Tadbirkorlarni faol qo‘llab-quvvatlash – ustuvor maqsadimiz!

12.10.2022, 12:05

Tadbirkorlarni faol qo‘llab-quvvatlash – ustuvor maqsadimiz!

So‘nggi yillarda yurtimizda teri-mo‘yna va jun yetishtirish tarmoqlarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Natijada, sohada ijobiy siljishlar kuzatilmoqda.

O’zLiDeP tadbirkorlarni faol qo‘llab-quvvatlarkan, Toshkent viloyatida jun yetishtirish tarmoqlarini rivojlantirish, ularning eksport salohiyatini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini ochishlarida ko‘maklashishni o‘z oldidagi ustuvor vazifalardan deb biladi.

Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Baxtiyor Ruxitdinov boshchiligida Piskent tumanida bo‘lib turgan partiya mutasaddilarining navbatdagi o‘rganishlari Buyuk Britaniya investitsiyaviy loyihasi doirasida faoliyat yurituvchi qo‘y va echki junini qayta ishlab, eksport qilishga mo‘ljallangan korxona bo‘ldi.

Bu yerda partiya mas’ullarini qarshilagan korxona ish yurituvchisi korxonaning faoliyati va ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumotlar berdi.

Rossiya Federatsiyasi, Xitoy singari xorijiy davlatlarga asosan echki juni, Buyuk Britaniyaga esa qo‘y junini qayta ishlab jo‘natishga tayyorlashlari haqida to‘xtalarkan, jun mahsulotlarini mahalliy cho‘ponlar va aholi hamda Buxoro, Qashqadaryo viloyatlaridan ham yig‘ib kelinayotgani xususida ham gapirib berdi. Junga qayta ishlov beruvchi qurilma va asbob-uskunalarning ishlash mexanizmi bilan ham tanishtirdi.

Bugun yurtimizda yaratilgan qulay tadbirkorlik muhitini alohida e’tirof etib, barcha imkoniyat va sharoit uchun minnatdorlik bildirdi. Korxonada yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.

O’z o‘rnida bo‘lim mudiri Baxtiyor Ruxitdinov ham partiyaning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida eksport-import tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bo‘yicha davlat xaridlarini kengaytirish bo‘yicha takliflarni ilgari surishi haqida batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.

Partiya mutasaddilari hamisha mamlakat tayanchi bo‘lgan tadbirkorlarni eshitishga, ularni qiynab turgan muammolarni ijobiy bartaraf etishda yaqindan bevosita ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Viloyatda junni qayta ishlashga mo‘ljallangan korxonalar salohiyatini oshirish – hudud iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tashrif asnosida istiqboldagi o‘zaro hamkorlik borasida ham kelishib olindi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat

Teglar
Ishchi guruh
  • Ko'rildi
    248
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+