O’zLiDePda Yoshlar parlamentiga saylovning Respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda

16.02.2023, 19:09

O’zLiDePda Yoshlar parlamentiga saylovning Respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda

Keyingi yillarda  mamlakatimizda  yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, siyosiy jarayonlarda ularning faolligini oshirishga  katta e’tibor qaratib kelinmoqda. 

Yurtimizda yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligi hamda tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yildan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti”ning tashkil qilinganligi buning yorqin ifodasidir.

Mazkur tashkilot o‘z oldiga juda muhim, dolzarb vazifalarni qo‘ygan. Navqiron avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash,  ularni jamiyatning siyosiy faol qatlamiga aylantirish hamda qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga jalb qilish, qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirish shular jumlasidandir. Bundan tashqari, Yoshlar parlamenti a’zolari yigit-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi. Qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb muammolarini yoshlar ishtirokida muhokama qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi. Qonunchilik texnikasi, qonun loyihalarini yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalari bo‘yicha amaliy muhokamalarni tashkil etadi. Yoshlarning siyosiy bilimlarini oshirishda vakillik organlari bilan hamkorlik qilish ham ushbu tuzilma zimmasidagi vazifalar sirasiga kiradi.

Shu kunlarda O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Yoshlar parlamentiga saylov jarayonlari qizg‘in tus olgan.

 Ta’kidlash joizki, partiya Nizomiga muvofiq saylovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi hamda saylov shartlari belgilangan bo‘lsa, Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mita qarori asosida tashkiliy qo‘mita va hakamlar hay’ati a’zolari tarkibi tasdiqlandi.

Partiya qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) Kengashlarida tashkiliy qo‘mita va hakamlar hay’ati tashkil etildi hamda saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha jami 53 ta okrugda 97 ta tuman qamrab olingan holda saylov shtablari ish boshladi.

Unga muvofiq Yoshlar parlamentiga saylovlar 3 bosqichda o‘tkazilishi belgilandi. Saralashning 1 - bosqichi 23 yanvar – 6 fevral oralig‘ida tegishli okrugdagi tumanlarda tashkil etildi. O’tkazilgan targ‘ibot va tashviqot tadbirlari natijasida saylovda ishtirok etish istagini bildirgan jami 5238 nafar yoshlar tomonidan hujjatlar topshirildi. Tuman (shahar) saralash bosqichidan jami 736 nafar ishtirokchi saylovning keyingi hududiy bosqichiga yo‘llanma oldi.

Shuningdek, saralashning ikkinchi  viloyat bosqichi 6 – 15 fevral oralig‘ida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida tashkil etildi. Hakamlar xay’ati xulosasiga ko‘ra 120 nafar yoshlar respublika bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etildi.

Respublika bosqichiga tavsiya etilgan ushbu yoshlarning 8 nafari tadbirkor, 66 nafari talaba, 13 nafari ma’muriy boshqaruv idoralari xodimi, 24 nafari jamoat tashkilotlari vakili, 9 nafari esa boshqa soha vakillaridan tashkil topgan.

Va nihoyat bugun O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida barcha viloyatlarning saralash bosqichidan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng iqtidorli yoshlar Respublika bosqichida o‘zaro bellashmoqdalar.

Saylovning respublika bosqichida partiyaning mas’ul vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zolaridan tarkib topgan Hakamlar xay’ati nomzodlarni shaffof, odilona baholab borishmoqda.

Ikki kun davomida respublika bosqichi qatnashchilari o‘zlarining saylovoldi dasturi, uning maqsad va vazifalarini taqdimot orqali ko‘rsatishadi, shuningdek nomzodlar nizom talablariga muvofiq savol-javoblar orqali sinovdan o‘tkaziladi.

Nomzodlar bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida ularning qonunchilik borasidagi bilim  va ko‘nikmalari, siyosiy va huquqiy savodxonligi, qonunchilikni takomillashtirish borasidagi takliflari, partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini  yoshlar orasida kengroq targ‘ib qilishga qaratilgan  taklif va fikrlari, o‘zlarining saylovoldi dasturlarini slaydlar orqali  tushuntirib berishga harakat qilishmoqda.

  Munosiblar ichidan eng munosiblarining saralab olinishi, Yoshlar parlamentiga a’zo etib saylanishi partiya manfaati yanada kengroq ifodalanishi, dasturiy vazifalarini samarali ijro etilishiga katta imkoniyatlar yaratadi.

  • Ko'rildi
    171
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+