Samarqand xalqaro hamjamiyatning muhim logistik markazlaridan biriga aylanmoqda

23.12.2022, 16:36

Samarqand xalqaro hamjamiyatning muhim logistik markazlaridan biriga aylanmoqda

Prezidentimizning kuni kecha Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakatimizni 2023 yilda har tomonlama rivojlantirish, islohotlarni chuqurlashtirish va, eng muhimi, xalqimiz farovonligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar aniq-tiniq ko‘rsatib o‘tildi.

Murojaatnomada Samarqand shahriga alohida ma’muriy-hududiy birlik maqomi berilishi, ya’ni uni respublika boshqaruvi darajasiga o‘tkazish masalasi ham keltirildiki, bu, ayniqsa, samarqandliklarga o‘zgacha hayajon baxsh etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Axir bu juda katta e’tibor va imkoniyat demakdir. Shu bilan birga ulkan mas’uliyat ham.

Samarqandni bir millionli shaharga aylantirish va bu yerda beshta tuman tashkil etish bo‘yicha harakatlar allaqachon boshlangan. Shahar hududi atrofdagi tumanlar hisobiga kengayib, aholi soni ham bir millionga yaqinlashmoqda.                                                     

Bugun O’zbekiston aholisi 36 million kishiga yetdi. Ammo haligacha odamlar ish, o‘qish, davolanish, dam olish va biznes qilish uchun intiladigan shahar, “tortuvchi markaz” — Toshkent shahri bo‘lib qolmoqda.

Bu orada mintaqamizda “millionlik shahar”lar soni yettitaga yetdi. Oddiy misol, qo‘shni Qozog‘istonda aholi soni 19 million nafar bo‘lsa-da, mamlakatda “millionlik shahar”lar soni uchta. Ularning barchasi respublika bo‘ysinuvidagi shahar maqomiga ega.

Shuningdek, 2022-yilgi Davlat dasturiga diqqat bilan razm solsak, u yerda aynan Samarqand va Namangan shaharlarini “millionlik shahar”larga va “tortuvchi markazlar”ga aylantirish bo‘yicha alohida band bor.

Chindan ham oxirgi yillarda bu ikki shaharda prezident tashabbusi bilan yirik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yangi oliy o‘quv yurtlari, turizm va ishbilarmonlik markazlari, sanoat korxonalari, yangi turar joy massivlari tashkil etildi.

2022-yilda biz birinchi marta poytaxtimizdan tashqarida, ya’ni Samarqand shahrida xalqaro darajadagi eng nufuzli tadbirlar — Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlarini o‘tkazdik.

Samarqandni biz ko‘p yillar davomida tarixiy kent nuqtai nazaridan ko‘rib kelganimiz rost. Bugun esa uning zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan qiyofasidan mamnuniyat tuymoqdamiz.

Samarqand yirik xalqaro forumlarga, yig‘inlarga mezbonlik qilyapti. U bugun o‘zining turistik potensialidan to‘laqonli foydalanishga intilyapti. Birgina yakuniga yetayotgan yilda mazkur shaharda davlat va hukumat rahbarlari ishtirokidagi o‘nga yaqin xalqaro forum o‘tkazildi. Kelgusi yilda yigirmadan ortiq shu kabi nufuzli tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Xullas, Samarqand bugun nafaqat O’zbekiston va Markaziy Osiyo, balki xalqaro hamjamiyatning ham muhim logistik markazlaridan biriga aylanmoqda.

Shaharda tumanlarning tashkil etilishi esa yil sayin kengayib borayotgan hududni samarali boshqarish, soni ortayotgan shahar aholisi va sayyohlarga munosib sharoit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, hozir shaharni boshqarish, hudud infratuzilmasini yaxshilash va yana boshqa ko‘p masalalarda viloyat hokimligi zimmasida katta mas’uliyat turibdi. Shahar alohida ma’muriy-hududiy birlik bo‘lsa, viloyatning bu imkoniyat va salohiyati boshqa tuman va shaharlarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Pirovardida bu viloyat aholisining turmush darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, Samarqand shahrining shunday yangi darajaga ko‘tarilishi uning deyarli uch ming yillik tarixida yangi sahifa ochadi.

Shohruh Jo‘raqulov,

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati,

Samarqand davlat universitetining

Inson resurslarini boshqarish fakulteti dekani.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    242
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+