Inson huquq va erkinligi ta’minlanadi

20.07.2022, 10:01

Inson huquq va erkinligi ta’minlanadi

Termiz shahridagi “Silk Road Text” kompleksi ishchi-xizmatchilari uchun Konstitutsion qonun loyihasidagi o‘zgarishlar yuzasidan tadbir tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spekiri o‘rinbosari, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ishtirok etib, loyihadagi inson huquqlari va erkinliklari kafolatlari haqida so‘z yuritdi.

Qonun loyihasining 13-moddasida keltirilgan insonning sha’ni va qadr-qimmatini, huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish, ularni himoya qilish davlatning majburiyati hamda inson huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, qonunlarning ma’nosini, mazmunini va qo‘llanilishini, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining faoliyatini belgilashi haqidagi bandning mohiyatini tushuntirib berdi.

Konstitutsion qonun loyihasiga kiritilayotgan 200 dan ortiq o‘zgartirishlarning mohiyatida aynan inson manfaatlari, huquq va erkinligini kafolatlovchi qoidalar yotganligini ta’kidladi.

So‘ngra, “Silk Road Text” kompleksida joylashgan “Dream Silk Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tayyor kiyim-kechak va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi. A.Xaitov ichki va tashqi bozorga mo‘ljallangan raqobatdosh tayyor mahsulotlarning xom ashyo ta’minoti, ishlab chiqarish quvvatlari, sifati va yaratilgan ish o‘rinlari bilan qiziqdi.

Termiz shahridagi tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi «Dream silk textile» mas’uliyati cheklangan jamiyatida 250 dan ortiq ishchi mehnat qiladi. U yerda 80 turdagi poyabzal hamda 30 turdagi trikotaj kiyimlar ishlab chiqarilmoqda.

Poyabzal uchun xom ashyo sifatida asosan Farg‘ona, Namangan, Andijon viloyatlaridan keltirilgan toza charmdan foydalaniladi. Poyabzallarning andozasi Turkiyadan kelgan dizaynerlar tomonidan chizib beriladi. Tayyor mahsulot mahalliy bozordan tashqari, Tojikiston davlatiga ham eksportga chiqarilayapti. Fabrika to‘liq quvvat bilan ishlasa, yiliga 950 ming ta poyabzal ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

— Trikotaj mahsulotlardan asosan, Xitoy va Turkiyadan keltirilgan matodan 30 turdagi erkaklar kiyimlari tikayapmiz, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Shavkat Tojimurodov. — Bundan tashqari, hozirda Denov tumanida ham aynan trikotaj mato ishlab chiqaradigan tekstil barpo etishga kirishilgan. Mazkur korxona ishga tushgach, xom ashyoni chetdan olib kirishga ehtiyoj qolmaydi.

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    612
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+