Namanganni kelgusi besh yillikda yanada rivojlantirish borasida xalqchil g‘oyalar, tashabbuslar ilgari surildi

28.09.2021, 10:47

Namanganni kelgusi besh yillikda yanada rivojlantirish borasida xalqchil g‘oyalar, tashabbuslar ilgari surildi

Kecha Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuvda viloyatimizning kelgusi besh yillikdagi yanada rivojlantirish bosqichlari, yangi g‘oyalar, tashabbuslar, loyihalar bo‘yicha qator takliflar bildirildi.

Ushbu uchrashuvda bevosita ishtirokchi sifatida shuni alohida etirof etib o‘tmoqchimanki, viloyatimizda o‘tgan yillar davomida qator iqtisodiy, ijtimoiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Albatta, bu islohotlar zamirida xalqimizning farovonligi, insonning qadr-qimmati qanchalik yuksak darajada ko‘tarilganligida ko‘rish mumkin.

Nomzodimiz Shavkat Mirziyoyev “Ilgari tizim davlat-jamiyat-inson edi. Davlat birinchida turardi. Inson eng oxirida edi. Men shu dargohga kelganimning birinchi kuniyoq aytganman — inson birinchi bo‘ladi. Baralla aytaman, inson qadri  birinchi bo‘ladi!”, deya ta’kidlab o‘tdi.  

Haqiqatdan ham bugun biz inson qadri qanchalik ulug‘langanligini islohotlar zamirida guvohi bo‘lib turibmiz.

Nomzodimizning Namangan viloyatini kelgusi besh yillikda yanada rivojlantirish borasidagi o‘zining saylovoldi dasturini e’lon qildi.

Dasturda Uychi tumani "ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirilib, bunda har bir mahallada "hokim yordamchisi" lavozimi joriy etilishi, Uychi tumani hokimining 57 ta (har bir mahallada) yordamchisi bo‘lishligi belgilab berilgani barcha uychiliklar qatori meni ham shu hududning bir vakili sifatida ruhlantirib yubordi.

Kelgusida tumanimizda yirik sanoat korxonalari, ishlab chiqarish va tadbirkorlik sub’ektlarini ko‘paytirish orqali tuman aholisining to‘liq bandligini ta’minlashda, aholimiz favrovonligini yanada yuksaltirishda zamin yaratadi.

Bundan tashqari nomzodimiz saylovoldi dasturida viloyatimizda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish orqali ko‘plab yangi loyihalar va bu orqali minglab ish o‘rinlari yaratilishi borasida ham to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, Chortoqda 130 ta kichik quduqlar qaziladi va 4 ming xonadon tomorqasining suv ta’minoti yaxshilanadi. Shuningdek, 24,5 ming xonadonda 1 ming gektar uzumzor barpo etiladi va 10 ming nafar ishsiz aholi uchun ixcham issiqxonalar qurib beriladi.

Aholi xonadonlarida mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida, “Tomorqa xizmati” korxonalari soni 57 tadan 80 taga yetkaziladi. Ushbu korxonalar qoshida “O’quv-maslahat markaz”lari tashkil etilib, aholiga bir yilda 2-3 marta hosil olish bo‘yicha maslahat berib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Chortoq, Yangiqo‘rg‘on va Kosonsoyda 1 ming 400 gektar maydonda aholi xonadonlariga urug‘ yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yangiqo‘rg‘on, Pop, Chortoq, Kosonsoy, Chust tumanlarida 10 ta uzumchilik klasteri tashkil etilib, 15 ming gektarda yangi uzumzorlar barpo etiladi va har bir tumanda 1 tadan qayta ishlash korxonasi ishga tushiriladi. Viloyatda qo‘shimcha tashkil qilinadigan 10 ta klaster tomonidan 6 ming gektarda intensiv bog‘ barpo etish orqali meva yetishtirish 3-4 barobarga ko‘paytiriladi.

Shuningdek, 1 ming gektarda limonchilik issiqxonalari tashkil etiladi. Buning uchun, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga kreditlar ajratiladi. Viloyatda quvvati 27 ming tonna bo‘lgan 3 ta yirik agrologistika markazi va 50 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlaydigan 40 ta kichik korxona ishga tushiriladi.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hududimiz aholisining farovonligini ta’minlashda, odamlarimiz hayotdan ertaga emas, bugun rozi bo‘lib yashashlarida zamin hozirlaydi.

Ertangi porloq hayotimiz uchun, farzandlarimiz kelajagi uchun partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqiraman.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    572
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+