Bizga ajdodlarimizdan boy meros qolgan

20.04.2022, 13:58

Bizga ajdodlarimizdan boy meros qolgan

18 aprel - Yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash xalqaro kuni butun dunyoda nishonlanadi. Shu munosabati bilan Marhamat tumanida yodgorliklar va tarixiy joylarni, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash, ularning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini targ‘ib etishga va turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir “Mingtepa - madaniy meros” jamoat fondi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant loyihasi asosida O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi qoshidagi Faxriylar kengashi a’zosi, xalq deputatlari Marhamat tuman kengashi deputati Ortiqali Xusanov tashabbusi bilan tashkil qilindi. Tadbirda partiya faollari, deputatlar, yoshlar, talabalar, akademiklar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ushbu tadbirni o‘tkazish tumanda an’ana tusiga kirgan. Bu yil yettinchi bor o‘tkazilmoqda. Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, nafaqat tumanda, viloyatda, hatto butun respublikadagi tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylashga xalqimizning e’tiborini qaratish va  ana shu joylarda obodonlashtirish, turizmni rivojlantirishga xissa qo‘shishdan iborat. 

Tadbir ishtirokchilari tuman markazidagi “Ma’naviyat bog‘id”da barpo etilgan “Mingtepa” ochiq va yopiq muzeylari faoliyati, muzeydagi va bog‘dagi yurtimizning ikki yarim ming yillik tarixidan so‘zlovchi, qadim Dovon davlati davriga oid noyob eksponatlar, tarixiy tematik park hamda xotira majmuasi bilan tanishdilar.

Shuningdek, “Bizga ajdodlarimizdan bebaho madaniy meros qolgan” mavzusida o‘tkazilgan tanlovda nafaqat Andijon, balki respublikamizning turli viloyatlari, hatto Qoraqolpog‘istondan 88 nafar olim, ijodkor va talabalar hamda o‘quvchilar o‘zlarining 150 dan ortiq ijodiy ishlari, badiiy va tasviriy san’at asarlari, ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdilar.

Tadbir yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanlardi.

  • Ko'rildi
    1093
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+