Yakshanba 13-Oktyabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O’zLiDeP xususiy mulkka zarar yetkazilganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish g‘oyasini ilgari surmoqda

19.09.2024
203

Har bir fuqaro mol-mulkka ega bo‘lish va o‘zining mulk huquqini har qanday buzilishlardan himoya qilishga haqli. Fuqarolar mulkiga nisbatan turli tajovuzlarning oldini olish va mulk daxlsizligini ta’minlash ularning erkin hamda farovon hayot kechirishiga zamin yaratadi.

O’zLiDeP xususiy mulk daxlsizligi, mulkdorlar huquqlarining ishonchli himoya qilinishiga katta e’tibor qaratib kelmoqda.

Partiyamizning Saylovoldi dasturida ham xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, mulkka zarar yetkazilganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish g‘oyasi ilgari surilmoqda. Tashabbusimizning dolzarbligini quyidagilar bilan izohlash mumkin:

birinchidan, yangilangan Konstitutsiyaning 30-moddasiga muvofiq, hech kim rasmiy e’lon qilinmagan qonun asosida mol-mulkidan mahrum etilishi mumkin emas. Asosiy Qonunning 65-moddasida xususiy mulk daxlsiz ekanligi, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi kafolatlangan. Xususiy mulk daxlsizligini buzish hamda mulkka zarar yetkazish uchun jinoiy javobgarlikning kuchaytirilishi konstitutsiyaviy kafolatlar mohiyatidan kelib chiqadi;

ikkinchidan, amaliyotda mulk huquqi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar holati uchrab turibdi. Xususan, yer bilan bog‘liq masalalarda bu ko‘proq namoyon bo‘lmoqda. Birgina 2022 yil Adliya vazirligi tomonidan Surxondaryo viloyatidagi mahalliy hokimliklarning qarorlari o‘rganilganda, yer ajratish, yer maydonlarini zaxiraga olish, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni bekor qilish kabi masalalarda tuman hokimlari 304 holatda o‘ziga tegishli bo‘lmagan vakolatdan foydalanganligi aniqlangan;

Yaqinda Toshkent shahar hokimining Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Yakkasaroy, Yashnobod, Chilonzor, Shayxontohur tumanlarida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish va tegishli hududlarni belgilash haqidagi qarori ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Renovatsiya oqibatida turarjoy binolari buzilishi va qayta qurilishi mulk daxlsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. O’zLiDeP bu holatga zudlik bilan munosabat bildirdi.

uchinchidan, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, mulkka zarar yetkazish uchun jinoiy javobgarlikning amaldagi choralari yetarli emas. Jinoyat kodeksining 173-moddasiga ko‘ra, mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish uchun javobgarlik belgilangan – ushbu qilmishga nisbatan og‘irlashtiruvchi holatlarda eng og‘ir jazo – 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. Mansabdor shaxslar tomonidan xususiy mulk huquqini buzish jinoyati (1921-modda) uchun eng og‘ir jazo esa 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. Solishtirish uchun firibgarlik va o‘g‘irlik kabi jinoyatlar uchun 10 yilgacha, tovlamachilik va talonchilik uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan.

Xususiy mulk daxlsizligini buzishning ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lganligi sabab ushbu jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, partiyamiz xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash uchun jinoiy-huquqiy choralarni kuchaytirish va javobgarlikning muqarrarligiga rioya etish lozimligi tarafdoridir.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?