.Qudratov) Oliy sud raisi (K.Kamilov) bilan birgalikda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha qarorda belgilangan loyihalar va tadbirlar ijrosini taʼminlash uchun xalqaro grant, donor tashkilotlar va xorijiy hamkorlar mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi (O.Umarov) Dastur va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishiga koʻmaklashsin;

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori (A.Xodjayev) Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya va “Dunyo” axborot agentligi bilan birgalikda aholi, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamjamiyati orasida sud hokimiyati organlari faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimlari hamda ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlar haqida keng targʻibot ishlarini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida ijtimoiy roliklarni muntazam ravishda joylashtirish choralarini amalga oshirsin.

13. Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda axborot berib borsin.

14. Oliy sud manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 3-sentabr

  • Ko'rildi
    106
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+