Xalq farovonligi yo‘lida

Har qaysi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida aholining birlamchi ehtiyoji bo‘lgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish va eng to‘g‘ri strategik yo‘lni belgilab olish – xalq farovonligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi. Shu ma’noda Prezidentimizning shu yil 30 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirishni mantiqan yangi bosqichga olib chiqadi.

Farmonda ushbu yildan e’tiboran kafolatlangan shartnomalar asosida “urug‘-ko‘chat-mahsulot yetishtirish-tayyorlash-saqlash-qayta ishlash-transportirovka qilish-bozorga yetkazish” tamoyili bo‘yicha uzluksiz zanjirni shakllantirishni ko‘zda tutuvchi tashkil etishning klaster usulini keng joriy etish ko‘zda tutilgan.

Mazkur klasterlar logistika markazlari, shuningdek, zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari va intensiv bog‘lar yaratish hamda ulardan foydalanish, shaxsiy va jalb qilingan moliyaviy mablag‘larga ega, meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishdan to sotishgacha (eksport qilishgacha) bo‘lgan jarayonni mustaqil ravishda amalga oshiruvchi yagona yoki o‘zaro bog‘liq xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari guruhi doirasida shakllantiriladi. Bu qulaylik korxonalarga birinchi navbatda yerdan uzoq muddatli ijara shartlarida foydalanish huquqini taqdim etadi.

Birinchidan, yuqori hosildorlikka ega urug‘ hamda ko‘chatlar bilan ta’minlash, zamonaviy intensiv texnologiyalarni joriy qilish, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash va transportirovka qilishning yagona tizimini shakllantirsa, ikkinchidan, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarish kengaytirilib, bozorlarimiz yuqori sifatli mahsulotlar bilan to‘ldiriladi va yirik xorijiy bozorlarga sotish imkoniyati oshadi.

Farmonda ta’kidlanganidek, 2021 yil 1 yanvarga qadar ko‘chatxonalar va issiqxonalarda urug‘, ko‘chat va payvandtag yetishtiruvchi va ularni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga yetkazib beruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar barcha turdagi soliq va yig‘imlar to‘lashdan, chetdan olib kirilayotgan urug‘lar, ko‘chatlar va payvandtaglar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari ilovaga muvofiq bojxona to‘lovlaridan, import bo‘yicha olib kirilayotgan, meva-sabzavot mahsulotlarini tashishga ixtisoslashgan transport vositalari bojxona to‘lovlari va respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar to‘lashdan ozod etiladi.

2018 yilning 1 aprelidan bitta meva-sabzavot klasteri ichida sotiladigan mahsulotga qo‘shimcha qiymat solig‘i solinmaydi va davlatning maqsadli fondlariga majburiy ajratmalar undirilmaydi.

Albatta, davlatimiz rahbari tomonidan ushbu huquqiy hujjatning qabul qilinishi mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning hozirgi bosqichida aholi turmush darajasi, tadbirkor va fermer xo‘jaliklarining daromadlarini oshirish yo‘lidagi o‘z vaqtida va hayotiy qadam bo‘lganini ta’kidlash joiz. Mazkur farmonning mazmun-mohiyati, undan kelib chiqadigan vazifalar ayni paytda parlament Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi deputatlari tomonidan katta qiziqish va yuksak ko‘tarinkilik ruhida o‘rganilmoqda.

Oldimizdagi yana bir muhim masala ushbu farmonning amaliyotga tatbiq etilishi bilan bog‘liq bo‘lib, joylarda saylovchilarga uning ahamiyatini batafsil tushuntirish va mazkur jarayon ustidan samarali parlament nazoratini o‘rnatishdir. Shu maqsadda O‘zLiDeP fraksiyasi va bizning qo‘mitamiz tomonidan ham farmonning ijro etilishi va amaldagi qonunchilik bilan bog‘liq masalalarni hal etish, muntazam monitoring qilish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.


  • Ko'rildi
    2253
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

ЙЎЛЛАРДАН ФОЙДАЛАНИШ КОРХОНАСИ БПТ2018-05-04 12:13:08

МАЗКУР ФАРМОН ЮРТИМИЗДАГИ МЕВА-САБЗАВОТЧИЛИК ЙЎНАЛИШИДАГИ ФЕРМЕР ХЎЖАЛИКЛАРИ УЧУН ЯНАДА КЕНГ ИМКОНИЯТЛАР ЯРАТИБ БЕРДИ.


Машраб Казаков 2018-04-30 12:13:31

Фармонда таъкидланганидек, 2021 йил 1 январга қадар кўчатхоналар ва иссиқхоналарда уруғ, кўчат ва пайвандтаг етиштирувчи ва уларни қишлоқ хўжалиги маҳсулотлари ишлаб чиқарувчиларга етказиб берувчи хўжалик юритувчи субъектлар барча турдаги солиқ ва йиғимлар тўлашдан, четдан олиб кирилаётган уруғлар, кўчатлар ва пайвандтаглар, минерал ўғитлар, ўсимликларни кимёвий ҳимоялаш воситалари, замонавий энергия тежовчи иссиқхоналар ва уларнинг бутловчи қисмлари иловага мувофиқ божхона тўловларидан, импорт бўйича олиб кирилаётган, мева-сабзавот маҳсулотларини ташишга ихтисослашган транспорт воситалари божхона тўловлари ва республика йўл жамғармасига йиғимлар тўлашдан озод этилиши бу яхши имконият


Fikringizni qoldiring

+