Murojaatnoma: bozor iqtisodiyotida xufyona iqtisodiyot ulushini kamaytirish, raqamlashtirishni takomillashtirish davom ettiriladi

28.12.2022, 16:10

Murojaatnoma: bozor iqtisodiyotida xufyona iqtisodiyot ulushini kamaytirish, raqamlashtirishni takomillashtirish davom ettiriladi

Davlatimiz rahbari Murojaatnomasida so‘nggi ikki yilda korrupsiya   iqtisodiyotga  2 trillion so‘mlik zarar yetkazilganligi hamda 5 mingga yaqin mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilganligi, davlat xaridlari sohasidagi qonun buzilishi holatlari yuzasidan 272 ta jinoyat ishi ochilib, 508 nafar shaxs javobgarlikka tortilganligi, aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari natijasida davlat manfaatlariga 121,2 milliard so‘mlik zarar yetkazilganligi aytib o‘tildi. Yurtboshimiz mazkur illatga qarshi kurashishda deputatlarning faolligi zarurligi alohida ta’kidladilar.  

Korrupsiyani oldini olish uchun, avvalo, qonunchilikni takomillashtirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan sanaladi. Parlament tomonidan  yaratilayotgan qonunlar ijrosini ta’minlashda biz deputatlar faol ishlashimiz talab etilayotganligi ayon bo‘lib qoldi. Deputatlik guruhimiz a’zolari ishtirokida Murojaatnomani o‘rganishga bag‘ishlangan yig‘ilishimizda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish choralarini yanada mustahkamlash maqsadida  nazorat - tahlil faoliyat ishlarini talablar darajasida tashkil etish orqali korrupsiyaga sabab bo‘luvchi omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish uchun amaliy takliflar ishlab chiqishga kelishib oldik. Korrupsiyani oldini olish uchun aholi o‘rtasida keng ko‘lamda  tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borishimiz kerak. Unga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga ko‘rilayotgan choralar yanada qattiqroq bo‘lishi kerak.

Biz deputatlar qonunlar ijrosini to‘liq ta’minlash, el ma’murligini ta’minlashda mas’ul insonlar ekanligini unutmasligimiz kerak. Yangilanayotgan O’zbekistonimizda ochiqlik ta’minlanayotganligi bois joylarda jamoatchilik nazorati ishlay boshladi. Ammo ayrim deputatlarimiz zimmadagi mas’uliyatni his etishmayapti. Budjet hisobidan qurilayotgan uylar, yo‘l va ko‘priklar bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan buyurtmachi va pudratchiga uchrashib, sifatini talab etsak, kamchiliklar yuzasidan deputatlik so‘rovnomalari kiritsak, korrupsiya holatlari keskin qisqarishi aniq. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish iqtisodiyotimizni yanada yuksaltirish, xalqimizning  farovon hayotini ta’minlash, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, pirovardida  Yangilanayotgan O’zbekistonimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bardavomligini ta’minlashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Murojaatnomada belgilangan vazifalardan kelib chiqib, bozor iqtisodiyotida xufyona iqtisodiyot ulushini kamaytirish, raqamlashtirishni takomillashtirishni davom ettirish, ayrim toifadagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga va sohalar berilgan imtiyoz va preferensiyalarni qayta ko‘rib chiqish,  xorijiy kredit liniyalari mablag‘larining maqsadli yo‘naltirilishi va samaradorligi yuzasidan jamoatchilikka hisobdorligini oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Baxtiyor Abrayev,

Termiz shahar Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    226
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+