Xorijlik xaridorlarni yo‘qotyapmiz...(mi?)

23.03.2018, 11:10

Xorijlik xaridorlarni yo‘qotyapmiz...(mi?)

O‘zLiDeP eksport sohasiga oid masalalarda tadbirkorlar va ishbilarmonlar fikrini bilish maqsadida “Facebook”ijtimoiy tarmog‘idagi “O‘zLiDeP muhokamaga chorlaydi” sahifasida “Eksportni  kengaytirishga nimalar to‘siq bo‘lmoqda?” mavzuida  murojaat e’lon qildi.

Ayni paytda mazkur murojaatga javob tariqasida ko‘plab foydalanuvchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

Saytimizda ana shu munosabatlarning ayrimlarini o‘qishingiz mumkin.  

Namangan shahridagi “Mustang Tekstil” MChJ ish yurituvchisi Alisher Yunusov:

– Namangan viloyatidagi 500 ga yaqin tikuvchilik korxonalariga daxldor ayrim muammolarni tilga olmoqchiman. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 dekabrdagi “2017-2019 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarorining 14-bandiga binoan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog‘ining nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalariga 2020 yilning 1 yanvariga qadar soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, preferensiyalar belgilangan. Ammo mazkur qaror bilan imtiyozli tarzda import qilinadigan mahsulotlarning TNVED kodlari ro‘yxati tasdiqlanmagan. Shu sababli tadbirkorlik sub’ektlarining O‘zbekistonga zarur xomashyo va furnituralarni olib kirish imkoniyati chegaralanib qolayotir.

Yana bir masala. Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi farmoyishining 1-ilovasiga asosan yengil sanoat korxonalari tomonidan import qilinadigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlangan. Biroq 1-ilova faqatgina “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi a’zolariga taalluqli bo‘lib, unda boj to‘lamay olib kiriladigan xomashyolarga kvota belgilangan. Muammo tushunarli bo‘lishi uchun bir hayotiy misolga murojaat qilaman. Namangan viloyati bo‘yicha 2017 yilda bojxona orqali TNVED kodi 551219900 bo‘lgan 11 mln kv.m. ga teng xomashyo olib kirilgan. Yuqorida tilga olingan farmoyish 1-ilovasiga muvofiq butun respub­likaga (!) 2018 yilda 200 ming m.kv. ana shunday xomashyo keltirilishi mumkinligi belgilangan. Bu bitta TNVED kodga tegishli bo‘lgan xomashyoning o‘tgan yili Namangan viloyatiga olib kirilgan miqdorining atigi 1,8 foiziga to‘g‘ri kelmoqda.

Mazkur omillar ishlab chiqarish hajmining kamayishi, ish o‘rinlarining tugatilishi, mahsulot tannarxining qimmatlashishi va oqibatda xorijdagi xaridorlar yo‘qotilishiga sabab bo‘layotir. Ana shulardan kelib chiqqan holda tegishli normativ hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilishi zarur, deb o‘ylayman.

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    906
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+