Shanba 22-Fevral 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yangi O‘zbekiston kelajagini yoshlar belgilaydi

20.02.2025
168

Finlyandiyada yoshlar uchun maxsus kasbiy ta’lim va o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan. Singapurda hukumat yoshlarga innovatsiya va texnologiyalar sohasida ma’lumot va ko‘nikmalar olish uchun shaxsiy trening va stipendiyalar taqdim etadi.

Germaniya o‘z yoshlariga ham o‘qib, ham ishlari uchun dual ta’lim tizimini joriy etgan. Janubiy Koreya o‘z yoshlarining biznes g‘oyalarini “K-Startup Grand Challenge” kabi dasturlar orqali qo‘llab-quvvatlaydi. Demoqchi bo‘lganim, dunyoning turli davlatlarida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga doir qator ishlar olib borilmoqda. Lekin ta’kidlash kerakki, bu borada O‘zbekistonda ertangi kun egalari taqdiriga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.

Butun xalqimiz, keng jamoatchilik yaqinda Prezidentimizning Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimiz yoshlari bilan kechgan samimiy muloqotini o‘zgacha hayajon bilan kuzatdi. Guvohi bo‘lganimizdek, uchrashuvda davlatimiz rahbari navqiron avlod vakillari bilan chin yurakdan suhbatlashdi. Ana ochiqlik, erkin muloqot ularni yanada ruhlanib, dadil fikr-mulohazalar bildirmog‘i uchun zamin yaratdi. Ko‘rdikki, yigit-qizlar mamlakatimizda o‘zlariga yaratilgan ulkan imkoniyatlar, xalqaro maydonda qator sohalar bo‘yicha erishayotgan quvonchli yutuqlarini Prezidentga quvonib so‘zlash barobarida o‘zlarini qiynayotgan ayrim muammolar xususida  ham taklif-mulohazalarini tortinmay bayon etishdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqining debochasida shaxdu shijoati baland, serg‘ayrat yoshlar bilan ko‘rishib turganligidan mamnunligini izhor etib, bugun O‘zbekiston chin ma’noda yoshlar mamlakatiga aylangani, aholining 60 foizini aynan yosh avlod tashkil etishi ham bu fikrni tasdiqlashiga e’tibor qaratdi.

Shu bois ham “...yoshlarimizga ishonganimiz uchun o‘z oldimizga katta-katta maqsadlar qo‘ymoqdamiz, marrani baland olmoqdamiz. Kelgusida Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiylar qayerdan paydo bo‘ladi? Bu ulkan vazifalarni kim bajaradi?

Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar”, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida.

Darhaqiqat, yoshlarimiz orasida turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotganlari talaygina. Xususan, bugun dunyoning “top” oliy o‘quv yurtlarida 1,5 mingdan ortiq farzandlarimiz tahsil olmoqda. Shu bilan birga, yaqinda BAAda o‘tgan katta forumda Toshkentdagi Prezident maktabi xalqaro darajada eng nufuzli nominatsiyaga munosib ko‘rilgani tariximizda kuzatilmagan voqelik bo‘ldi.

Qariyb besh yilcha avval Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti joriy etilib, u yerda yoshlar siyosiy yetakchilik, demokratiya va parlamentarizm maktabi qanday bo‘lishiga amalda guvoh bo‘ldilar. So‘nggi saylovda mana shu yoshlarimizdan ikki nafari Qonunchilik palatasiga, 250 nafari mahalliy kengashlarga deputat etib saylandi. Shundan, Qonunchilik palatasiga saylangan ikki nafar yosh deputatning bittasi, 250 nafar viloyat, tuman-shahar kengashlariga saylangan deputatlarning 94 nafari O‘zLiDeP vakillari ekani kishini quvontiradi.

E’tiborga molik tomoni, bugun tizimda yosh deputatlarning izlanuvchanligi va zamonga mos fikrlashi sezilmoqda. Xususan, deputatlik faoliyatini tashkil etishda mazkur xalq vakillari ijtimoiy tarmoq vositalaridan samarali foydalanib, muammoga tez va oson yechim topmoqda. Qolaversa, bu saylovchilar uchun ham qulay vositaga aylanib bormoqda. Ayniqsa, “Yoshlar daftari” orqali o‘tgan yili 180 ming nafar yoshlarga 345 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatilgani, ortda qolgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni qariyb 3 barobarga ko‘payib, bugun jamiyatimizda yosh biznesmenlarning salmog‘i salkam 40 foizni tashkil etayotgani, ishsiz yoshlar soni ikki karra kamayib, ishsizlikdan xoli mahallalar soni  1 889 taga yetishida ham mana shu deputat va “mahalla yettiligi” hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani natijasi deyish mumkin.

