AQShning «The Jamestown Foundation» markazi: O‘zbekistonda mislsiz o‘zgarishlar bo‘lmoqda

05.02.2018, 10:52

AQShning «The Jamestown Foundation» markazi: O‘zbekistonda mislsiz o‘zgarishlar bo‘lmoqda

Mamlakatimizdagi islohotlar xorijiy ekspertlik doiralarda tobora ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylanmoqda. Yurtimizda yuz berayotgan yangilanishlarni AQShning “The Jamestown Foundation” markazi mutaxassislari ham tahlil etishdi. Markazning tahliliy materialida o‘tgan yilning eng muhim voqealari — ichki siyosatdagi liberallashtirish, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarning yaxshilanishi, shuningdek, 2018 yilda kutilayotgan asosiy o‘zgarishlar haqida so‘z boradi.

“The Jamestown Foundation” AQShdagi eng nufuzli “aql markazlari”dan. O‘zbekiston haqidagi tahliliy material sobiq ittifoq mamlakatlariga bag‘ishlangan “Eurasia Daily Monitor” bo‘limida e’lon qilindi.

Maqolada, jumladan, Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida ish boshlagach, ichki va tashqi siyosatdagi mavjud jiddiy nuqsonlarni yo‘qotish hamda davlat boshqaruvi tizimidagi turg‘unlikni bartaraf etishga kirishdi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda mamlakatdagi vaziyatni o‘zgartirish uchun salmoqli sa’y-harakatni zimmasiga oldi. Asosiy islohotlar xususiy sektorni yanada jonlantirishga qaratildi. Yangi hukumat kichik va o‘rta biznesga O‘zbekistonni iqtisodiy taraqqiy toptirish kuchi sifatida qaramoqda. Prezident boshchiligida moliya hamda pul-kredit siyosatini liberallashtirish, xususan, valyuta konvertatsiyasini yengillashtirish va davlatning tartibga solish rolini sezilarli darajada kamaytirish bo‘yicha aniq qadamlar tashlandi. Hukumat biznes yuritish muammolarini amalda hal qilishga kirishdi.

O‘tgan yildan yangi rahbariyat ijtimoiy-siyosiy masalalarga alohida e’tibor qarata boshladi. Dissidentlar ozodlikka, ekstremizm g‘oyalariga moyil bo‘lgan 16 ming kishi “qora ro‘yxat”dan chiqarildi. Toshkent BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husaynga O‘zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyatni baholash imkoniyatini yaratib berdi.

Prezident 2017 yilda keng ko‘lamli o‘zgarishlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida mingga yaqin hujjatlarni imzoladi. Hokimiyat amaldorlari hamda aholi o‘rtasida masofaning qisqara boshlagani O‘zbekistondagi eng muhim voqealardan biri bo‘ldi, deyish mumkin. Binobarin, 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlangan edi. Shavkat Mirziyoyev barcha chiqishida amaldorlar xalqqa xizmat qilishi, odamlarning roziligini olishi zarurligini uqtirib keladi. Umuman, O‘zbekiston 2017 yilda o‘zgarishlarga umid uyg‘otgan davlat sifatida namoyon bo‘ldi. Bu umid zamirida sifatsiz davlat xizmatlari hamda korrupsiya singari illatlarga qarshi kurashish maqsadi ham mujassam.

Xalqaro masalalarda yangi rahbariyat qo‘shni mamlakatlar bilan yillar davomida shakllangan “muzliklarni eritish” bilan shug‘ullandi. Dunyo hamjamiyati bilan integratsiyalashuv jonlandi. Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda yirik etnik o‘zbeklar jamoasi istiqomat qiladi. Shu va boshqa sabablar tufayli Toshkent o‘tgan yili har bir qo‘shni davlat bilan munosabatlarni yaxshilashga alohida e’tibor qaratdi. Natijada O‘zbekiston shu paytga qadar juda tang munosabatlarga ega bo‘lgan Qirg‘iziston hamda Tojikiston bilan aloqalarida tub o‘zgarishlarni yasadi. Chegaralarni delimitatsiya qilish, havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilishi, transport aloqasini kengaytirish, iqtisodiy hamkorlik Markaziy Osiyoning qo‘shni mamlakatlari o‘rtasidagi muzokaralarning markazida bo‘ldi.

Dunyoning yirik davlatlari bilan munosabatlarda ham O‘zbekistonda pragmatik siyosat olib borildi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning investitsiya va savdo salohiyatini kengaytirish maqsadida yaqin qo‘shnilar bilan ham, boshqa mamlakatlar bilan ham faol hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Misol uchun, O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan axborot texnologiyalari, avtomobil ishlab chiqarish, tibbiy ta’lim, sog‘liqni saqlash, Turkiya bilan turizm hamda ishlab chiqarish, Rossiya bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ko‘paytirish, Xitoy bilan neft-gaz sektorini rivojlantirish va kredit-moliya sohalarida hamkorlikni faollashtirdi.

“The Jamestown Foundation” tadqiqot markazining prognozlariga ko‘ra, mamlakat rahbariyati 2018 yilda ham asosiy e’tiborini haqiqiy bozor iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratib, tadbirkorlik hamda kichik biznesni yanada takomillashtirishni izchil davom ettiradi. Yangi ma’muriyat iqtisodiyotni taraqqiy toptirishda yirik korxonalarga emas, asosan, kichik va o‘rta korxonalarga tayanayapti. Binobarin, hukumat xususiy sektorni rivojlantirish, qulay sarmoyaviy muhit yaratish uchun ko‘p tomonlama islohotlarni davom ettiradi.

Ta’kidlanishicha, ma’muriy islohotlar bundan keyin ham faol olib boriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining ko‘plab chiqishlarida mansabdor shaxslar yanada faol ishlashi zarurligini qat’iy uqtirib kelmoqda. Garchi, aksar mutasaddilar avvalgi tizimdan buyon ishlab kelayotgan bo‘lsalar-da, ular Prezident tomonidan qo‘yilayotgan talablarga javob berishi shart. Shunga muvofiq, 2018 yilda ham kadrlarni almashtirish jarayoni davom etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ochiqlik siyosati sababli ko‘plab mansabdorlar ommaviy axborot vositalarida tez-tez chiqish qilmoqdalar va bu aholiga ularni yaxshi tanib olish uchun imkoniyat yaratayapti.

O‘zbekistonning 2018 yilgi tashqi siyosati iqtisodiy hamkorlikka asoslangani bilan muhim ahamiyatga ega. Rasmiy Toshkent katta ehtimol bilan turli bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlab qoladi hamda barcha uchun ochiq mamlakat bo‘lib qoladi. Tashqi munosabatlarda, ehtimol, ikki tomonlama formatga amal qilishni davom ettiradi. Hukumat kun tartibining markazida turgan O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy temir yo‘lini qurish va boshqa loyihalar amalga oshiriladi.

Umuman olganda, o‘tgan yil mobaynida mamlakat ichki hamda tashqi siyosat sohalarida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi, deyiladi portalda. Mutaxassislarning umid bildirishicha, mahalliy aholi hamda xorijliklarda avvalgi yillarda paydo bo‘lgan turli shubha va gumonlarni mamlakat rahbariyati o‘zining qat’iy hamda tizimli sa’y-harakatlari bilan yo‘qqa chiqaradi. Ayni shu jarayon 2018 yilda kutilayotgan eng muhim voqeliklardan biridir.

Manba

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1583
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+