Energiya resurslaridan oqilona foydalanish — ustuvor vazifa

15.11.2017, 18:19

Aholining hayot darajasi va farovonligini oshirishda barcha soha qatori elektr energetika tarmog‘i ham muhim o‘rin tutadi. Ta’kidlash joizki, biz, deputatlar hududlarga chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni o‘rganish jarayonida iste’molchilarga yetkazib berilayotgan energiya resurslari qiymatini aniqlashda tabaqalashtirilgan yondashuv mavjud emasligi hamda bu nooqilona foydalanishga sabab bo‘layotganiga, muqobil energiya manbalarining joriy etilmaganiga guvoh bo‘ldik. Prezidentimizning shu yil 8 noyabrdagi “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada uchrayotgan bunday kamchiliklarni bartaraf qilish barobarida, yangi texnologiyalarni tatbiq etishga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir. Mazkur hujjatga ko‘ra, 2018 yil 1 yanvardan e’tiboran energiya resurslaridan to‘g‘ri va tejamkorlik bilan foydalanishni rag‘batlantiruvchi bir qator mexanizmlar nazarda tutilmoqda. Jumladan, pishgan g‘isht, gips, sement hamda boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, shuningdek, muayyan xizmatlar ko‘rsatuvchi (restoranlar, kafelar va boshqalar) iste’molchilar ulangan quvvati 750 kVA bo‘lgan elektr energiyasi hamda tabiiy gaz uchun to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan o‘rnatiladigan o‘sib boruvchi koeffitsiyent va tariflarga muvofiq amalga oshiriladi. Ulangan quvvati 750 kVA hamda undan yuqori bo‘lgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar sutka vaqtlarining tabaqalashtirilgan tarifi bo‘yicha qilinadi. E’tiborlisi, mazkur tartib budjet tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalari nasos stansiyalari, o‘z navbatida, Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiya-lariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Respublika elektr ta’minoti tizimiga yuklamani tenglashtirish maqsadida elektr energiyasidan foydalanganlik uchun to‘lovlarning qulay tariflari ishlab chiqilmoqda. O‘zbekistondagi energiya tejalishiga oid huquqiy baza 1997 yil 25 apreldagi “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi Qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Ayni paytda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham tayyorlanmoqda. Unda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llash bilan birga, elektr energiyasini ishlab chiqarish hamda sotish masalalari alohida inobatga olinayotir. O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining barcha tarmog‘iga oid ustuvor vazifalardan biri, shubhasiz, energiya resurslaridan foydalanishda suiiste’molchilikka yo‘l qo‘ymaslik va tejamkorlik bilan yondashishdan iboratdir. Bunda jismonan hamda ma’nan eskirgan ishlab chiqarish quvvatlarini energiya tejaydigan texnologiyalarga almashtirish, qolaversa, yangi loyihalarni amalga oshirishda aynan shu texnologiyalarni, ishlab chiqarishda esa elektr va gaz tejaydigan qurilmalarni joriy qilish, mavjud xom ashyo -bazasidan oqilona foydalanish, ikkilamchi qayta ishlash loyihalarini ilgari surish, asosiy ishlab chiqarish hamda yordamchi quvvatlarda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni ommalashtirish singari yo‘nalishlarga keng urg‘u berilmoqda. Shubhasiz, mamlakatimizda energiya tejamkor texnologiyalarning joriy etilishi aholi farovon turmush tarzining yanada yaxshilanishiga olib keladi.

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!


  • Ko'rildi
    1567
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+