Yurtboshimiz bilan muloqotda har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelayotgani, bu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 1 million nafarga yetishi, o‘z navbatida bu davlat va jamiyat zimmasiga katta mas’uliyat yuklashiga e’tibor qaratilib, amaldagi tizimni yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Qayd etildiki, avvallari oliy ta’limda 1 ta o‘rin uchun kamida 10 nafar yigit-qiz kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliy dargohlar soni 3 barobar oshirildi. Tizimda qamrov 42 foizga yetkazilib, talaba qizlar soni 11 karra ko‘paydi.

O‘tgan 25 yilda davlat hisobidan 800 nafar yoshlar xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda 3 barobarga ko‘paydi. Yurtimizda yosh olimlar soni 4 357 nafarga yetib, “Yosh kitobxon” tanlovidagi ishtirokchilar soni 3 million nafarga, “Mutolaa” loyihasi orqali 1 milliondan ortiq yoshlar kitobxonlar qatoriga qo‘shildi.

Shu kuni Prezident yoshlar tadbirkorligida yangi davrni boshlab beradigan 3 ta hujjatga imzo chekkanini e’lon qilib, jumladan, Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratilishini hamda yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar berilib, ularning startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investisiya kiritilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, universitet va institutlarni tugatib ish topishga qiynalayotgan 90 ming yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida Milliy bankka 100 million dollar resurs berilishi, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi yoshlar bankiga aylantirilib, bunga 200 million dollar ajratilishi, qolaversa, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratilishi qayd etildi. Shu bilan birga, 20 nafar yoshni ish bilan ta’minlagan YATTlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilib, kreditlarining 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltirilishi qayd etildi.

Bundan tashqari ushbu uchrashuvda amalga oshirilgan salmoqli ishlar sarhisob qilindi. Ta’kidash o‘rinliki, g‘oyat ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng partiyamiz faollari va deputatlar bilan mazkur tadbir tafsilotlarini atroflicha muhokama qildik. Siyosiy kuch doirasida yoshlar siyosatini yanada boyitish va kuchaytirish maqsadida  yo‘l xaritasini yanada boyitdik.

E’tiborli jihati, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ushbu muloqotda belgilab berilgan ustuvor vazifalar O‘zLiDePning saylovoldi dasturida qayd etilgan maqsad va vazifalarga ham uyg‘un, hamohang ekanligini alohida qayd etishni istardim. Xususan, yoshlar uchun manfaatli ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishga ko‘maklashish yo‘nalishlarida tizimli ish olib borish, yoshlar bandligi va ishbilarmonligini faol qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish uchun mikromoliyalash xizmatlarini kengaytirish kabi dolzarb vazifalar ana shu dasturdan o‘rin olgan.

Bu borada partiyamiz Yoshlar qanoti tomonidan ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlari mazmunini ularga sodda va qulay uslubda targ‘ib qilish maqsadida 31 marotaba “Parlamentda yoshlar o‘rni” loyihasi, 85 marotaba “Yosh siyosatchilar ligasi” uchrashuvlari tashkil etildi. Qolaversa, yuqori natijalarga erishgan tajribali tadbirkor va fermerlarni yoshlarga o‘rnak sifatida ko‘rsatish va ustoz-shogird an’anasini tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida 174 marotaba “Yosh tadbirkorlar ligasi”, 26 marta “O‘zLiDePda mehmonda” va 164 marotaba “Parlamentda mening o‘rnim” loyihalari o‘tkazildi. Shu bilan birga, yoshlar intellektual salohiyatini oshirish maqsadida 56 marta “Siyosiy munozara” yoshlar debat klubi bellashuvlari hamda yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida partiya a’zolari bo‘lgan tadbirkorlar bilan hamkorlikda 23 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil qilindi.

Qayd etish joizki, muhokamalar davomida Prezidentimiz yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha belgilab bergan vazifalar, jumladan, Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mab lag‘ ajratilganligini parlamentdagi fraksiyamiz a’zolari alohida qo‘llab-quvvatladilar.

Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, endi barcha tizimdagi rahbarlar O‘zbekiston aholisining katta qismini tashkil qiluvchi yoshlar ovozini eshitishi, kerak bo‘lsa faoliyatini ularning ezgu g‘oya va maqsadlaridan kelib chiqib tashkil qilishi lozim. Chunki har bir rahbar bugun zamonaviy dunyoda mahsulot yetishtirishdan ko‘ra, kadr yetishtirgan afzalroq ekanini teran anglashi kerak. Zero, yaxshi mutaxassis, faqat yaxshi mahsulot yetishtirmaydi balki, buyuk va qudratli kelajak quradi. Ayni shu mushtarak maqsaddan kelib chiqqan holda Yangi O‘zbekiston egalarini tarbiyalashimiz, ko‘tarishimiz va ularning yo‘llarini ochishimiz zarur.

Aktam XAITOV,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi raisi,
parlamentdagi partiya fraksiyasi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?