Yangi qomus ishsizlikdan himoya qiladi

05.04.2023, 14:23

Yangi qomus ishsizlikdan himoya qiladi

Yangilanayotgan Konstitutsiya jonajon O’zbekistonimiz taraqqiyoti, xalqimiz hayoti, huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini ta’minlashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Ishga marhamat” Mono Markazida “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi targ‘ibotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda ham shu haqda so‘z bordi.

Unda so‘z olganlar hozirgi kunda O’zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil borayotgani xususida to‘xtalisharkan, yangilanayotgan Konstitutsiyada ham “Yangi O’zbekiston – ijtimoiy davlat”, degan tamoyil konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlanayotganini alohida e’tirof etishdi.

Mamlakatimizda oxirgi yillarda ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ta’lim olishlari, kasb-hunar o‘rganishlari uchun shart-sharoitlarni yaratish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda bu jarayonlar yangi tahrirda tayyorlanib, umumxalq muhokamasiga havola etilgan Konstitutsiya bilan mustahkamlanmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish singari mas’uliyatni ham o‘z zimmasiga olayotgani e’tiborga molik jihatlardan biridir. Qolaversa, yangilanayotgan Qomusda davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda rag‘batlantirishi aks ettirilayotgani aytib o‘tilgan.

Bu yangi norma ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarni kambag‘allik holatiga tushib qolishining oldini olishga yoki kambag‘allik toifasiga kirib qolgan fuqarolarni undan chiqarish bo‘yicha davlat tomonidan tegishli choralar ko‘rilishiga konstitutsiyaviy kafolat sifatida xizmat qiladi.

Targ‘ibot tadbirida ishtirok etgan markaz tinglovchilari ham mavzu doirasidagi o‘z fikrlarini bayon etisharkan, so‘nggi yillarda yurtimizda aholining ish bilan bandligini ta’minlash yo‘nalishida olib borilayotgan tub islohotlardan mamnunliklarini qayd etishib, umumxalq referendumida faol ishtirok etish har bir fuqaroning el-yurt oldidagi burchi ekanini ta’kidlashdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

Teglar
Referendum
  • Ko'rildi
    146
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+