Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqei tubdan oshirilmoqda

09.04.2019, 17:36

Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqei tubdan oshirilmoqda

Xalqimizda “Bir bolaga yetti mahalla ham ota ham ona” degan naql bor. Azal-azaldan mahalla jamiyatda tinchlik-totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalar jipsliligini ta’minlash, aholining kundalik muammolarini hal etishda xalqimizga eng yaqin ijtimoiy tuzilma bo‘lib kelgan.

Keyingi paytlarda mamlakatimizda ushbu bo‘g‘inning nufuzini oshirish va unga qo‘shimcha vakolatlar berish borasida qator me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, tizimning yangicha ishlash mexanizmlari yaratilmoqda.

O‘zbekiston Repsublikasi Prezidentining joriy yil 2 aprelida qabul qilingan “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ham sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qarorga ko‘ra, Murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” prinsipi asosida hamkorlik tizimi joriy etilishi belgilab berildi. Buning natijasida joylardagi muammolarni aniqlash va o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha yangicha mexanizm yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, me’yoriy hujjatga ko‘ra, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa ob’ektlarni o‘rganish orqali muammolarni aniqlash va hamkorlikda bartaraf etish choralarini ko‘rishda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va har chorakda jamoatchilik nazoratining natijalari, aniqlangan muammolar to‘g‘risida umumlashgan ma’lumotlar, shuningdek, tegishli mansabdor shaxslarning hisobotini eshitish bo‘yicha takliflarni xalq deputatlari Kengashlari majlislarida muhokama qilish belgilangan.

Fuqarolarning yashash sharoiti, turmush tarzi va muammolaridan mahallachalik boxabar tashkilotning o‘zi bo‘lmasa kerak. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bu borada jamoatchilik nazoratini o‘rnatgan holda tuzilmaning salohiyatidan foydalanish ijobiy natijalarni beradi. Jamoatchilik nazoratining natijalari va aniqlangan muammolarning xalq deputatlari Kengashlarida eshituv va muhokamasini uyushtirish ko‘rsatib o‘tilgan. Bu esa ushbu aniqlangan muammolarga yechim topishda va ularni bartaraf etishda samarali usul hisoblanib, bevosita mahallalarning deputatlar bilan ishlashda hamkorlik tizimi yaratiladi.

Shuningdek, huquqiy hujjatda “Keksalar maslahati” guruhlarini tashkil etish borasidagi takliflar o‘rganib chiqilib, rozilik bildirilgan. Bu azaliy  qadriyatlarimizning bir ko‘rinishi bo‘lib, mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini saqlashda keksa avlod vakillari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar nafaqadagi xodimlarining boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanishda qo‘l keladi.

Bundan tashqari   qarorga binoan, fuqarolar yig‘inlari raislari va mas’ul kotiblari oylik ish haqini joriy yilda bosqichma-bosqich 1,5 baravarga oshirilishi sohada faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi xodimlarning moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlanganligi bizni yanada ishga mas’uliyat bilan yondashishga chorlaydi.

Eng muhimi  me’yoriy  xujjat asosida “Mahalla markazi” majmualari va fuqarolar yig‘inlari binolarini namunaviy loyihalar asosida qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash  borasida ishlarning amalga oshirilishi biz mahalla tizimi faollarini yangi kuch va yangi g‘ayrat bilan ishlashga undaydi.

Abulxafiz Ashirov,

Kattaqo‘rg‘on tuman

“Kattako‘rpa” MFY raisi,

O‘zLiDeP faoli

  • Ko'rildi
    1501
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+