“Ayollar qanoti” – chinakamiga qanot bo‘lyapti

13.01.2023, 11:40

“Ayollar qanoti” – chinakamiga qanot bo‘lyapti

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbkistonning taraqqiyot strategiyasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hatyotidagi faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan. Ularni bajarish bo‘icha O’zLiDePda ham ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, jadal faoliyat olib bormoqda.

Ishchi guruhning asosiy maqsadlari, masalan, jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda ularga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifati, sog‘lom turmush tarzini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, turarjoyga muhtoj ayollarni uy-joy bilan ta’minlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolganlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlash va hokazo...

Aytish joizki, o‘tgan yilda bu borada partiya “Ayollar qanoti” tomonidan “Bunyodkor ayollar”, “Sog‘lom oila – mustahkam oila”, “Bir deputat – yuz ayolga ko‘makchi!”, “Namunali tomorqachi ayol – farovonlik bunyodkori!”, “Farovon oila”, “Ishbilarmon ayol” loyihalari doirasida 5 568 ta tadbir tashkil etildi.

Ularda 214 ming xotin-qiz ishtiroki qamrab olindi. “Bunyodkor ayollar” loyihasini olaylik.  Xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikma olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va qobiliyatlarini aniqlab, to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida tijorat banklaridan 49 mlrd. 450 mln. so‘m miqdorida  kreditlar olib berilishida ko‘maklashildi. Buning natijasida 4 000 ga yaqin ish o‘rni yaratildi.

“Sog‘lom oila – mustahkam oila” loyihasi doirasida ham samarali amaliy ishlar oshirilganini e’tirof etmoq joiz. Loyiha doirasida 2022 yilda 240 ta bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj,  nogironligi bor oilalar vakillaridan jami 9 758 nafar xotin-qiz bepul ko‘rikdan o‘tkazildi. 

“Namunali tomorqachi ayol – farovonlik bunyodkori!” loyihasi aholining o‘z tomorqalaridan samarali foydalanishi, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarni aniq mahsulot turiga ixtisoslashtirish, tomorqachilikni yo‘lga qo‘ygan tajribali ayollar bilan hamkorlikda mahorat darslarini tashkil etish maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha doirasida huddi shunday 184 ta mahorat darslari tashkil etilib, ularda 5 094 nafar ishtirokchiga saboq berildi.

Jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bugunning muhim vazifalaridandir. “Farovon oila” loyihasi doirasida olib borilgan ishlar natijasi o‘laroq ajrim yoqasida turgan 551 ta nizoli oilani yarashtirishga erishildi.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektor rivojlanishida tadbirkor va fermer xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohotlar mohiyatini ayollar o‘rtasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Ishbilarmon ayol – 2022” ko‘rik-tanlovi ham har yilgidan-da o‘zgacha o‘tkazildi. 10 702 nafar tadbirkor va fermer xotin-qizlardan saralangan 200 dan ortiq ayollar hududiy respublika bosqichlarida bellashdilar. Ko‘rik-tanlov natijasida 67 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti tashkil etilib, partiya safiga 1 057 nafar xotin-qiz qabul qilindi.  

“Bir deputat – yuz ayolga ko‘makchi!” loyihasi doirasida esa “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini hal etish tizimini yanada takomillashtirini  vazifalari ijrosi bo‘yicha 1 585 nafar nafar deputat 22 668 dan ortiq xotin-qizga tibbiy, huquqiy, moddiy ko‘mak berdi. Bunda ularning tadbirkorlar bilan hamkorligi yaxshi natija berdi.

Shunigdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, aholiga yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlarni keng aholi o‘rtasida targ‘ib qilish, hududlarda hurmatga sazovor bo‘lgan mahalla faollari, tadbirkor, fermer, ishbilarmon opa-singillarni partiya safiga jalb etish maqsadida  “O‘zLiDeP ayollari – Yangi O’zbekiston bunyodkori!” loyihasi doirasida har bir mahalla qoshida “O‘zLiDeP faoli – islohotlar targ‘ibotchisi!” klublari tashkil etilmoqda. Bugungi kunga qadar tashkil etilgan 1 950  ta  klubda 16 622 nafar xotin-qiz faoliyat olib bormoqda. Aytganlarimiz aslida bajarmoqchi bo‘lgan ishlarimizning deyarli boshlanishi, xolos. Bu boradagi ezgu ishlarimiz ayni va kelgusi yillarda ham yanada samarali davom ettiriladi.

Sevara MUSLIMOVA,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi

o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    311
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+